Logo

Oltin narxi o‘sishi budjetga 70 trln so‘mdan ortiq qo‘shimcha daromad keltiradi

Бугун 17:552 дақиқа

Jahon bozorida oltin narxining kutilganidan yuqori shakllanishi va soliq ma’muriyatchiligidagi o‘zgarishlar natijasida O‘zbekiston davlat budjeti daromadlari 2026-yilda rejadan ancha yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Oltin narxi o‘sishi budjetga 70 trln so‘mdan ortiq qo‘shimcha daromad keltiradi

2026-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston davlat budjeti daromadlari 439,7 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Bu budjet to‘g‘risidagi qonun bilan tasdiqlangan ko‘rsatkichdan 19 foizga yuqori. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada qayd etilgan.

Vazirlikka ko‘ra, prognozning qayta ko‘rib chiqilishiga soliq ma’muriyatchiligining takomillashtirilishi hamda qimmatbaho metallar, ayniqsa oltinning jahon bozoridagi narxi avvalgi kutilmalardan yuqori shakllangani asosiy omil bo‘lgan.

2025-yil bo‘yicha kutilgan ijro ko‘rsatkichi — 359,8 trln so‘m bilan solishtirilganda, 2026-yilda budjet daromadlari qariyb 80 trln so‘mga yoki 22,2 foizga oshishi kutilmoqda.

Soliq tushumlari o‘sadi

Fiskal strategiyaga ko‘ra, eng yuqori o‘sish sur’ati to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlar hisobiga ta’minlanadi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha tushumlar 149,6 trln so‘mni tashkil etib, 2025-yilga nisbatan 27 foizga o‘sadi.

Jumladan, foyda solig‘idan tushumlar 96,5 trln so‘mga yetib, 33,5 foizga oshishi kutilmoqda. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 49,8 trln so‘m (+17,5 foiz), aylanma solig‘i esa 3,2 trln so‘m (+3,2 foiz) bo‘ladi.

Bilvosita soliqlardan tushumlar 131,6 trln so‘mgacha (+20,1 foiz) o‘sishi prognoz qilingan. Bunda QQS 93 trln so‘m (+22,4 foiz), aksiz solig‘i 24,5 trln so‘m (+11,9 foiz), bojxona bojlari esa 14,1 trln so‘m (+20,5 foiz)ni tashkil etishi kutilmoqda.

Resurs va mulk soliqlaridan tushumlar 54,5 trln so‘mga (+21,4 foiz) yetadi. Shu jumladan, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq 31,5 trln so‘m (+22,1 foiz), yer solig‘i 12,5 trln so‘m (+25 foiz), mulk solig‘i 9,2 trln so‘m (+15 foiz) bo‘lishi prognoz qilingan. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq esa 1,2 trln so‘m darajasida o‘zgarishsiz qoladi.

Boshqa daromadlar hajmi 104 trln so‘mga yetib, 2025 yilga nisbatan 19,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Keyingi yillar prognozi

Fiskal strategiyaga muvofiq, 2027-yilda davlat budjeti daromadlari 422,3 trln so‘m yoki YAIMning 17,1 foizi miqdorida prognoz qilingan.

Bu yilda ham tushumlarning eng yirik qismi bilvosita soliqlar hissasiga to‘g‘ri keladi — 146,8 trln so‘m yoki jami daromadlarning 34,8 foizi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlar 141,9 trln so‘m (33,6 foiz), resurs va mulk to‘lovlari 52,9 trln so‘m (12,5 foiz), boshqa hamda soliq bo‘lmagan daromadlar esa 80,7 trln so‘m (19,1 foiz) etishi kutilmoqda.

Vazirlik prognoziga ko‘ra, budjetning daromadlar bazasi keyingi yillarda ham kengayib boradi. Xususan, 2028-yilda davlat budjeti daromadlari 483,1 trln so‘m, 2029-yilda esa 554,1 trln so‘mga yetishi kutilmoqda. Bu prognoz iqtisodiy o‘sish sur’atlari hamda soliq-bojxona siyosatida rejalashtirilgan o‘zgarishlar hisobga olingan holda shakllantirilgan.

Теглар

Мавзуга оид