Havo ifloslanishi Alsgeymer xavfini 8,5 foizga oshiradi

18.02.2026 | 18:002 дақиқа

Tadqiqotlarga ko‘ra, havo ifloslanishi insonlarda Alsgeymer xavfini oshiradi. Insult va gipertoniyasi bor bemorlarda xavf yanada yuqori.

Havo ifloslanishi Alsgeymer xavfini 8,5 foizga oshiradi

AQSHlik olimlar o‘tkazgan yirik tadqiqot havodagi aerozollar va mayda chang zarrachalari Alsgeymer kasalligi rivojlanish ehtimolini o‘rtacha 8,5 foizga oshirishini ko‘rsatdi. Ayniqsa, insultni boshdan kechirgan bemorlarda ushbu xavf 10 foizgacha, gipertoniya bilan og‘rigan shaxslarda esa 9,7 foizgacha ortishi kuzatilgan. Tadqiqot natijalari PLoS Medicine ilmiy jurnalida e’lon qilingan.

Yirik ko‘lamli kuzatuv natijalari

Tadqiqot Emori universiteti professori Kayl Stinlend rahbarligida amalga oshirilgan. Olimlar 2000–2018 yillar oralig‘ida 65 yoshdan oshgan 27,8 milliondan ortiq AQSH fuqarosining sog‘liq holatini tahlil qildi. Ushbu shaxslar Medicare davlat tibbiy sug‘urta dasturi orqali muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tib kelgan.

18 yillik kuzatuv davomida qariyb 3 million holatda Alsgeymer kasalligi tashxisi qo‘yilgan. Bu olimlarga havo ifloslanishi darajasi bilan demensiya rivojlanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni statistik jihatdan aniq baholash imkonini bergan.

Miyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir

Olimlar havodagi PM2.5 kabi mayda zarrachalar miqdori yuqori bo‘lgan hududlarda uzoq vaqt yashagan aholida kasallik xavfi sezilarli darajada yuqori ekanini aniqladi. Muhim jihati shundaki, xavfning oshishi faqat insult yoki gipertoniya orqali emas, balki zarrachalarning miyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri bilan izohlanadi.

Tahlillarga ko‘ra, xavf oshishining atigi 1–4 foizi havo ifloslanishi orqali boshqa surunkali kasalliklarni kuchaytiradi. Qolgan qismi esa neyrotoksik ta’sir natijasida yuzaga keladi. Bu mayda zarrachalar qon-miya to‘sig‘ini buzib, yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytirishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Jahon miqyosidagi xavf

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili taxminan 7 million kishi atmosfera ifloslanishi oqibatida vafot etadi. Mutaxassislar bu raqam amalda bundan ham yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Yirik shaharlarda avtomobil chiqindilari, sanoat korxonalari chiqindilari va quyosh nurlari ta’sirida hosil bo‘ladigan aerozol zarrachalari inson organizmiga oson kirib boradi. Ular nafaqat o‘pka va yurak-qon tomir tizimiga, balki miya faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Olimlar havo sifatini yaxshilash, sanoat va transport chiqindilarini kamaytirish demensiya xavfini pasaytirishda muhim omil bo‘lishini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, ekologik siyosat sog‘liqni saqlash strategiyasining ajralmas qismiga aylanishi zarur.

Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham havo ifloslanish jarayonlari tez-tez kuzatilmoqda. Hukumat ifloslanishga qarshi bir qancha ishlarni amalga oshiryapti. Xususan, 2026 yilda havo tozaligini ta’minlash uchun 548 milliard so‘m ajratildi.

Avvalroq Vaqt.uz havo sifati inson salomatligi uchun xavfli darajaga chiqqanda nima qilish kerakligi haqida maqola e’lon qilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид