Logo

Kosmosga investitsiyalar 100 milliard dollardan oshishi mumkin

Бугун 19:195 дақиқа

Investorlar e’tibori kosmik sohaga tobora kuchaymoqda. Texnologik yutuqlar yo‘nalishdagi loyihalarga munosabatni o‘zgartirayotgan bir paytda, kosmos yangi iqtisodiy maydonga aylanmoqda.

Kosmosga investitsiyalar 100 milliard dollardan oshishi mumkin © TASS

Kosmik bozor tez rivojlanmoqda. Joriy yilda ushbu sohadagi kompaniyalarga kiritiladigan investitsiyalar 100 milliard dollardan oshishi mumkin.

Qayta foydalaniladigan raketalar uchirish xarajatlarini kamaytirdi va sohaga xususiy kompaniyalar kirib keldi. Endi kosmos faqat davlatlarga tegishli emas.

Ilgari ushbu soha uchun texnikalarni asosan «Boeing» va «Lockheed Martin» kabi yirik aerokosmik va mudofaa kompaniyalari davlat buyurtmalari asosida ishlab chiqargan. Biroq asr boshidan buyon bozorga ko‘plab xususiy kompaniyalar kirib keldi.

Buning sababi kosmosning arzonlashganidir. «SpaceX» kompaniyasining qayta ishlatiladigan raketalarni uchirish xarajatlarini bir necha barobar kamaytirdi. Ilgari faqat davlatlar amalga oshira olgan loyihalar biznes uchun ham ochiq bo‘ldi.

«Space Capital» venchur kompaniyasining prognoziga ko‘ra, joriy yilda ushbu sohaga kiritiladigan investitsiyalar ilk bor 100 milliard dollardan oshishi mumkin. O‘sishning asosiy omili «SpaceX» kompaniyasining yozda o‘tkazgan IPOsi hisoblanadi.

Iyun oyida Ilon Mask kompaniyasi ommaviy taklifini joylashtirib, 75 milliard dollar jalb qildi. Shundan so‘ng kompaniyaning qiymati 2 trillion dollarga yetdi.

«SpaceX»ning rekord darajadagi IPOsidan keyin investorlar butun kosmik sohaga yangicha nazar bilan qaray boshladi. «Seraphim» investitsiya kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi chorakda kosmik startaplar qariyb 21 milliard dollar investitsiya oldi. Bu avvalgi chorakka nisbatan uch barobar ko‘p.

Ushbu mablag‘ning yarmi «SpaceX»ning asosiy raqobatchisi Jeff Bezosning «Blue Origin» kompaniyasiga yo‘naltirildi. Kompaniya ilk bor tashqi investitsiyalarni jalb qildi.

«Blue Origin» portfelida sayyohlik va ilmiy parvozlar uchun mo‘ljallangan, qayta foydalaniladigan suborbital «New Shepard» raketasi, «New Glenn» raketa-tashuvchisi hamda NASA bilan tuzilgan shartnomalar asosida ishlab chiqilayotgan «Blue Moon» nomli Oyga qo‘nish qurilmalar oilasi mavjud.

«Space Capital» bosh direktori Chad Andersonning ta’kidlashicha, bu so‘nggi o‘n yillikda raketa uchirish sanoatida yuz bergan eng yaxshi voqea hisoblanadi.

«Bu ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallaydigan kompaniyalar aynan shunday paytda paydo bo‘ladi. Tanqislik bozorni qo‘shimcha yechimlarni izlashga undaydi», — deydi u.

Xo‘sh, nega investorlar kosmik sohaga milliardlab dollar kiritishga tayyor?

Buning bir sababi geosiyosiy vaziyat. Rossiya va Ukraina, AQSH va Eron o‘rtasidagi mojarolarni o‘z ichiga olgan harbiy to‘qnashuvlar dunyodagi beqarorlikni kuchaytirdi. Bu esa ko‘plab hukumatlarni mudofaani ustuvor yo‘nalishga aylantirishga majbur qildi.

Hukumat shartnomalaridan so‘ng, xususiy kosmik kompaniyalar mudofaa sektoriga tobora ko‘proq kirib kelmoqda. Ularning ishlanmalari ikki maqsadda foydalaniladigan texnologiyalar hisoblanadi: ular ham biznesda, ham harbiy sohada talabga ega.

«Parchalangan geosiyosiy vaziyat kosmik mudofaa va xavfsizlikka sarflanadigan mablag‘larni belgilovchi asosiy omildir. Bunga Yaqin Sharqdagi shiddatli mojarolar, Janubiy Xitoy dengizi, Tinch okeani mintaqasi, Hindiston yarimoroli va Afrikadagi keskinlik ta’sir ko‘rsatmoqda», — deydi Kosmik siyosat, strategiya va xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Saymon Seminari.

Kosmos zamonaviy urushning ajralmas qismiga aylangan. Harbiylar jang maydonidagi vaziyatni kuzatish, ko‘rinish past sharoitlarda harakatlanish va dushman muhitida xavfsiz aloqani ta’minlash uchun kosmik tizimlarga tayanadi.

Shu sababli raketalarni uchirish, sun’iy yo‘ldosh aloqasi va Yerni masofadan kuzatish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga investitsiyalar ortmoqda. Shu bilan birga, ilmiy missiyalar ham davom etmoqda. Yaponiya H3 raketasida Marsga sayyoralararo zond yubordi. U Qizil sayyoraning «Phobos»ni o‘rganishi va Yerga kamida 10 gramm tuproq namunasini olib kelishi kerak.

Missiyada Fransiya va Germaniya ishtirokida yaratilgan mashrut ham qatnashadi. Shu bilan birga, mashrutchi Marsning ikkinchi yo‘ldoshi Deymosni ham o‘rganadi.

Loyiha besh yil davom etadi, namunalari esa 2031-yilda Yerga qaytib kelishi kutilmoqda. Hozirgacha birorta davlat Marsning o‘zidan yoki uning yo‘ldoshlaridan tuproq namunalarini Yerga olib kelmagan.

Olimlar ushbu namunalar Quyosh tizimi qanday shakllanganini tushunishga yordam berishiga umid qilmoqda. Tadqiqot natijalari kelajakdagi ekspeditsiyalar uchun ham foydali bo‘lishi kutilmoqda.

«MMX apparatini Mars tomon hisoblangan trayektoriyaga juda aniq joylashtira oldik va butun dunyo kuzatayotgan ushbu tarixiy missiyaning birinchi bosqichini H3 raketasining eng qudratli konfiguratsiyasi amalga oshirganidan xursandmiz»,— deydi raketa loyihasi rahbari Makoto Arita.

Ayni paytda ayrim davlatlar Marsga parvozlar uchun og‘ir raketalar yaratayotgan bo‘lsa, Yevropa kosmik agentligi ixcham apparatlarni tanlamoqda. Bunday apparatlar arzonroq, ishlab chiqarish tezroq va yirik zondlar yetib bora olmaydigan joylarga ham yetib borishi mumkin.

Yevropa kosmik agentligi Oyni o‘rganishga qaratilgan to‘rtta kichik missiyani taqdim etdi. Ular Oy resurslarini o‘rganadi, uning yuzasining batafsil xaritalarini tuzadi va kelajakdagi ekspeditsiyalarga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi.

2029-yilda Oy yuzasida maxsus harakatlanuvchi apparat ishlab chiqilmoqchi. Bundan tashqari, agentlik Yerning tabiiy yo‘ldoshi yuzasi va orbitasida ishlaydigan ilmiy asboblarni ham tayyorlamoqda. Ular Oy tuprog‘ini o‘rganib, suv bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlarni aniqlashga yordam beradi.

«Oy resurslarini o‘zlashtirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri raketa yoqilg‘isi zaxiralarini yaratish bo‘ladi. Buning uchun kislorod va vodorodni suyultirish talab etiladi. Oyda suv va muz juda ko‘p. Yoqilg‘i zaxiralari esa Yerga qaytish va undan uzoqroqqa parvoz qilish imkonini beradi. Bu yuklarni yetkazib berish, Oyda transport tarmog‘ini yaratish va oxir-oqibat sayyoralararo tadqiqotlarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi», — deydi Jons Xopkins universitetining fizika va astronomiya professori Jozef Silk.

Yilning oxirigacha Florida qirg‘oqlaridan yana bir qator yirik missiyalarni uchirish rejalashtirilgan.

28-oktabr kuni «Amazon Leo» internet sun’iy yo‘ldoshlari guruhining navbatdagi partiyasi orbitaga uchiriladi. Noyabr oyining oxirida Falcon 9 yuk kemasini Xalqaro kosmik stansiyaga yuboradi.

Shuningdek, NASA’ning Oyga tijoriy yuk yetkazib berish dasturi doirasida ikkita xususiy Oy missiyasi ham navbatda turibdi. Biroq ularni uchirishning aniq sanalari hozircha e’lon qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning Shandun viloyati qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz platformasidan «Samarkand-2028» va «Lampung-1» giperspektral sun’iy yo‘ldoshlarini muvaffaqiyatli orbitaga olib chiqilgani haqida yozgan edik.

Farangiz Bobojonova

Теглар

Мавзуга оид