Mahalla raislariga ish haqi bermaslik to‘g‘risida buyruq tasdig‘ini topmadi

18.02.2026 | 18:511 дақиқа

Ayrim mahallalarda ish samaradorligi pastligi yuzasidan chora ko‘rish maqsadida bir oylik ish haqini bermaslik haqida O‘zbekiston Mahalla uyushmasi raisining buyruq loyihasi ishlab chiqilgan.

Mahalla raislariga ish haqi bermaslik to‘g‘risida buyruq tasdig‘ini topmadi © Foto: uza.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi 100 nafar mahalla raisining bir oylik ish haqini ushlab qolish bo‘yicha buyruq chiqargani haqida xabarlar tarqaldi. Rasmiy izohga ko‘ra, mazkur ma’lumotlar amaldagi holatni aks ettirmaydi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 2-fevral kuni Uyushma raisi tomonidan «Mahallalarda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha bir guruh mahalla raislarining faoliyati to‘g‘risida»gi buyruq loyihasi ishlab chiqilgan. Hujjat ayrim mahallalarda ish natijalari past bo‘lgan holatlar yuzasidan chora ko‘rish maqsadida tayyorlangan.

Kengash tasdiqlamagan buyruq

Amaldagi tartibga muvofiq, ushbu hujjat Uyushma huzuridagi Kengashda ko‘rib chiqilgan. Muhokama jarayonida uni qo‘shimcha o‘rganish va takomillashtirish zarurati qayd etilgan hamda hujjat qayta ishlash uchun yuborilgan.

Shu munosabat bilan buyruq ijroga kiritilmagan va unga asosan hech qanday moliyaviy choralar qo‘llanilmagan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, respublikadagi 8 992 ta mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yurituvchi barcha mahalla raislarining joriy yil yanvar oyi ish haqi to‘liq to‘lab berilgan.

Теглар

Мавзуга оид