Eron urushi global iqtisodiyotga to‘rt to‘lqinda ta’sir qiladi

Ekspertlarining ta’kidlashicha, nizoning ta’siri faqat energiya narxlarining oshishi bilan to‘xtab qolmaydi. U turli sohalarga kirib boradi va yillar davomida saqlanib qoladi.

Eron urushi global iqtisodiyotga to‘rt to‘lqinda ta’sir qiladi

Agar ertagayoq Eron, AQSH va Isroil o‘rtasida tinchlik bitimi e’lon qilinib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qayta ochilsa ham, bu urush tugaganini anglatmaydi.

Urushlar osmonda raketalar uchishdan to‘xtagan kuniyoq yakuniga yetmaydi. Ular global savdo tizimiga yetkazilgan tarkibiy zarar — narx-navo, shartnomalar, moliyaviy hisobotlar va siyosiy legitimlik orqali o‘z ta’sirini to‘liq o‘tkazib bo‘lgandan keyingina haqiqiy ma’noda tugaydi.

Masalan, 1990 yilgi Ko‘rfaz urushining ta’siri o‘nlab yillar davom etganini eslash kifoya. Nizodan so‘ng Iroqning xom neft qazib olish hajmi o‘n yil davomida urushdan oldingi darajaga qayta olmadi. Iroq davlati esa BMT tomonidan belgilangan Quvaytga yetkazilgan 52,4 milliard dollarlik tovon pulini 2022 yilga qadar to‘lab keldi. Xuddi shunday, Ukraina urushining dastlabki kuchli zarbasi 2022 yilda sezilgan bo‘lishi mumkin, ammo u hamon butun dunyo bo‘ylab iqtisodiyotlarni larzaga solmoqda va urush tugagandan keyin ham bu ta’sir davom etaveradi.

Eron urushi o‘z badalini endigina ko‘rsatishni boshladi — bu badalni esa, odatdagidek, nizoni boshlashda hech qanday ishtiroki bo‘lmagan davlatlar to‘laydi. Mazkur urushning global ta’siri to‘rtta to‘lqinda namoyon bo‘ladi.

Birinchi to‘lqin: Energetika va inflatsiya

Birinchi to‘lqinni barcha ko‘rib turibdi. Xom neft narxi o‘zgaradi, uning ortidan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) narxi ko‘tariladi, yuk tashish tariflari keskin oshadi va matbuot energetik inflatsiyani go‘yoki eng asosiy muammodek bong ura boshlaydi.

Aslida unday emas. Bu faqatgina zanjirning boshlanishi, xolos.

Energiya resurslari deyarli barcha savdo tovarlari uchun boshlang‘ich xomashyo hisoblanadi va bu ta’sir bashorat qilsa bo‘ladigan ketma-ketlikda yuz beradi. Masalan, butun dunyo bo‘ylab ammiak ishlab chiqaruvchilar uchun tabiiy gaz umumiy xarajatlarning 70–80 foizini tashkil qiladi. Natijada, davomli gaz inqirozidan bir necha oy o‘tgach, o‘g‘it narxlari ham qimmatlasha boshlaydi.

Hozirgi vaziyat bosimni bir vaqtning o‘zida ikki yo‘nalishda kuchaytirmoqda: bu uzilish jahon bozorini nafaqat STGdan, balki global ammiak eksportining qariyb 30 foizini va jahon karbamid eksportining 35 foizini ta’minlaydigan Ko‘rfaz o‘g‘itlaridan ham mahrum qiladi. Chunki ularning asosiy qismi aynan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tashiladi.

Taxminan ikki ekin mavsumi ichida oziq-ovqat narxlari ham o‘g‘it narxining ko‘tarilishi ortidan ergashadi. 12–18 oy ichida esa sanoat tovarlarining narxi energiya narxlariga moslashadi.

Ikkinchi to‘lqin: Savdo tizimidagi tarkibiy buzilish

Ikkinchi to‘lqin haqida esa deyarli hech kim gapirmayapti. Bu — savdo tizimining o‘ziga yetkaziladigan tarkibiy (arxitekturaviy) zarardir. Inqiroz davrida keskin o‘zgargan yo‘nalish va xarajatlar keyinchalik avvalgi holatiga qaytishni istamaydi.

Qizil dengizda nima sodir bo‘lganini eslang. 2023 yil oxirida husiychilarning kemalarga hujumlari boshlanganidan so‘ng, Bob al-Mandab bo‘g‘ozi orqali konteyner tashuvlari keskin tushib ketdi va karvonlar Yaxshi Umid burni tomon boshqa yo‘nalishga burib yuborildi. Osiyodan Yevropaga qatnaydigan tankerlar uchun tranzit vaqti 16 kundan 32 kungacha cho‘zildi; har bir qatnov uchun qo‘shimcha yoqilg‘i va kapital xarajatlar ko‘rinishidagi yo‘qotish esa 1 million dollarni tashkil etdi.

