Farg‘ona aeroportida perron 35 yildan so‘ng ilk bor kapital ta’mirlanmoqda

Бугун 15:451 дақиқа

Farg‘ona aeroportida perronni to‘liq yangilash ishlari boshlandi, rekonstruksiya natijasida samolyotlar uchun turish joylari soni 9 tagacha oshiriladi.

Farg‘ona aeroportida perron 35 yildan so‘ng ilk bor kapital ta’mirlanmoqda

Farg‘ona xalqaro aeroportida perronni kapital ta’mirlash ishlari boshlandi. Bu haqda «Uzbekistan Airports» kompaniyasi ma’lum qildi. Loyiha doirasida mavjud infratuzilmani to‘liq yangilash va uni zamonaviy talablarga moslashtirish ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, ta’mirlash ishlari doirasida eskirgan asfalt-beton qoplamasi to‘liq almashtiriladi va mustahkamlanadi. Bu esa perronning uzoq muddatli va xavfsiz ekspluatatsiyasini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ta’mirlash ishlari nimalarni o‘z ichiga oladi?

Shuningdek, perronning barcha elementlari xalqaro aviatsiya xavfsizligi va foydalanish standartlariga muvofiq holatga keltiriladi. Loyiha doirasida muhandislik kommunikatsiyalari, jumladan, suv chiqarish tizimlari ham to‘liq yangilanadi.

Bundan tashqari, perron yoritish tizimi ham modernizatsiya qilinadi. Yangi energiya tejamkor va zamonaviy uskunalar o‘rnatilib, yoritish sifati va samaradorligi oshiriladi. Yoritish machtalari joylashuvini o‘zgartirish ham umumiy samaradorlikni yaxshilashga xizmat qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur obyektda oxirgi bor rekonstruksiya ishlari 1991 yilda amalga oshirilgan bo‘lib, shundan beri kapital ta’mirlash ishlari o‘tkazilmagan.

Ta’mirlash ishlari yakuniga yetgach, perronda samolyotlar uchun turish joylari soni 9 tagacha oshiriladi. Bu mavjud maydonni qayta rejalashtirish, belgilarni yangilash va havo kemalari joylashuvini optimallashtirish orqali amalga oshiriladi.

Теглар

Мавзуга оид