Logo

O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun ilk litsenziya berildi

Bugun 11:332 daqiqa

Markaziy bank islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun ilk litsenziyani «Open bank» ga topshirdi. Tegishli qaror 23-oktabr kuni qabul qilingan.

O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun ilk litsenziya berildi

Markaziy bank «Open bank» aksiyadorlik jamiyatiga islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun mamlakatdagi ilk litsenziyani berdi. Tegishli qaror 2026-yil 23-oktabrda qabul qilingan.

Xususan, Markaziy bank boshqaruvining 28/1-sonli qaroriga muvofiq, «Open bank» AJga islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi 1-I-sonli litsenziya topshirildi.

Qayd etilishicha, litsenziya O‘zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonuni 5¹-moddasida nazarda tutilgan islomiy moliya operatsiyalarini amalga oshirishni qamrab oladi.

Markaziy bank bank xizmatlaridan foydalanishdan avval moliya tashkilotining tegishli litsenziyaga ekanini regulyatorning rasmiy veb-sayti orqali tekshirishni tavsiya qildi.

Bank haqida

«Open bank» 2022-yil 24-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Org.info ma’lumotlarga ko‘ra, bankning ustav fondi 500 mlrd so‘mni tashkil etadi. Uning rahbari To‘rayev Azamat Shuhratovich, ta’sischisi esa «Future Open Technology Group» AJ bo‘lib, u kompaniyaning 100 foiz ulushiga egalik qiladi.

2025-yil sentabrida «Open bank» avvalgi «Smartbank» nomini o‘zgartirgan edi. O‘shanda bank aksiyalarining 85,1 foizi «Future Open Technology Group» kompaniyasiga, 10 foizi Komilxo‘ja Sultonovga va 4,9 foizi Zafar Adilovga tegishli bo‘lgan.

Islomiy banklar faoliyati haqida

Avvalroq Vaqt.uz O‘zbekistonda islomiy banklarni litsenziyalash tartibi tasdiqlangani haqida xabar bergan edi.

«Al Mualamat Consulting» vakili Hayotjon Azimovning Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, islomiy bank tizimini yo‘lga qo‘yish faqat litsenziya berish bilan cheklanmaydi. Bunda banklarning axborot texnologiyalari tizimlarini moslashtirish, islomiy va an’anaviy moliya operatsiyalari hisobini ajratish hamda omonatlarni kafolatlash mexanizmlarini ishlab chiqish ham muhim ahamiyatga ega.

Bugungacha 17 ta tijorat banki, jumladan davlat banklari ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olishga ariza topshirgan.

Shuningdek, islomiy banklar faoliyatida mablag‘lar va hisoblarni ajratish talabi qonunchilik hamda Markaziy bank nizomlarida belgilangan. Islomiy omonatlarni kafolatlash jamg‘armasini tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid