Markaziy bankdagi islomiy «burilish», «Qo‘yliq»ni Nurafshon bilan bog‘lovchi yangi yo‘l va masjidlardagi yangi ogohlantirish tizimi — 25-mart dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari O‘zbekistonda iqtisodiy faollik oshganini ko‘rsatdi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tungi yorug‘lik ma’lumotlari asosida O‘zbekistonda iqtisodiy faollik so‘nggi besh yilda sezilarli oshganini qayd etdi. 2020–2025 yillarda aholi jon boshiga YAIM 80,3 foizga o‘sib, 2 090 dollardan 3 887 dollargacha yetgan. Eng yuqori o‘sish poytaxt Toshkent shahrida kuzatilib, bu tadbirkorlik, infratuzilma va aholi zichligining oshishi bilan izohlanmoqda.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, iqtisodiy faollik nafaqat poytaxtda, balki viloyat markazlari atrofida ham kengaymoqda. Tungi yorug‘lik intensivligi yuqori hududlar soni 22 tadan 31 taga oshgani urbanizatsiya jarayoni tezlashganini tasdiqlaydi. Mutaxassislar bunday ma’lumotlar iqtisodiy siyosatni rejalashtirish va yangi «o‘sish nuqtalari»ni aniqlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlamoqda.
O‘zbekistonda masjidlar orqali favqulodda vaziyatlar haqida ogohlantirish tizimi joriy etildi
O‘zbekistonda favqulodda vaziyatlar haqida aholini tezkor xabardor qilish uchun 272 ta masjidda maxsus ogohlantirish tizimi joriy etildi. Loyiha BMT Taraqqiyot dasturi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkorligida amalga oshirilib, 6,5 millionga yaqin aholini qamrab olmoqda. Masjidlar tashqi ovoz kuchaytirgichlari orqali tezkor xabarlarni tarqatish markaziga aylantirildi.
Tizimning muhim jihati — u mobil aloqa yoki elektr ta’minoti uzilganda ham ishlay oladi. Qamrov hududlari 500 metrdan 2 kilometrgacha bo‘lib, ayniqsa keksalar, bolalar va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun muhim axborot manbai hisoblanadi. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda aholi gavjum joylarda 28 ta yirik ekran o‘rnatilib, favqulodda xabarlarni tarqatish imkoniyatlari kengaytirildi.
«Qo‘yliq» va Nurafshonni bog‘lovchi yangi yo‘l quriladi
Toshkent shahrining Bektemir tumanidagi «Qo‘yliq» bozoridan Toshkent viloyati Nurafshon shahrigacha tezyurar avtobus (BRT) tizimini joriy etish konsepsiyasi tasdiqlandi. Ushbu loyiha jamoat transportini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun vaqtni qisqartirish va qatnov sifatini oshirishga qaratilgan.
Loyiha doirasida uzunligi 23 kilometr bo‘lgan, 6 tasmali yangi yo‘l quriladi. Yo‘lning markaziy qismida faqat avtobuslar uchun mo‘ljallangan alohida yo‘lak tashkil etiladi. Shuningdek, yo‘nalish bo‘ylab 9 ta bekat barpo etish, piyodalar uchun yo‘laklar, yerosti o‘tish joylari va ko‘priklar qurish rejalashtirilgan.
Yangi tizim orqali zamonaviy tezyurar avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilib, transport infratuzilmasi yaxshilanadi. Bu esa yo‘lovchilar uchun tezkor, xavfsiz va qulay harakatlanish imkoniyatini kengaytiradi.
Uzcard 2025-yilda 100 mln dollardan ko‘proq foyda oldi
«Yagona umumrespublika protsessing markazi» — Uzcard 2025 yil yakunlariga ko‘ra 1,3 trln so‘m (103,8 mln dollar) sof foyda oldi. Bu 2024 yilga nisbatan qariyb 37 foizga ko‘p bo‘lib, kompaniya daromadi ham 68 foizga oshib, 2,2 trln so‘mga yetdi. Asosiy tushum tranzaksiyalar protsessingi (1,94 trln so‘m) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Kompaniya aktivlari 48 foizga o‘sib, 1,1 trln so‘mga, kapitali esa 37 foizga ko‘payib, 809 mlrd so‘mga yetdi. Shu bilan birga, IT Park rezidenti sifatida berilgan imtiyozlar sabab foyda solig‘i hajmi biroz kamaygan. Uzcard foydasi bo‘yicha mamlakatdagi banklarning aksariyatini ortda qoldirgan bo‘lib, faqat yirik to‘rt bank — Milliy bank, SQB, Kapitalbank va Hamkorbank undan yuqori natija qayd etgan.
Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi
O‘zbekistonda islomiy moliya xizmatlarini rivojlantirish maqsadida Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi. Ushbu kengash sohada standartlar ishlab chiqish, huquqiy hujjatlar tayyorlash va moliyaviy operatsiyalar muvofiqligini nazorat qilish bilan shug‘ullanadi.
Taqdimotda murobaha, muzoraba, mushoraka, vakala, salam va islomiy ijara kabi moliya instrumentlarini joriy etish rejalashtirilayotgani aytildi. Shuningdek, ayrim soliq imtiyozlari ham ko‘zda tutilgan. Joriy yilda kamida bitta bankda islomiy «darcha» ochish, 2026–2030 yillarda esa to‘liq islomiy banklar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu orqali 1 milliard dollargacha investitsiya jalb qilish maqsad qilingan.





