«O‘tin yorgani odam yo‘q» — erkaklarini urushda yo‘qotayotgan rus qishlog‘i
Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaning chekka hududidagi qishloq deyarli erkaklarsiz qoldi.
© SI asosida yaratilganRossiyaning Uzoq Sharqida, Kamchatka o‘lkasida joylashgan Sedanka qishlog‘ida 18 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning qariyb barchasi Ukrainadagi urushga ketgan. Mahalliy aholiga ko‘ra, bu holat qishloq ijtimoiy va iqtisodiy hayotiga jiddiy zarba bergan. Bu haqda BBC Uzbek ma’lum qildi.
Sedanka qishlog‘i
Sedanka — baliqchilikka ixtisoslashgan, infratuzilmasi zaif aholi punkti. Aksar uylarda markaziy isitish, oddiy suv ta’minoti va ichki hojatxona yo‘q. Qish faslida harorat muntazam ravishda -10 darajadan pastlaydi. Tuman markaziga yetib borish yozda daryo qayiqlari yoki maxsus gusenitsali transport orqali, qishda esa motorli chana yoki vertolyot bilan amalga oshiriladi.
Ish o‘rinlari cheklangani sababli qishloq aholisi asosan baliqchilik va shaxsiy xo‘jalik hisobidan kun kechiradi. Maishiy chiqindilar esa hududdagi Kamchatka qo‘ng‘ir ayiqlarini jalb qiladi, bu esa qo‘shimcha xavf omillarini yuzaga keltiradi.
Yaqinda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, qishloqdan chiqqan Vladimir Akkeyev Ukrainadagi urushga ixtiyoriy ravishda ketganidan to‘rt oy o‘tib halok bo‘lgan. Uning o‘limi mahalliy aholi uchun navbatdagi og‘ir yo‘qotish bo‘ldi.
BBC Jahon xizmatiga ismini o‘zgartirish sharti bilan intervyu bergan qishloqlik Natalya so‘zlariga ko‘ra, deyarli har bir oiladan kimdir urushga ketgan. «Bu yurakni ezadi, qanchadan-qancha odamlarimiz halok bo‘ldi. Hozir o‘tin yorish uchun ham odam yo‘q», deydi u.




