Logo

Haftalik narxlar: Yil boshidan buyon birinchi marta go‘sht narxi arzonladi

Vaqt.uz Markaziy bank ma’lumotlari asosida eng muhim oziq-ovqat mahsulotlarining haftalik narxlaridagi o‘zgarishlarni muntazam tahlil qilib boradi.

Haftalik narxlar: Yil boshidan buyon birinchi marta go‘sht narxi arzonladi

Markaziy bankning «narxtahlil.uz» platformasida e’lon qilingan haftalik ma’lumotlarga ko‘ra, hafta davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxida turlicha o‘zgarishlar kuzatildi.

Mol va qo‘y go‘shti mahsulotlarining narxi yil boshidan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etgan bo‘lsa, sabzavot va mevalarda ham mavsumiy arzonlashuv kuzatildi. Shuningdek, mol go‘shtining eng yuqori narxi Toshkent shahri va Jizzax viloyatiga,  eng arzon narx esa Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ri kelmoqda.

Vaqt.uz 10-17-iyundagi eng muhim 15 xil oziq-ovqat mahsulotlari narxini tahlil qildi.

Asosiy mahsulotlar

Hafta davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi nisbatan barqaror bo‘ldi. Xususan, paxta yog‘i narxi 20 ming 210 so‘mga tushib, 0,1 foizga arzonlashdi. Kungaboqar yog‘i esa 21 ming 441 so‘mga yoki 0,3 foziga tushgan bo‘lsa, o‘tgan haftada kungaboqar yog‘i narxi ko‘tarilgan edi. Lekin amalda narxi o‘zgarmagan.

Un mahsulotlari segmentida ham narxlar sezilarli darajada o‘zgarmadi. Birinchi nav un narxi o‘tgan haftadagi o‘tgan haftadagi 6 ming 252 so‘mdan 6 ming 241 so‘mga tushdi. Oliy nav un esa 0,1 foziga arzonlab, 9 ming 356 so‘mni tashkil qildi.

Go‘sht mahsulotlari narxi esa sezilarli darajada pasaydi. Masalan, o‘tgan hafta mol go‘shti narxi 0,3 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, bu hafta 0,1 foizga pasaydi. Natijada mol go‘shtining o‘rtacha narxi 122 ming 547 so‘mni tashkil qildi. Qo‘y go‘shti ham ketma-ket uchinchi hafta o‘sgan bo‘lsa-da, joriy haftada qo‘y go‘shti narxi 0,2 foizga pasaydi va 133 ming 447 so‘mga tushdi.

Mol va qo‘y go‘shti bozorida ulgurji segmentida narxlar nisbatan tushayotgan bo‘lsa-da, chakana savdoda narxlar deyarli o‘zgarmagan. Bu holat chakana va ulgurji bozor o‘rtasidagi tafovut saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.

Tuxum, guruch va shakar kabi kundalik iste’mol mahsulotlari narxida esa sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi. Tuxum va tovuq go‘shti narxi mos ravishda 1,1 va 0,5 foizga arzonladi. Mazkur mahsulotlarda narxlarning deyarli o‘zgarmagani bozorda talab va taklif o‘rtasidagi muvozanat saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Sut mahsulotlari narxi 0,4 foizga pasayib, 7 ming 771 so‘mni tashkil etdi. Bu mahsulot narxi o‘tgan haftada o‘zgarishsiz qolgan edi. Shakar narxi esa 13 ming 155 so‘mga tushib, 0,6 foizlik tushishni qayd etdi. Shuningdek, guruch narxi 2 foizga o‘sib, 14 ming 430 so‘mga yetdi.

 

Mahsulot

10.06.2026

17.06.2026

O'zgarish (%)

Paxta yog‘i (1 litr)

20 234

20 210

-0,1%

Kungaboqar yog‘i

21 495

21 441

-0,3%

Un (1-nav)

6 252

6 241

-0,2%

Mol go‘shti (1 kg)

122 724

122 547

-0,1%

Qo‘y go‘shti (1 kg)

133 698

133 447

-0,2%

Tuxum

11 696

11 566

-1,1%

 

Sabzavotlar

Sabzavot bozorida mavsumiy arzonlashuv tendensiyasi davom etdi. O‘tgan hafta baqlajon 19 foizga arzonlashgan bo‘lsa, bu hafta ham uning narxi yana tushib 15,2 foizga pasaydi.

Pomidor narxi ham ketma-ket to‘rtinchi hafta keskin tushmoqda. Hafta davomida pomidor 14,7 foizga arzonlab, 6 ming 699 so‘mni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, o‘tgan hafta ushbu mahsulot narxi 20,7 foizga pasaygan edi.

Bodring narxi ham arzonlashishda davom etdi. Uning o‘rtacha narxi 5 ming 801 so‘mni tashkil etib, bir hafta ichida 9,8 foizga pasaygan. O‘tgan haftada esa bodring 6 ming 433 so‘mdan sotilgan edi.

Kartoshka va piyoz mahsulotlarida ham narxlar pasayishi kuzatildi. Kartoshka narxi 9,7 foizga arzonlab, 5 ming 034 so‘mga tushdi. Piyoz esa 2 ming 345 so‘mdan  2 ming 330 so‘mga pasaydi. Qizig‘i, piyoz mahsuloti o‘tgan hafta eng yuqori o‘sishni qayd etib, 2 ming 271 so‘mga yetgan.

Sabzi va karam narxlarida esa aksincha o‘sish kuzatildi. Sabzi narxi esa 7,2 foizga oshib, 3 ming 995 so‘mga yetdi va sabzi boshqa sabzavotlarga nisbatan eng keskin oshgan mahsulot bo‘ldi. 1 kg karam narxi esa 3 ming 578 so‘mga yetib, o‘tgan haftaga nisbatan 1,4 foizga qimmatlashdi.

Ayrim sabzavotlarda narxlarning oshishi yangi hosil hajmi hali to‘liq shakllanmagani bilan izohlanishi mumkin. Shu bilan birga, bozorga yangi hosillarning ko‘proq kirib, kelishi pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri kabi mahsulotlar narxining keskin pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

Mahsulot

10.06.2026

17.06.2026

O'zgarish (%)

Kartoshka (1 kg)

5 572

5 034

-9,7%

Piyoz (1 kg)

2 345

2 330

-0,6%

Sabzi (1 kg)

3 726

3 995

+7,2%

Pomidor (1 kg)

7 856

6 699

-14,7%

Bodring (1 kg)

6 433

5 801

-9,8%

 

Mevalar

Mevalar segmentida esa aksariyat mahsulotlar narxining pasaygani kuzatildi. Eng katta pasayish uzum narxida qayd etilib, bir hafta davomida 6,7 foizga arzonlashdi. Natijada 1 kg uzumning o‘rtacha narxi 30 ming 215 so‘mni tashkil qildi. Ushbu mahsulot ketma-ket ikkinchi hafta arzonlashayapti.

Olma va nok mahsulotlari narxlarida ham pasayish tendensiyasi saqlanib qolmoqda. Xususan, olma narxi hafta davomida 4,3 foizga arzonlashib, 14 ming 864 so‘mga tushdi.

Shuningdek, nok narxi ham pasayishda davom etdi. Uning 1 kg narxi 20 ming 600 so‘mni tashkil qildi. Bu narx o‘tgan haftaga nisbatan 1,1 foizga arzonlagan.

Limon narxi esa aksincha o‘sishda davom etmoqda. O‘tgan hafta mahsulot 0,4 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, bu hafta ham o‘sish saqlanib 0,5 foizni tashkil qildi. Natijada 1 kg limonning o‘rtacha narxi 49 ming 047 so‘mni tashkil qildi.

Umuman olganda, mevalar bozorida narxlar pasayish tendensiyasini ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, limon mahsulotining narxi esa oshmoqda.

Mahsulot

10.06.2026

17.06.2026

O'zgarish (%)

Olma

15 524

14 864

-4,3%

Nok

20 834

20 600

-1,1%

Limon

48 807

49 047

+0,5%

Uzum

20 509

19 134

-6,7%

 

Hafta davomida oziq-ovqat bozorida turlicha tendensiya kuzatildi. Go‘sht mahsulotlari yil boshidan buyon birinchi marta narxlar pasaygan bo‘lsa, sabzavot va mevalarda mavsumiy arzonlashuv kuchaydi. Ayniqsa, pomidor va bodring narxining keskin pasayishi bozorda yangi hosillar kirib kelayotganligini ko‘rsatadi. Aksariyat iste’mol mahsulotlarining narxlari esa barqaror saqlanib qolmoqda.

