Logo

Lukashenko o‘zbekistonliklarga ko‘proq pul topish uchun Belarusda emas, Rossiyada ishlashni tavsiya qildi

Бугун 16:152 дақиқа

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining maosh haqidagi noroziligiga munosabat bildirib, katta daromad izlayotganlarga Rossiyada ishlashni tavsiya qildi.

Lukashenko o‘zbekistonliklarga ko‘proq pul topish uchun Belarusda emas, Rossiyada ishlashni tavsiya qildi © prezident.uz

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 21-iyul kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish masalasiga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, Belarusga kelayotgan mehnat migrantlarining asosiy vazifasi go‘sht va sut ishlab chiqarish bo‘lishi kerak, yuqori maosh izlayotganlar esa Rossiyada ishlash imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin.

Bu bayonot iyul oyi boshida prezident Shavkat Mirziyoyevning Minskka tashrifi ortidan yangradi. O‘shanda Lukashenko O‘zbekiston fuqarolarini Belarusda yashash va mehnat qilishga taklif qilib, mamlakatda ishchi kuchi yetishmayotganini aytgan edi.

U Belarus o‘zbekistonliklarni oilasi bilan qabul qilishga, ularni ish, ta’lim va tibbiy xizmat bilan ta’minlashga tayyorligini bildirib, mamlakatda bo‘shab borayotgan hududlarni aholi bilan to‘ldirish muhimligini ta’kidlagandi.

Oradan ko‘p o‘tmay Andijon viloyatidan 250 nafardan ortiq fuqaro qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida vaqtinchalik ishlash uchun Belarusga yo‘l oldi. Biroq ular taklif etilgan oylik — 500 AQSH dollari kam ekanini bildirib, bunday daromadni O‘zbekistonning o‘zida ham topish mumkinligini aytdi.

«Katta pul uchun kelsangiz, Rossiyaga boring»

21-iyul kunigi yig‘ilishda Lukashenko prezident Shavkat Mirziyoyev undan birinchi navbatda ish o‘rinlari emas, balki O‘zbekistonga go‘sht va sut yetkazib berishni so‘raganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, O‘zbekistonda yer va suv resurslari cheklangan, Belarusda esa bu imkoniyatlar yetarli. Shuning uchun tomonlar zarur qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish uchun o‘zbekistonlik ishchilarni jalb qilishga kelishib olgan.

Lukashenkoning ta’kidlashicha, Belarusga kelgan mehnat migrantlari mahalliy tizim asosida ishlaydi va ularga belarusliklar kabi munosabatda bo‘linadi.

«Faqat pul topish va yaxshi maosh olish uchun emas, balki go‘sht, sut ishlab chiqarish uchun. Go‘sht va sut ishlab chiqarishsa, biz buni ularning bozorlariga sotamiz. Maosh ham aynan shundan shakllanadi», — dedi u.

Belarus rahbariga ko‘ra, agar kimdir mamlakatga bir necha ming dollar ishlash maqsadida kelayotgan bo‘lsa, unda Rossiyada ishlashni tanlagani ma’qul.

«Ular u yerda (Rossiyada) neft konlariga, yana qandaydir yo‘nalishlarga ishga joylashishi, ishlashi va katta maosh olishi mumkin», — dedi Lukashenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarusda ish haqi ishlab chiqarilgan mahsulot hajmiga bog‘liq bo‘ladi: mahsuldorlik qancha yuqori bo‘lsa, daromad ham shuncha ortib boradi.

Shuningdek, Lukashenko mehnat migrantlariga sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida belarusliklar bilan teng huquqlar berilishini ham ta’kidladi.

Yig‘ilish yakunida u hududlar rahbarlariga xorijiy ishchilarni jalb qilish masalasini o‘z ehtiyojidan kelib chiqib hal qilishni topshirdi.

«Agar sizga chetdan odam kerak bo‘lmasa, olmang. Men sizni ularni olishga majburlamayman», — dedi Belarus prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, 21-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati tanqid qilindi. Yig‘ilishda O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi investitsiya va tashqi savdo yo‘nalishidagi ishlari qoniqarsiz deb topilib, lavozimidan ozod etildi.

Теглар

Мавзуга оид