Logo

Kichik biznesni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi choralar belgilandi

Бугун 13:153 дақиқа

Kredit va boshqa moliyaviy resurslarni taqsimlashda vakolatlar kengaytiriladi. 2026-yil oxirigacha tuman (shahar) shtablari ixtiyoriga jami 3,2 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Kichik biznesni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi choralar belgilandi © Ijtimoiy tarmoqlar

2026-yil 1-oktabrdan o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar hamda kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga ular olgan kredit foizlarining bir qismi kompensatsiya qilib beriladi. Bu xaqda prezidentning 2026-yil 11-sentabrdagi PF-193-son «Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida so‘z boradi.

Farmonga muvofiq, kredit foizlarining bir qismini qoplab berishga tuman yoki shahar shtabining tegishli qarori asos bo‘ladi. Kompensatsiya Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi yoki belgilangan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Masalan, tadbirkor ishlab chiqarishni kengaytirish uchun bankdan kredit oldi. U kreditning asosiy summasi va foizlarini to‘laydi. Agar loyiha bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinsa, foiz xarajatining bir qismi qoplanadi. Natijada tadbirkorning kredit bo‘yicha yuklamasi kamayadi.

Kredit tarixi bo‘yicha qo‘shimcha talab qo‘yilmaydi

Kompensatsiya berish uchun tadbirkorga kredit tarixi va barqarorlik reytingi kabi qo‘shimcha shartlar qo‘yilmaydi. Oilaviy hamda yoshlar tadbirkorligi dasturlari bo‘yicha imtiyozli kredit resurslari mahalliy sharoitdan kelib chiqib belgilanishi mumkin.

2026-yil yakuniga qadar tuman va shahar shtablari ixtiyoriga jami 3,2 trln so‘m o‘tkazib beriladi. Mablag‘ning 1,37 trln so‘mi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlariga, 450 mlrd so‘mi yoshlar tadbirkorligi dasturlariga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasidan foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun 300 mlrd so‘m ajratiladi.

«Saxovat va ko‘mak», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalaridan 760 mlrd so‘m, Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasidan 240 mlrd so‘m, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan esa 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.


Ehtiyojmand oilalarni biznesga jalb qilgan tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha kredit

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni kooperatsiyaga jalb qilgan lider tadbirkorlar uchun 5 milliard so‘mgacha garov ta’minotisiz kredit ajratilishi mumkin. Bunda jalb qilingan har bir oila uchun 50 mln so‘mgacha hisob-kitob qilinadi.

Ehtiyojmand oilalarni aniqlash tizimi

2027-yil 1-yanvardan oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritishda faqat ularning moliyaviy holatiga qarab baholashdan ko‘ra kengroq mezonlardan foydalanish belgilanmoqda. Bunda oiladagi surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi, oilaning ko‘p bolali ekani kabi omillar ham hisobga olinadi. Ko‘p o‘lchovli baholash tizimi doirasida oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi orqali baholanib, uning natijalariga ko‘ra oilalar tegishli toifalarga ajratilgan holda ijtimoiy yordam va xizmatlar bilan qamrab olinadi.

Ishlayotgan ayollarga bola parvarishi nafaqasi

Mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga homiladorlik va farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar ijtimoiy sug‘urta tomonidan bola parvarishi nafaqasi to‘lash tartibi joriy etiladi. Bundan tashqari, davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarining bir qismi vaucher orqali taqdim etiladi.

Ayrim oilalarga foizsiz kreditlar

Ijtimoiy reyestrning «davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kirganlarga oilaviy tadbirkorlik dasturlarida qo‘shimcha foizsiz kreditlar ham ajratiladi. Buning uchun 2026-yilda 100 mlrd so‘m, 2027-yilda esa 300 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan. Bunda ajratilgan kreditlarning foiz xarajatlarini qoplash uchun davlat budjetidan 50 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.

Kamron Hasanov

Теглар

Мавзуга оид

Kichik biznesni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi choralar belgilandi | Vaqt.uz