Markaziy Yevropadan bugungi xalqaro bozorgacha – dollar va uning tarixi
Jahon iqtisodiyot va valuta bozori haqida gap ketganda, deyarli hammaning xayoliga AQSH dollari keladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra dunyodagi savdo aylanmalarining 80 foizi dollarda amalga oshiriladi. AQSHdan tashqari yana bir necha davlatlarning rasmiy valutasi dollar deb ataladi. Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur va Hongkong.
Bu mamlakatlarning aksariyati Britaniya moliyaviy an’anasi ta’sirida shakllangan yoki xalqaro savdoda tanish va ishonchli nomni tanlagan. Biroq ularning hech biri AQSH dollari darajasida global ta’sirga ega emas. Chunki masala nomda emas, balki iqtisodiy qudrat, moliyaviy bozorlar chuqurligi va ishonchda.
Dollar nomining qanday paydo bo‘lgani, kelib chiqish tarixi va qanday qilib hozirgacha yetakchi ekani barchaga qiziq bo‘lsa kerak. Bugun shu haqida qisqacha hikoya qilamiz.
Dollarning kelib chiqishi
Dollar so‘zini bevosita Qo‘shma shtatlar bilan bog‘laymiz, lekin aslida uning paydo bo‘lishi hozirgi Chexiya hududidagi «Yoaximstal» shahri bilan bog‘liq ekanini ko‘pchilik bilmasligi mumkin. Nemischadan «Yoaxim vodiysi» deb tarjima qilinuvchi ushbu shaharda 1519 yilda kumush tangalar zarb qilina boshladi. O‘z davridagi xalqaro savdoda muhim rol o‘ynagan bu tangalar dastlab «yoaximstaler» deb atalgan, keyin esa soddalashtirilib «taler» deyilgan. Biz ishlatadigan «dollar» so‘zi ana shu uzun nomdan kelib chiqqan.
Taler XVI asrda Markaziy Yevropada keng tarqalgan, Rim Imperiyasi, Germaniya va Chexiya atrofidagi davlatlarda muomalada bo‘lgan. Tarkibida kumush borligi va sifati tufayli uzoq vaqt davomida ushbu mamlakatlarda ishonchli pul birligi sifatida ishlatilgan. Vaqt o‘tishi bilan taler Niderlandiya va Skandinaviyada «daler»shaklida aytila boshladi, Angliyada esa talaffuz o‘zgarib «dollar» deyilgan.
Dollar qanday qilib AQSH puliga aylandi?
AQSH mustaqillikkacha Ispaniya mustamlakasi edi, savdoda ham ispan kumush tangasi – peso muomalada bo‘lgan. U vazni, tarkibi, ko‘rinishi va qiymat jihatidan talerga juda o‘xshash edi, shu sababdan ingliz tilida «Spanish dollar» deb atalgan. Ana shu pul birligi AQSH rasmiy valutasining dollar deb nomlanishiga ga asos bo‘ldi.
AQSH kongressi 1785 yilda dollarni rasman milliy valuta deb e’lon qilgan, ammo amalda hamon ispan tangalari muomalada edi. Ilk dollar bankotlari va tangalari 1792 yilgi Coinage Act (Zarbxona haqidagi qonun)dan keyin chiqarilgan. Zarbxona to‘g‘risidagi qonun pul bilan bog‘liq amaliy mexanizmlarni yaratdi, tangalar ishlab chiqarish va dollar muomalasini tartibga soldi.
Yangi davlat o‘ziga yangi nomdagi pul birligi ishlab chiqmay, odamlar allaqachon o‘rganib qolgan, qulay «dollar» nomini saqlab qoldi. Bu o‘z navbatida, o‘sha davr mashhurlarining «Yangi mamlakat, yangi valuta uchun eski nom tanladi», – degan tanqidlariga ham sabab bo‘lgan. Biroq odamlarga tanish nom dollar muomalasining ommalashuviga ijobiy ta’sir qildi.
