Logo

Ishdan bo‘shatish haqidagi buyruqni SMS orqali yuborishga ruxsat berilishi mumkin

Бугун 17:492 дақиқа

Xodimni ishdan bo‘shatish haqidagi buyruq nusxasini SMS, elektron pochta yoki elektron tizimlar orqali yuborishga ruxsat berish taklif qilinmoqda.

Ishdan bo‘shatish haqidagi buyruqni SMS orqali yuborishga ruxsat berilishi mumkin © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda xodimlarga mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruq nusxasini SMS-xabar orqali yuborishga ruxsat berilishi mumkin. Bu taklif nazarda tutilgan qonun loyihasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.

Hujjatga ko‘ra, ishdan bo‘shatish haqidagi buyruq nusxasini pochta, elektron pochta, «Yagona milliy mehnat tizimi»dagi shaxsiy kabinet yoki kelishilgan boshqa internet dasturlari orqali ham yuborish taklif etilmoqda.

Xabarda mehnat shartnomasi bekor qilingan sana va asoslari ko‘rsatilishi kerak. Shuningdek, ishga tiklash bilan bog‘liq mehnat nizolari bo‘yicha uch oylik da’vo muddati buyruq nusxasi topshirilgan yoki tegishli SMS-xabar yuborilgan kundan boshlab hisoblanishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, ish beruvchi ogohlantirish muddatini pul kompensatsiyasi bilan almashtirgan hollarda kasaba uyushmasi va mahalliy mehnat organlariga tegishli ma’lumotlarni kompensatsiya to‘lash haqidagi buyruq rasmiylashtirilishidan oldin taqdim etishi taklif qilinmoqda. Qonun loyihasi bo‘yicha fikr-mulohazalarni 9-dekabrgacha bildirish mumkin.

«Ish o‘rganuvchi stajyor» instituti

Loyihada Mehnat kodeksiga «ish o‘rganuvchi stajyor» institutini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga muvofiq, birinchi marta yoki boshqa sohada ish qidirayotgan fuqarolar uch oygacha bo‘lgan muddatda kasbiy stajirovkadan o‘tishi mumkin. Bunda ish beruvchi stajirovka uchun haq to‘lash yoki to‘lamaslik masalasini mustaqil hal qiladi.

Stajirovka davomida fuqarolar real ish muhitida amaliy ko‘nikma orttirishi, ish beruvchilar esa ularning malakasi va tashkilotga mosligini baholashi mumkin bo‘ladi. U kasbiy shartnoma asosida tashkil etilib, yakunida stajyorga sertifikat berilishi nazarda tutilgan. Ilgari shu ish beruvchida ishlab chiqarish ta’limi yoki qayta tayyorlashdan o‘tgan va tegishli kasb bo‘yicha ishga qabul qilingan shaxslar uchun stajirovka talab etilmaydi.

Shu bilan birga, oliy ta’limda masofaviy shaklda o‘qiyotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyalarida qatnashish uchun yiliga kamida 15 kalendar kun o‘quv ta’tili berilishi taklif qilinmoqda. Ish beruvchi ularning sessiyada qatnashish uchun borib-kelish yo‘lkira xarajatlarining kamida 50 foizini ham qoplashi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, masofaviy ta’limda o‘qiyotgan xodimlar uchun moslashuvchan ish vaqti rejimini qo‘llashga ruxsat berish va «tegishli darajadagi ta’lim» tushunchasiga aniqlik kiritish taklif etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ish joyidagi tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi milliy dastur boshlangani haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид