«Hamma tonnalab shakar yeyapti» — Surxondaryo viloyati hokimi

Бугун 15:512 дақиқа

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan gapi noto‘g‘ri talqin qilinayotgani ma’lum qilindi.

«Hamma tonnalab shakar yeyapti» — Surxondaryo viloyati hokimi © Surxondaryo viloyati hokimligi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning «hamma tonnalab shakar yeyapti» degan bayonoti internetda keng tarqalib, jamoatchilik o‘rtasida turli bahslarga sabab bo‘ldi.

«Kechagina olimni olib kelib, shakarning zararini o‘rgattirdim. Hamma tonnalab shakar yeyapti. Biz hozir 1000 tonna shakarning Surxandaryodagi importini qisqartirsak, shakarning bozordagi narxi arzon bo‘ladi. Nima uchun 3000 tonna asal ishlab chiqaryapmiz? Nega, asal yemaymiz biz?», degan edi hokim tarqalgan videoda.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari munosabati

Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mazkur fikrlarga turlicha munosabat bildirdi. Ayrimlar asal narxi shakarga nisbatan ancha qimmat ekanini, bir kilogramm asal puliga bir necha kilogramm shakar sotib olish mumkinligini qayd etdi.

Rasmiy izoh

Viloyat hokimi matbuot kotibi Murodbek Davlatov ushbu holat yuzasidan izoh berib, tarqalgan video umumiy kontekstdan uzib olinganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, mazkur bayonot 11-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda aytilgan bo‘lib, unda ta’lim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy muassasalar uchun oziq-ovqat ta’minoti muhokama qilingan.

«Yig‘ilishda viloyat hokimi tomonidan mas’ullar va ta’minotchi korxonalar rahbarlariga shakar o‘rniga tabiiy asal va mevalardan olingan mahsulotlardan kengroq foydalanish bo‘yicha berilgan tavsiyalar noto‘g‘ri talqin qilingan holda tarqatilmoqda», dedi matbuot kotibi.

Matbuot kotibi ta’kidlashicha, hokim tomonidan berilgan tavsiyalar bolalar, bemorlar, sportchilar va harbiylar uchun sog‘lom ovqatlanishni ta’minlashga qaratilgan. Shuningdek, shakar iste’molining inson salomatligiga salbiy ta’siri ilmiy jihatdan asoslangani ham qayd etilgan.

Теглар

Мавзуга оид