Osiyoda eng boy odam maqomi hindistonlikdan xitoylikka o‘tdi
«TikTok» asoschisi Chjan Iminning boyligi $105 mlrddan oshib, Gautam Adanini ortda qoldirdi. Milliarderning kapitali so‘nggi bir oyning o‘zida $12 mlrddan ko‘proq o‘sgan.
© Bloomberg«ByteDance» kompaniyasi asoschisi Chjan Imin Osiyoning eng boy odamiga aylandi. «Bloomberg» xabar berishicha, uning boyligi $105 mlrddan oshib, avvalgi peshqadam Gautam Adanini ortda qoldirgan.
Chjan Iminning boyligi 2019 yil mart oyidan buyon kuzatib boriladi. Shu davrda uning kapitali $13 mlrddan qariyb sakkiz barobarga oshgan. So‘nggi bir oy ichida tadbirkorning boyligi $12 mlrddan ko‘proq ko‘paygan.
Bu o‘sish «ByteDance»ning sun’iy intellekt bilan bog‘liq mahsulotlari va texnologiyalariga bo‘lgan qiziqish ortishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Kompaniya «Doubao» chat-boti va «Seedance» video generatsiya vositasini faol rivojlantirmoqda.
Milliarder qanday boyidi?
Chjan Imin 1983 yilda Xitoyning Futszyan provinsiyasida davlat xizmatchilari oilasida tug‘ilgan. U Nankay universitetida tahsil olib, 2005 yilda dasturiy muhandislik bo‘yicha bakalavr darajasini olgan.
U mehnat faoliyatini «Kuxun» sayyohlik startapida boshlagan. Keyin «Microsoft»da ishlagan, ammo u yerdagi faoliyatini «qiziq, ammo foydasiz» deb baholagan. 2012 yilda esa Pekinda «ByteDance»ga asos solgan.
Kompaniyaning birinchi yirik mahsuloti «Toutiao» yangilik agregatori bo‘lgan. 2016 yilda «ByteDance» «Douyin» ilovasini ishga tushirdi. U xalqaro bozorda «TikTok» nomi bilan tanildi. 2021 yilda Chjan Imin kompaniya bosh direktori va raisi lavozimlaridan ketdi.
«Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, u hozir ham «ByteDance»dagi ovoz berish huquqlarining 50 foizdan ortig‘ini saqlab qolgan.
Adanining boyligi qisqardi
Osiyoning eng boy insonlari reytingidagi o‘zgarish Gautam Adanining kapitali pasayishi fonida yuz berdi. Uning boyligi 2026 yil yoziga qadar $120 mlrdga yetgan edi.
Hozir Adanining boyligi $104,8 mlrdga baholanmoqda. Bu Chjan Imin ko‘rsatkichidan taxminan $200 mln kam.
Reytingda uchinchi o‘rinni «Reliance Industries» rahbari Mukesh Ambani egallab turibdi. Uning boyligi $86,9 mlrdga baholangan. Shu tariqa, Osiyo milliarderlari reytingida texnologik kompaniya asoschisining birinchi o‘ringa chiqishi sun’iy intellekt bilan bog‘liq aktivlarning qiymati qanday tez o‘zgarayotganini ham ko‘rsatmoqda.





