Logo

Konditsionersiz avtobuslar bo‘yicha berilgan izoh, jarimaga tortilgan banklar va 10 baravar oshirilishi kutilayotgan issiqxona solig‘i — 20-iyul dayjesti

Кеча 23:083 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Konditsionersiz avtobuslar bo‘yicha berilgan izoh, jarimaga tortilgan banklar va 10 baravar oshirilishi kutilayotgan issiqxona solig‘i — 20-iyul dayjesti

O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar soni ilk bor 20 mingdan oshdi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 1-iyul holatiga O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni ilk bor 20 502 taga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3817 ta yoki 22,9 foizga ko‘p. Ularning 15 891 tasi to‘liq xorijiy kapital ishtirokidagi, 4611 tasi esa qo‘shma korxonalar hisoblanadi.

Xorijiy kompaniyalar soni bo‘yicha Xitoy 6060 ta korxona bilan birinchi o‘rinda turibdi. Keyingi o‘rinlarni Rossiya (3454 ta), Turkiya (2293 ta), Qozog‘iston (1307 ta) va Janubiy Koreya (725 ta) egallagan. Faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha esa savdo va sanoat yetakchilikni saqlab qolgan, axborot texnologiyalari sohasi esa ilk bor qurilishni ortda qoldirib, xorijiy investorlar uchun eng faol tarmoqlardan biriga aylangan.

Toshkent va ayrim tumanlardagi issiqxonalar uchun soliq 10 baravar oshirilishi mumkin

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasiga ko‘ra, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlaridagi ayrim issiqxonalar uchun yer va mol-mulk solig‘i oshirilishi taklif etilmoqda. Loyihada mazkur hududlardagi issiqxonalar egallab turgan yerlar uchun yer solig‘ini qishloq xo‘jaligi yerlari stavkasiga nisbatan 10 baravar miqdorda undirish va ularga amaldagi soliq imtiyozlarini tatbiq etmaslik ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, elektr energiyasida isitiladigan yoki isitish qozonxonalari demontaj qilingan issiqxonalarga bu talablar qo‘llanmaydi. Hukumat ushbu o‘zgarishlarni havo ifloslanishini kamaytirish hamda ekologik toza va energiya tejamkor isitish texnologiyalarini joriy etishni rag‘batlantirish bilan izohlamoqda. Shuningdek, ko‘mir va mazutdan foydalanuvchi yangi issiqxonalarni tashkil etish taqiqlangan bo‘lib, mavjud issiqxonalarni bosqichma-bosqich Surxondaryo viloyatiga ko‘chirish rejalashtirilgan.

2026/27 o‘quv yili uchun davlat stipendiyalari kvotasi tasdiqlandi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2026/27 o‘quv yili uchun Prezident va nomli davlat stipendiyalari kvotasini tasdiqladi. Yangi o‘quv yilida respublika bo‘yicha iqtidorli talabalar uchun jami 776 ta stipendiya ajratiladi. Shundan 187 tasi Prezident, 194 tasi Islom Karimov, 175 tasi Navoiy stipendiyasi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mazkur stipendiyalar respublikadagi 335 mingdan ortiq yuqori bosqich talabalari orasidan o‘qishdagi yutuqlari, ilmiy faoliyati va jamoatchilik ishlaridagi ishtiroki bilan ajralib turgan nomzodlarga beriladi. Shuningdek, 2026/27 o‘quv yilidan boshlab stipendiya tanlovida talabgorlarning axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillar bo‘yicha bilimlari Bilim va malakalarni baholash agentligi o‘tkazadigan maxsus testlar orqali baholanadi.

Markaziy bank 23 ta moliya tashkilotini jarimaga tortdi

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi iyun oyida o‘tkazilgan 7 ta yig‘ilishda jami 34 ta masalani ko‘rib chiqdi. Qabul qilingan qarorlarga muvofiq, qonunchilik talablariga rioya qilmagani hamda tekshiruvlarda aniqlangan kamchiliklar uchun 21 ta bank, 1 ta mikromoliya tashkiloti va 1 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.

Shuningdek, prudensial normativlarga rioya etmagani va faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirmagani uchun 23 ta bankga chora va sanksiyalar qo‘llanilishi mumkinligi haqida ogohlantirish berildi. Yig‘ilishlarda, shu bilan birga, litsenziyalash, kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartish kiritish, rahbar kadrlar nomzodlarini ko‘rib chiqish hamda banklarning moliyaviy holatiga oid masalalar ham muhokama qilindi.

Nega Toshkentdagi ayrim avtobuslarda konditsioner yo‘q?

«Toshshahartransxizmat»ning ma’lum qilishicha, poytaxtda harakatlanayotgan barcha avtobuslar ham konditsioner bilan jihozlanmagan. Jumladan, 102 ta «Mercedes-Benz», 272 ta «MAN» avtobusining 100 tasi va 201 ta «SAZ LE-60» avtobusining 88 tasida sovutish tizimi ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘rnatilmagan. Qolgan «Yutong», «King Long» avtobuslari va elektrobuslarda konditsionerlar mavjud bo‘lsa-da, ekstremal issiq ularning samaradorligini pasaytirmoqda.

Kompaniyaga ko‘ra, 45 darajadan yuqori harorat, avtobus saloniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushadigan quyosh nurlari, bekatlarda eshiklarning tez-tez ochilishi va yo‘lovchilarning ko‘pligi konditsionerlar samarali ishlashiga to‘sqinlik qilmoqda. Hozirda «Toshshahartransxizmat» har kuni 1672 ta avtobus va elektrobusni yo‘nalishlarga chiqarmoqda va yo‘lovchilardan issiq ob-havo tufayli yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulaylikni tushunishni so‘radi.

Теглар

Мавзуга оид