Hududlar kesimida go‘sht narxlari qanday?

10-iyun holatiga ko‘ra, mol go‘shti narxlari hududlar kesimida sezilarli darjada farq qilmoqda. Respublika kesimida o‘rtacha narx 123 ming so‘m atrofida bo‘lsa-da, ayrim viloyatlarda bu ko‘rsatkich sezilarli darajada yuqori, ayrim hududlarda esa nisbatan past saqlanmoqda. Bu esa go‘sht bozorida hududiy tafovut saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Hudud

10.06.2026

17.06.2026

O'zgarish (%)

Xorazm viloyati

115 860

116 726

+0,75%

Qoraqalpog‘iston

108 465

109 136

+0,62%

Surxondaryo viloyati

125 484

126 093

+0,49%

Qashqadaryo viloyati

120 780

120 980

+0,17%

Andijon viloyati

126 248

126 426

+0,14%

Buxoro viloyati

117 338

117 294

-0,04%

Toshkent shahri

132 545

132 411

-0,10%

Navoiy viloyati

118 652

118 375

-0,23%

Samarqand viloyati

126 093

125 798

-0,23%

Namangan viloyati

126 825

126 439

-0,30%

Toshkent viloyati

123 962

123 492

-0,38%

Sirdaryo viloyati

123 825

123 226

-0,48%

Farg‘ona viloyati

124 656

123 988

-0,54%

Jizzax viloyati

130 521

127 684

-2,17%

 

Xususan, eng qimmat narx Toshkent shahri va Jizzax viloyatida qayd etildi. Toshkent shahrida 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha narxi 132 ming 411 so‘mni, Jizzax viloyatida esa 127 ming 684 so‘mni tashkil qildi.

Eng arzon mol go‘shti Qoraqalpog‘iston Respublikasida sotilmoqda. Bu yerda 1 kg go‘shtning o‘rtacha narxi 109 ming136 so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, Navoiy viloyatida 118 ming 375 so‘m va Buxora 117 ming 294 so‘mlik narxlar ham respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan past bo‘lib qolmoqda.

Shunday qilib, eng qimmat va eng arzon hududlar o‘rtasidagi farq qariyb 23 ming so‘mni tashkil etmoqda. Bu esa bitta mahsulot narxida hududlar bo‘yicha sezilarli tafovut borligini ko‘rsatadi.

Haftalik o‘zgarishlar bo‘yicha ham hududlar kesimidagi farqlar turlicha. Jizzax viloyatida mol go‘shti narxi eng katta pasayishni qayd etib, bir hafta ichida 2,17 foizga arzonlashgan. Qizig‘i, Jizzax viloyati hududlar kesimida mol go‘shti narxi bo‘yicha eng yuqori o‘rinni egallagan. Ushbu ko‘rsatkich boshqa hududlarga nisbatan ancha yuqori bo‘lib, Farg‘ona 0,54 foizga, Sirdaryo 0,48 foizga va Toshkent viloyati 0,38 foiz dagi pasayishlardan bir necha barobar ko‘pdir.

Tumanlar kesimida esa mol go‘shtining arzonlashuvi Quvasoyda kuzatilgan. Eng qimmat mol go‘shti esa 136 ming 818 so‘m bilan Yunusobod saqlanib turibdi. Joriy yil boshidan buyon mol go‘shtining arzonlashishini bir qancha omillar ta’sir qiladi.

«Deyarli 6 oy davom etgan rallidan keyin go‘sht narxining o‘sishdan to‘xtashi havoning isib borishi o‘laroq talabning mavsumiy susayishi, shuningdek, import kanallarida logistik to‘siq va muammolarning yechilayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin», – deb holatni iqtisodchi Otabek Bakirov baholagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 3-10-iyun holatidagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishini ham tahlil qilgan edik.

Теглар

Мавзуга оид

Haftalik narxlar: Yil boshidan buyon birinchi marta go‘sht narxi arzonladi | Vaqt.uz