Eron Saudiya Arabistonidagi neft zavodiga zarba berdi
Eron zarbasi sabab «Aramco» neftni qayta ishlash zavodi faoliyatini to‘xtatdi.
© Foto: Bloomberg.comEron 2-mart kuni Saudiya Arabistonidagi «Aramco» kompaniyasiga qarashli neftni qayta ishlash zavodiga dron orqali zarba berdi. «Bloomberg» xabariga ko‘ra, hujum dunyodagi eng yirik neft eksport markazlaridan biri sanalgan Ras Tanura shahrida sodir bo‘lgan.
Korxona kuniga 550 ming barrel neft xomashyosini qayta ishlash quvvatiga ega edi. Dron zarbasidan so‘ng zavod faoliyati to‘xtatildi. Manbalarga ko‘ra, hududda yuzaga kelgan yong‘in nazoratga olingan, hozirda yetkazilgan zarar miqdori baholanmoqda.
Saudiya Arabistoni hukumati va «Aramco» matbuot xizmati hozircha rasmiy izoh bermadi.
Qeskin bozor reaksiyasi
Hodisadan keyin xalqaro bozorlarda neft narxi keskin oshdi. London shahridagi «ICE Futures Europe» birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Brent» neftining may oyi uchun fyuchers shartnomalari 13,04 foizga qimmatlashgan.
1-mart kechqurun bir barrel narxi 82,37 dollarga yetib, 2024 yil iyulidan buyon eng yuqori darajani qayd etdi. Ilk sakrashdan keyin narx biroz pasaygan bo‘lsa-da, o‘sish sur’ati taxminan 9 foiz atrofida saqlanib qoldi.
Tahlilchilar fikricha, bozor ishtirokchilari mintaqadagi harbiy xatarlar uzoq muddatli ta’minot uzilishlariga olib kelishidan xavotirda.
Ho‘rmuz omili
Eron 28-fevral kuni o‘z hududiga berilgan zarbalardan so‘ng Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali savdoni to‘xtatishini e’lon qildi. Mazkur strategik yo‘lak orqali jahon neft ta’minotining qariyb 20 foizi va suyultirilgan gaz yetkazib berishning 30 foizigacha qismi o‘tadi.
Tehron qarori ortidan kamida 150 ta neft tankeri bo‘g‘oz yaqinida to‘planib qoldi. Agar kemalar harakati to‘liq to‘xtatilsa, kuniga 10 million barrelgacha neft tanqisligi yuzaga kelishi mumkin. Bu esa global iste’molning qariyb 10 foiziga teng bo‘lib, energiya bozorida yanada katta beqarorlik xavfini kuchaytiradi.