Milliy valutadan xalqaro valutaga
AQSH dollarining xalqaro bozordagi bugungi mavqeyi ikkinchi jahon urushidan keyingi davr iqtisodiyotiga borib taqaladi. Urush AQSH hududida bo‘lmagani uchun u yerda sanoat to‘liq ishlayotgan, moliyaviy tizim ancha barqaror, eng ko‘p oltin zaxirasiga ega davlat edi.
Yevropa va Osiyo esa urushdan katta talafot ko‘rgan, mamlakatlarni qayta tiklash kerak bo‘lgan, lekin sanoat va bank tizimlari ishdan chiqqan edi. AQSH esa aksincha, ishlab chiqarishni kengaytirib, oltin zaxiralarining katta qismini jamladi. 1944 yilda bo‘lib o‘tgan Bretton Woods kelishuvi aynan shu holatni institutsional shaklga soldi. Vaziyatdan unumli foydalangan AQSH o‘z valutasini xalqaro bozorga mohirlik bilan olib kirdi.
Kelishuvga ko‘ra, dollar oltinga bog‘landi (1 unsiyasi 35 dollar), boshqa valutalar esa dollarga. Natijada dollar xalqaro hisob-kitoblar markaziga aylandi. Markaziy banklar zaxirani dollarda saqlay boshladi, xalqaro savdo shartnomalari dollarda tuzildi.
«Marshall rejasi»
Urushdan keyingi Yevropa iqtisodiyotini tiklash, savdo va bojxona to‘siqlarini olib tashlashni maqsad qilgan 13 mlrd dollarlik xalqaro yordam dasturi — «Marshall rejasi» deb ataldi. Dastur orqali AQSH Yevropaga yordam beribgina qolmay, mamlakatlarga dollarning kirib borishini ham ta’minladi.
Dollarning boshqa valutalarga nisbatan barqarorligi, oltin bilan bog‘langanligi sababli ko‘p davlatlar zaxira sifatida dollar saqlay boshladi.
1971 yil oltin standarti bekor qilinishi inflatsiya va moliyaviy bozordagi beqarorlikka sabab bo‘ldi.
AQSH prezidenti Richard Nikson dollarning oltinga almashtirilishini to‘xtatganini e’lon qildi. Shu bilan Bretton Woods tizimi amalda tugatildi.
Bu qarorning sabablari oddiy edi: AQSHda budjet tanqisligi, Viyetnam urushi xarajatlari va tashqi savdo muammolari tufayli dollar chiqarishni oltin zaxiralari bilan ta’minlay olmay qolgan edi. Natijada, dunyo fiat valutalar davriga qadam qo‘ydi — pul qiymati endi oltin bilan emas, davlatga bo‘lgan ishonch bilan belgilanadi.
Bu o‘zgarishlar inflatsiya o‘sishi, valuta kurslarining erkin suzishi, moliyaviy bozorlarning tezkor va beqaror bo‘lishiga olib keldi. Shu bilan birga, dollar o‘z mavqeini saqlab qoldi: neft savdosi dollarda qoldi, xalqaro qarzlar dollarda hisoblandi, global moliya tizimi hamon unga tayandi.
Dollar — pul emas, tizim
Dollar tarix davomida turli iqtisodiy-siyosiy jarayonlar asosida dunyo bozoriga kirib keldi, inqirozli vaziyatlarda ishonchli pul birligi sifatida ko‘rildi. AQSHning global yetakchiligi va davlatlarning ishonchi tufayli dollar bugungacha eng yetakchi xalqaro valuta sifatida ko‘riladi.
Bugun dollar — bu qog‘oz kupyura yoki raqam emas, balki butun boshli tizim. U xalqaro savdo, moliya, geosiyosat va ishonch zanjirlarini bog‘lab turuvchi markaziy o‘qqa aylangan. Uning tarixi shuni ko‘rsatadiki, pul nomining o‘zi emas, balki uni qo‘llab-quvvatlayotgan iqtisodiy, siyosiy va institutsional kuch hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shu bois, dunyoda qancha «dollar» bo‘lmasin, global ma’noda yagona dollar bor — u hamon AQSH dollaridir.
Теглар






