Logo

Farg‘ona vodiysidan Samarqandga tezyurar poyezdda borish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin

Бугун 08:002 дақиқа

Toshkent—Andijon yo‘nalishidagi tezyurar elektropoyezdlar qatnovini Samarqandgacha uzaytirish taklif etilmoqda. Loyihada Farg‘ona vodiysidagi poyezdlar qatnovini ham ko‘paytirish nazarda tutilgan.

Farg‘ona vodiysidan Samarqandga tezyurar poyezdda borish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin © vaqt.uz

Transport vazirligi ishlab chiqqan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, 2027 yil oxirigacha Andijon va Samarqand o‘rtasida tezyurar elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Buning uchun hozirda Toshkent—Andijon yo‘nalishida harakatlanayotgan poyezdlar qatnovini Samarqandgacha uzaytirish taklif etilgan.

Loyiha Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari o‘rtasidagi transport aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan. Hujjat hali qabul qilinmagan: u jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan va 11-noyabrgacha muhokamada bo‘lishi belgilangan.

Poyezdlar qatnovi va transport bog‘lamalari kengaytiriladi

Qaror loyihasida faqat Andijon—Samarqand yo‘nalishini tashkil etish emas, balki poytaxt va Farg‘ona vodiysidagi boshqa temiryo‘l qatnovlarini ham rivojlantirish taklif qilingan.

Xususan, 2027 yil iyulidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatini qamrab oluvchi yagona transport bog‘lamasini shakllantirish rejalashtirilmoqda. U «Toshkent-Shimoliy» va «Toshkent-Janubiy» temiryo‘l vokzallari, Toshkent xalqaro aeroporti hamda poytaxt markaziy avtovokzalini o‘zaro bog‘lashi kerak.

Shuningdek, Chirchiq, Yangiyo‘l, Angren va Olmaliqdan poytaxtga keladigan yo‘lovchilar uchun shahar atrofi elektropoyezdlari qatnovini 1,5 barobarga oshirish taklif qilingan. Yo‘lovchilarning metro bekatlariga o‘tishini yengillashtirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri transferlarni tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

Farg‘ona vodiysida esa 2028 yil oxirigacha Qo‘qon—Pop—Namangan—Andijon—Marg‘ilon—Qo‘qon halqa yo‘nalishi bo‘ylab kunlik elektropoyezdlar qatnovini ikki barobarga oshirish rejalashtirilmoqda.

Loyihada 2030 yilgacha mahalliy yo‘nalishlarda harakatlanadigan elektropoyezdlar sonini 30 taga, yo‘lovchi vagonlari parkini esa 650 taga yetkazish maqsadi ham belgilangan.

Toshkent—Andijon yo‘nalishida tezyurar poyezdlar qatnovi boshlangan

2026 yil 10-sentabrdan Toshkent—Andijon—Toshkent yo‘nalishida Xitoyning CRRC Dalian kompaniyasi ishlab chiqargan elektropoyezd qatnay boshladi. Poyezd Toshkentdan Andijonga Angren, Pop, Qo‘qon va Marg‘ilon orqali borib, yo‘lni 4 soat 15 daqiqada bosib o‘tadi.

O‘zbekiston Turizm qo‘mitasining rasmiy xabariga ko‘ra, birinchi poyezd to‘rt vagondan iborat bo‘lib, 357 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Uning maksimal tezligi soatiga 160 kilometrni tashkil etadi.

21-oktabrdan boshlab shu yo‘nalishda ikkinchi tezyurar elektropoyezd ham qatnay boshladi. «O‘ztemiryo‘lovchi» ma’lumotlariga ko‘ra, ikkinchi poyezd beshta ekonom toifasidagi vagondan iborat bo‘lib, 415 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan.

Теглар

Мавзуга оид