Mantiqan o‘ylab qaraganda, xavfsizlik ta’minlanganidan keyin kemalar yana eski yo‘liga qaytishi kerak edi. Lekin unday bo‘lmadi. Chunki yuk tashuvchilar, sug‘urta kompaniyalari va savdogarlar allaqachon uzunroq yo‘nalish orqali ishlashga ko‘nikib, o‘z xarajatlarini shu yangi tizimga moslashtirib bo‘lishgan edi. Ortga qaytish esa bozor bajarishni istamagan muvofiqlashtirilgan harakatni talab qilardi. Oradan ikki yil o‘tgan bo‘lsa-da, Qizil dengizdagi qatnov hamon 2023 yilgacha bo‘lgan ko‘rsatkichdan ancha pastligicha qolmoqda.

Uchinchi to‘lqin: Global Janubning qashshoqlashishi

Uchinchi to‘lqin — bu Global Janub (rivojlanayotgan davlatlar) ga ko‘rsatiladigan murakkab iqtisodiy ta’sirdir.

Rivojlangan iqtisodiyotlar energiya va yuk tashishdagi инқирозларни moliyaviy zaxiralar, zaxira valutalari va diversifikatsiya qilingan ta’minotchilar orqali yumshata oladi. Rivojlanayotgan davlatlar esa ushbu zarbalarni importni qisqartirish, milliy valutaning qadrsizlanishi, o‘g‘itlarni me’yorlash va ochlik orqali qabul qilishga majbur. Rivojlangan mamlakatlarda oziq-ovqat uy xo‘jaligi xarajatlarining o‘rtacha 16 foizini tashkil qilsa, kam daromadli davlatlarda bu ko‘rsatkich 44 foizga teng.

Bu shunchaki bozorning tabiiy qonuniyati emas. Bu — qayta taqsimlash. Ya’ni, dunyodagi eng qashshoq oilalarning farovonligini xomashyo eksportchilariga hamda savdo vositachilariga o‘tkazib berish deganidir.

Hech qanday o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bunday nohaq taqsimotni iziga qaytara olmaydi. Birorta ham umumiy shartnoma bu jarayonni bekor qila olmaydi. Chunki urushga yakun yasovchi diplomatik vositalar urush keltirib chiqargan iqtisodiy talofatlarni tuzatish uchun ishlab chiqilmagan. Aksincha, mablag‘larning bunday oqib o‘tishi global iqtisodiyotda o‘ziga xos «yangi me’yor»ga aylanib, tizimga chuqur singib ketadi.

To‘rtinchi to‘lqin: Siyosiy inqirozlar

To‘rtinchi to‘lqin — siyosiy. Ta’minot zanjiridagi larzalar faqatgina moliyaviy hisobotlarda to‘xtab qolmaydi. Ular ijtimoiy shartnomalarga va davlat legitimligiga putur yetkazadi.

«Arab bahori» asosan bug‘doy narxining keskin oshishi siyosiy inqirozga aylanishining natijasi edi. Shri-Lanka hukumatining qulashi pandemiyadan avvalroq boshlangan valuta va qarz inqirozlarining yanada chuqurlashuvi ortidan yuz berdi. Pokistondagi 2022–2023 yillardagi tartibsizliklar esa 2022 yilda jahon energiya narxlarining keskin o‘sishi oqibatida yomonlashgan to‘lov balansi inqirozining mahsuli bo‘ldi.

Eron urushi ortidan kelib chiqadigan inflatsiya to‘lqini birinchi galda Global Janub mamlakatlari uchun eng og‘ir zarba bo‘ladi. Sababi, bu davlatlarning moliyaviy imkoniyatlari o‘ta cheklangan, hukumatlarning xalq oldidagi siyosiy ishonchi tugab bitgan va aholisi pandemiyadan buyon ketma-ket inqirozlardan sillasi qurigan holatda. Ayrim hukumatlar bunday kuchli zarbaga dosh berolmay, qulashi muqarrar.

Oqibatda yuzaga keladigan bu beqarorlik, har doimgidek, global iqtisodiyotni izdan chiqargan urushning kutilgan natijasi deb emas, balki aynan jabr ko‘rgan mamlakat ichidagi «noto‘g‘ri boshqaruv» va «hukumatning layoqatsizligi» sifatida baholanadi.

Теглар

Мавзуга оид