Eng namunali hokim yordamchilariga 50 foizgacha ustama to‘lanadi
Og‘ir mahallalarda ish o‘rni yaratishga qaratilgan mahalliy mablag‘larga respublikadan 2-3 karra ko‘p resurs qo‘shib beriladi. Yil yakunida har bir tumandan eng yaxshi ikki hokim yordamchisi Xitoy, Yaponiya va Turkiyada malaka oshiradi. Mahalla bankirlari ham shu tartibda o‘qitiladi va xorijga stajirovkaga yuboriladi.
© Ijtimoiy tarmoqlarPrezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida kredit, subsidiya va kompensatsiya shartlarini farmon va qarorlar bilan belgilash amaliyotidan voz kechilishi ma’lum qilindi.
Endi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank hududlar salohiyatidan kelib chiqib, moliyalashtirish mexanizmlarini har chorakda yangilab boradi. Tuman shtablari mahallalardagi hokim yordamchilarini «loyihabay» ishlash tizimiga o‘tkazadi. Buning uchun 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari vazifa bajaruvchi etib tayinlanadi, fidoyi va tashabbuskor kadrlar lavozimiga qayta tayinlanib, ishiga noloyiqlar yangilanadi.
Mutasaddilarga ikki oyda o‘quv markazi tashkil etib, xorijdan mutaxassislar jalb qilish vazifasi qo‘yildi. Ushbu markazda hokim yordamchilari «loyihabay» ishlashga o‘qitiladi. Viloyat shtablari yil yakunida har bir tumandan eng yaxshi ikki nafar hokim yordamchisini Xitoy, Yaponiya va Turkiyaga malaka oshirishga yuboradi.
Eng namunali hokim yordamchilariga alohida malaka darajasi berilib, 50 foizgacha ustama to‘lanadi. Mahalla bankirlarini ham shu tartibda o‘qitish va ularning xorijiy stajirovkasini tashkil etish topshirildi. Bosh prokuraturaga bankirlar va hokim yordamchilarining mustaqil qaror qabul qilishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga ko‘maklashish vazifasi belgilandi.
Joylardagi tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalarini yuritish tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Hozir bu masalalar asosan viloyat darajasida hal qilinayotgani ishlarning cho‘zilishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Tumanni loyihalarning buyurtmachisiga aylantirish va mablag‘larni bevosita joylarga yo‘naltirish ishlarni tezlashtirishi ta’kidlandi.
Og‘ir mahallalarda ish o‘rni yaratishga qaratilgan mahalliy mablag‘larga respublikadan 2-3 karra ko‘p resurs qo‘shib berish taklif qilindi. Endi tadbirkorlik infratuzilmasi uchun tumanga beriladigan mablag‘lar hisobidan loyiha ishlab chiqishga tuman shtabi rahbari mas’ul bo‘ladi.
Tuman shtabiga loyihalash, qurilish va sifat nazoratini xususiy sektorga berishga ruxsat etiladi. Shu bilan birga, shtab rahbari obektlarni belgilangan muddat va sifat talablari asosida foydalanishga topshirilishi uchun javobgar bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oilaviy va yoshlar tadbirkorligi uchun qancha mablag‘ borligi aytilgandi.





