Markaziy Osiyo mamlakatlari suv omborlarining ishlash rejimi kelishib oldi
Dushanbeda o‘tgan yig‘ilishda mamlakatlar Amudaryo va Sirdaryo daryolaridagi suv omborlarining 2026 yil uchun ishlash rejimi bo‘yicha kelishib oldilar.

20-fevral 2026 yil kuni Tojikistonning Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasining 92-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Sirdaryo va Amudaryo havzalaridagi suv omborlari kaskadlarining ish rejimi hamda suv ta’minoti natijalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Yig‘ilishda Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma, Qozog‘iston suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev, Turkmaniston Davlat suv xo‘jaligi qo‘mitasi raisi Durdi Gendjiyev ishtirok etdi. Qirg‘iziston vakillari esa kuzatuvchi maqomida qatnashdi.
Muzokaralar chog‘ida 2025–2026 yillar orasidagi vegetatsiya bo‘lmagan davrda suv omborlari kaskadlarining ishlash rejimi, suv ta’minoti natijalari, shuningdek, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga a’zo davlatlar rahbarlarining tashabbuslari ijrosi muhokama qilindi. Shu bilan birga, joriy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilish yakunida Markaziy Osiyo Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasining 92-yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 13-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston energetika hamda suv xo‘jaligi vazirlarining navbatdagi ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tganligi haqida xabar bergan edik. Uchrashuvda tomonlar kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazish va vegetatsiya davrida suv-energetika tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash yuzasidan kelishuvga erishdi.





