Logo

«Kamida uchta bank nazarda tutilgan» — Markaziy bank islomiy banklar soni oshishi mumkinligini bildirdi

Бугун 17:242 дақиқа

Samarqandda tashkil qilingan xalqaro islom moliyasi forumida Vaqt.uz muxbiri bilan suhbatda Markaziy bank vakili O‘zbekistonda islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish uchun 10 ga yaqin bank qiziqish bildirgani, qonunchilik talablariga javob beradigan banklarga qo‘shimcha litsenziyalar berilishi mumkinligini ma’lum qildi.

«Kamida uchta bank nazarda tutilgan» — Markaziy bank islomiy banklar soni oshishi mumkinligini bildirdi

27–28-avgust kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro islom moliyasi forumida Vaqt.uz muxbiriga ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda 10 ga yaqin tijorat banki islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirgan. Markaziy bank taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqmoqda. Qonunchilik talablariga javob beradigan banklarga qo‘shimcha litsenziyalar berilishi kutilmoqda.

Arizalar ko‘rib chiqilmoqda, yangi litsenziyalar berilishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki litsenziyalash va ruxsat berish tartibotlari departamenti katta mutaxassisi Hamidulla Xoliqovning aytishicha, islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish uchun taqdim etilgan arizalar ko‘rib chiqilmoqda. Talablarni bajargan banklarga litsenziyalar berilishi mumkin.

«Arizalar ko‘rib chiqilmoqda va tez orada qo‘shimcha litsenziyalar berilishi kutilmoqda. Agar taqdim etilgan hujjatlar va arizachilar qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lsa, ularga litsenziyalar beriladi», — dedi Xoliqov.

Uning ta’kidlashicha, islomiy moliya xizmatlarini joriy etish bo‘yicha banklarning o‘z rejalari va qarorlari muhim ahamiyatga ega. Chunki tijorat banklari mustaqil faoliyat yurituvchi tashkilotlar bo‘lib, bu boradagi qarorlar, jumladan, aksiyadorlarning pozitsiyasiga ham bog‘liq.

Markaziy bank banklar soni bo‘yicha qat’iy reja belgilamaydi

Xoliqovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank regulyator sifatida kelgusi yillarda nechta bank islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yishi yoki qancha litsenziya berilishi bo‘yicha alohida reja belgilamaydi. Bunday qarorlar banklarning tashabbusi va qonunchilik talablarini bajarishiga bog‘liq.

«Bizning kutilmalarimiz hozir taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra ancha baland. Lekin bu narsa ko‘pincha tadbirkorning o‘ziga bog‘liq. Agar aksiyadorlar islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatishga qaror qilsa va hujjatlarni qonunchilikka muvofiq taqdim etsa, Markaziy bank tomonidan litsenziya berilishi kutilmoqda», — dedi u.

2030-yilgacha kamida uchta bankda islomiy moliya xizmatlari

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasida 2030 yilgacha uchta bankda islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, 2027 yilda esa kamida bitta bankda bunday xizmatlarni joriy etish maqsadi belgilangan.

Xoliqovning ta’kidlashicha, 2027 yilga yetmasdan turib, strategiyada ko‘zda tutilgan dastlabki bosqich bajarilgan.

Vaqt.uz muxbiri belgilangan talablarga javob beradigan banklar soni beshtaga yetsa, Markaziy bank uchta bilan cheklanmay, ko‘proq bankka litsenziya berishi mumkinmi, deb so‘radi.

«Albatta. Strategiyada keltirilgan sonlarda “kamida” degan jumla ham ishlatilgan. Ya’ni kamida uchta bank nazarda tutilgan. Qonunchilik talablariga muvofiq tashkil etiladigan bo‘lsa, bu sonlar o‘zgarishi mumkin», — dedi Markaziy bank vakili.

Demak, uchta bank ko‘rsatkichi yuqori chegara hisoblanmaydi. Boshqa banklar ham belgilangan talablarni bajarsa, islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklar soni oshishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun ilk litsenziyani «Open bank»ka topshirdi. Tegishli qaror 23-oktabr kuni qabul qilingan.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 227

Барчаси

Мавзуга оид