Neftning fizik va fyuchers narxlari: Geosiyosiy keskinliklar fonida neft bozoridagi balans buzildi
Tahlilchilarning fikricha, fizik va qog‘ozdagi neft narxlari o‘rtasidagi farq kuchayib borayotgani energetika inqirozi kutilganidan ancha jiddiy ekanini ko‘rsatmoqda.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri neft narxi asosiy yangiliklar va siyosiy muhokamalar mavzusiga aylandi. Harbiy harakatlar boshlanganiga olti hafta bo‘lgan bo‘lsa, xom ashyo narxlari keskin ko‘tarildi. Bu esa yoqilg‘i xarajatlarining oshishiga va butun dunyo bo‘ylab aholining iqtisodiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
12-aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga nisbatan dengiz qamalini joriy etish rejasini e’lon qilgach, asosiy xalqaro etalon narxlar 8 foizdan ko‘proqqa oshib, bir barrel uchun 103 dollardan yuqoriladi. Biroq, aslida neft narxi har qanday raqamdan ko‘ra murakkabroq va u aynan qanday ko‘rsatkichlarga tayanayotganingizga bog‘liq.
Neft savdosini ikkita asosiy bozorga bo‘lish mumkin: fizik sotuvlar va «fyuchers» deb ataladigan, kelgusida yetkazib berish uchun tuzilgan shartnomalar. Urush boshlangani va Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda qamal qilinishi ortidan, ushbu ikki bozordagi narxlar o‘rtasida sezilarli tafovut yuzaga keldi. Bu esa tahlilchilarga ko‘ra, ta’minot borasidagi tasavvur va amaldagi reallik o‘rtasidagi nomutanosiblik tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Bu borada bilishingiz kerak bo‘lgan muhim jihatlar quyidagilardan iborat:
Fizik va fyuchers neft narxlari o‘rtasida qanday farq bor?
Neft narxi uning zudlik bilan yetkazib berish sharti ostida «spot» bozorida xarid qilinishiga yoki fyuchers shartnomasi orqali bir necha oy oldindan sotib olinishiga qarab turlicha belgilanadi.
Spot narxlari uchun asosiy mezon «Dated Brent» hisoblanib, u Shimoliy dengizda qazib olinadigan to‘rtta va AQSHda ishlab chiqariladigan bitta neft navidan iborat «savat»ni ifodalaydi. U kelgusi 10 kundan 30 kungacha bo‘lgan muddat ichida jo‘natilishi rejalashtirilgan neftning bir barrel uchun narxini aks ettiradi.
«Agar kimdir neftni kelajakda emas, balki zudlik bilan yetkazib berilishini xohlasa, unda spot narxi muhim ahamiyatga ega bo‘ladi», — dedi «Raymond James & Associates» moliyaviy xizmatlar firmasining investitsiya strategi Pavel Molchanov «Al Jazeera» nashriga.
«Brent» fyucherslari esa moliyaviy derivativlar bo‘lib, ular bir necha oy yoki hatto yillardan keyin jo‘natilishi lozim bo‘lgan neft narxini aks ettiradi. Bundagi asosiy mezon — eng yaqin oy uchun tuzilgan «Brent» neftining uzluksiz shartnomasi bo‘lib, hozirda u may oyida yetkazib beriladigan hajmlarga asoslanmoqda.
Sodda qilib aytganda, «Dated Brent» qisqa muddatli talabni aks ettirsa, «Brent» fyucherslari kelajakdagi narx kutilmalarining o‘ziga xos barometridir. Yangiliklar xabarlarida va qidiruv tizimlari natijalarida eng ko‘p uchraydigan raqam — aynan fyuchers narxi hisoblanadi.
Narxlar atrofidagi vaziyat qanday?
Dunyo neft ta’minotining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining Eron tomonidan amalda yopib qo‘yilishi tarixdagi eng yirik energetika inqirozlaridan birini keltirib chiqardi.
