Fond bozoridan aviatsiyagacha. Yaqin Sharqdagi urush bozorlarga qanday ta’sir qiladi?
Tahlilchilar, makrostrateglar va treyderlar AQSH, Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro keskinlashishi yangiliklarini kuzatib, jangovor harakatlar ertaga, 2-mart kuni savdolar ochilishida bozorlarga qanday ta’sir qilishi mumkinligini tushuntirdi.

Valuta va fond bozori
«Pepperstone Group» vakili Maykl Braun Yaqin Sharqdagi mojaro eskalatsiyasiga investorlardan keladigan ochiq reaksiya, ehtimol, riskka moyillikni pasayishi bo‘lishini aytmoqda.
U 2-mart kuni savdolar ochilishida pul oqimini qimmatbaho qog‘ozlar, oltin, yapon iyenasi va Shveysariya frankiga qaratishni kutmoqda. Tahlilchining fikricha, bozor ishtirokchilari aksiya kabi yuqori riskli aktivlardagi ulushini qisqartiradi.
Neft bozori
Ko‘pchilik tahlilchilar fikricha, AQSH va Isroil tomonidan Eronning neft eksport infratuzilmasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berish ehtimoli past, chunki bu narxlarni keskin ko‘tarish, benzin narxi oshishi va mintaqada kengroq oqibatlarga olib kelishi mumkin. Biroq neft bozori narxlarga ehtimoliy ta’minot buzilishi holatlari uchun 5-10 dollar atrofida xavf premiyasini kiritgan, deb yozadi «Barron's».
«Rystad Energy» konsalting kompaniyasi agar bu dam olish kunlari Yaqin Sharqda mojaro kamayish belgisi ko‘rilmasa, xavf premiyasi 2-mart kuni «Brent» navli neft narxini barreliga 10–20 dollarga ko‘tarishi mumkin, deb ogohlantirdi. 27-fevral kuni savdolarda «Brent» 73 dollardan oshgan edi. Mojaroning boshqa Ko‘rfaz davlatlariga kengayishi, neft infratuzilmasiga hujumlar yoki yetkazib berishdagi uzilishlar narxlarni yanada ko‘tarishi mumkin. OPEKning neft qazib olish hajmini oshirish ehtimoliy qarorlari (1-martda qabul qilinishi kerak) narx bosimini biroz yumshatishi mumkin, ammo geosiyosiy xavf baland bo‘lgan sharoitda bu muhim omil hisoblanmaydi.
Maykl Braunning fikricha, bozorlar nafaqat ta’minotdagi ehtimoliy buzilishlarga juda xavotirda bo‘ladi, balki «mojaro qanchalik uzoqqa cho‘ziladi va eskalatsiya xavfi qanday bo‘ladi, ayniqsa vaziyat energiya infratuzilmasiga hujumlarga aylansa yoki Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida muammolar yaratsa» nima bo‘lishiga e’tibor qaratilmoqda.
Neft ta’minoti uchun eng yomon ssenariy – Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopishga urinishidir. Bu chuqur suv yo‘li Saudiya Arabistoni va Iroq kabi asosiy yetkazib beruvchilardan dunyo bo‘yicha neft ta’minotining taxminan beshdan birini tashishda muhim. «Oxford Economics»dan Brijet Peynning ta’kidlashicha, Ho‘rmuzdagi yetkazib berishning kichik buzilishlar ham tankerlar harakati 50 foizga kamayishiga olib kelishi mumkin va bu dunyo neft iste’molining beshdan birini tashuvchi tankerlarga ta’sir qiladi. Bu holat «Brent» narxini 84 dollarga ko‘tarishi mumkin. Agar tranzit to‘liq bir hafta to‘xtatilsa, narx 140 dollarga ko‘tarilishi mumkin. Bu ssenariy bozorlar uchun 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga to‘liq hujumi bilan solishtirilishi mumkin bo‘lgan shok ta’sirini ko‘rsatadi.
Iroqning «State Oil Marketing Organization» (SOMO) xabar berishicha, mamlakatning janubiy terminalidan neft yuklash jarayoni «davom etmoqda». Tankerlar hali ham jadval bo‘yicha navbatda turibdi, dedi «SOMO» rahbari Ali Nizar.
2025 yil iyunda, AQSH aralashgan Isroil va Eron o‘rtasida 12 kunlik urush davomida «Brent» nefti narxi 3 yillik maksimalga – 80 dollardan yuqoriga ko‘tarilgan edi. Biroq Eronning asosiy neft infratuzilmasi zarar ko‘rmagani ma’lum bo‘lgach, narx tezda pasaygan. Tarixiy tahlillarga ko‘ra, taklif qisqarganda neft narxi taxminan 4 foizga o‘sadi, deb ko‘rsatadi u.
«Dushanba kuni treyderlar ehtimol neft sotib olishga harakat qiladi, bu narxlarni ko‘tarishi mumkin. Ammo trend qancha davom etadi – keyingi 24 soatda sodir bo‘ladigan voqealar va qaysi hududlar mojaroga jalb qilinishiga bog‘liq», deb yozadi «Bloomberg».
Havo transporti bozori
«Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashishi ortidan sayyohlar Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi havo qatnovida jiddiy buzilishlar kuzatilishi mumkin, deb ogohlantirdi «Bloomberg Intelligence»ning aviatsiya va mudofaa masalalari bo‘yicha tahlilchisi Erik Ju.
Uning fikriga ko‘ra, bu vaziyatda eng zaif nuqtadagi aviakompaniyalardan biri — «IndiGo», chunki Janubiy Sharq mintaqasiga yaqinligi va Pokistan havo maydonining yo‘qligi ularga ta’sir qilishi mumkin. Shuningdek, «Virgin Australia» ham qiyinchilikka duch kelishi mumkin, chunki uning xalqaro reyslarining taxminan yarmini Doxa bilan bog‘liq.
AQSH Eronga qarshi «katta operatsiya» boshlaganini e’lon qilgandan so‘ng, «Wizz Air» 7-martgacha Isroil, Dubay, Abu-Dabi va Ammanga parvozlarni to‘xtatdi. Shuningdek, «Air France» Tel Aviv va Bayrut yo‘nalishlarini bekor qildi, «Lufthansa» ham shu qarorni qabul qildi.
Shuningdek, Ko‘rfaz davlatlari, jumladan BAA va Kuvayt, AQSH harbiy bazalariga Eron zarbalari ortidan o‘z havo maydonini yopdi. Dunyodagi eng yirik xalqaro aviakompaniyalardan biri – «Emirates»ning e’lon qilishicha, mintaqaviy havo maydonining yopilishi bir qator reyslarning bajarilishida buzilishlarga olib keldi.