O‘tgan hafta boshidan beri Vashington va Tehron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilayotganiga qaramay, 11-aprel kuni bo‘g‘ozdan bor-yo‘g‘i 17 ta kema o‘tgan. «Windward» dengiz razvedkasi kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich urushdan oldingi o‘rtacha kunlik 130 ta tranzitga nisbatan keskin pasayishdir.
Saudiya Arabistoni kabi davlatlar muqobil ta’minot yo‘nalishlarini ishga tushirgan bo‘lsa-da, «Kpler» bozor tahlili markazining so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, jahon iqtisodiyoti hali ham kuniga taxminan 8 million barrel neft tanqisligiga duch kelmoqda.
Ta’minot taqchilligi sababli yuzaga kelgan narxlarning ko‘tarilishi real oldi-sotdi operatsiyalariga yoki elektron birja savdolariga tayanilayotganiga qarab tubdan farq qilishi mumkin. Fizik va fyuchers narxlari o‘rtasida farq bo‘lishi tabiiy hol bo‘lsa-da, mojaro boshlanganidan beri ushbu ikki ko‘rsatkich o‘rtasidagi tafovut odatdagidan ancha kengaydi.
O‘tgan haftada «Dated Brent» (real neft narxi) o‘z tarixidagi eng yuqori nuqtaga — bir barrel uchun 144 dollardan yuqoriga chiqdi. Bu «Brent» fyucherslari narxidan qariyb 35 dollarga ko‘p demakdir. Ushbu tafovut doimiy ravishda o‘zgarib turgan bo‘lsa-da, spot narxi fyucherslarga qaraganda sezilarli darajada yuqoriligicha qolmoqda.
Bunday tafovut shuni anglatadiki, real bozorda neft xomashyosi yangiliklar sarlavhalarida aks etayotgan nisbatan «mo‘’tadil» ko‘rsatkichlarga qaraganda ancha taqchil bo‘lib bormoqda.
«Odatiy sharoitlarda spot va fyuchers narxlari taxminan teng bo‘ladi, chunki bugungi neft bir oydan keyingi neftga nisbatan deyarli qo‘shimcha qiymatga ega emas. Biroq, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining haligacha amalda falaj bo‘lib qolayotgani neft bozori ayni damda real ta’minot taqchilligiga duch kelayotganini anglatadi. Shu sababli xaridorlar aynan hozir yetkazib beriladigan neft uchun katta miqdorda ustama to‘lashga tayyor», — deydi tahlilchi Pavel Molchanov.
Oksford universiteti ma’ruzachisi Adi Imshirovichning fikricha, energetika shokining ko‘lami siyosatchilar tomonidan hali to‘liq anglab yetilmagan.
«Menimcha, ko‘plab hukumatlar ushbu energetika shokiga beparvo qarashmoqda. Ular fuqarolarga energiyani qanday tejash va ortiqcha isrofgarchilikni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar berishni boshlashlari kerak. Oxir-oqibat, narxlarning o‘zi bozorni tartibga solishga majbur bo‘ladi», — deydi Imshirovich.
Nima uchun ikki narx o‘rtasidagi tafovut bu qadar katta?
Bozor mexanizmlarini mutlaq aniqlik bilan izohlash murakkab bo‘lsa-da, tahlilchilarning fikricha, treyderlar inqirozning vaqt o‘tishi bilan ijobiy hal bo‘lishiga umid bog‘lamoqda.
«Raymond James & Associates» strategi Molchanovning fikricha, narxlar barqarorligining tiklanishi Eronning bo‘g‘oz ustidan nazoratni yumshatishiga va yuk tashuvchi kompaniyalarda tranzit xavfsizligiga nisbatan ishonch paydo bo‘lishiga bog‘liq.
«Ushbu ikki omildan kelib chiqib, biz yuk tashish hajmi tiklanishi uchun ikki-uch oylik muddatni prognoz qilmoqdamiz. Bu jarayon avvaliga sust boshlanib, keyinchalik jadallashadi. Ko‘rfazga qancha ko‘p tanker kirsa, neft eksporti ham shunga mutanosib ravishda tiklanib boradi», — deya ta’kidladi ekspert.





