Logo

O‘zbekiston Superligasi klublari tadbirkorlar boshqaruviga beriladi

Бугун 17:132 дақиқа

O‘FA tomonidan e’lon qilingan tanlov shartlariga ko‘ra, klub xarajatlarining kamida 20 foizini qoplaydigan investorlarga soliq imtiyozlari, futbolchilar uchun daromad solig‘idan ozod qilish va markaziy telekanallarda reklama uchun 50 foizlik chegirmalar taqdim etiladi.

O‘zbekiston Superligasi klublari tadbirkorlar boshqaruviga beriladi © Foto: FCBunyodkor.com

O‘zbekistonda 11 ta professional futbol klubi boshqaruvini tadbirkorlarga berish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tanlovda ishtirok etish uchun tadbirkor yoki tadbirkorlar guruhi professional futbol klublari faoliyati bilan bog‘liq yillik barcha xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablag‘larini kiritishi talab etiladi.

Boshqaruvga topshirilishi kutilayotgan klublar ro‘yxatidan «Bunyodkor», «Buxoro», «Dinamo», «Qizilqum», «Navbahor», «Nasaf», «Neftchi», «Lokomotiv», «Mash’al», OKMK hamda «Paxtakor» futbol klublari joy olgan.

Mazkur jarayon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 24-martdagi «Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan amalga oshirilmoqda.

Tadbirkorlar uchun qanday imtiyozlar ko‘zda tutilgan?

Rasmiy xabarga ko‘ra, foyda solig‘ini hisoblashda yuridik shaxslarning soliqqa tortiladigan foydasi klublar faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan homiylik xayriyalari shaklidagi mablag‘lar summasiga kamaytiriladi. Biroq ushbu chegirma soliqqa tortiladigan foydaning 10 foizidan oshmagan miqdorda bo‘lishi tartibi o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, moliyaviy yengilliklar futbolchilarga ham taalluqlidir. Unga ko‘ra, futbol klublarining o‘yinchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi, shuningdek, ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.

Shuningdek, investorlar o‘z mahsulot va xizmatlarini milliy telekanallar orqali reklama qilishda moliyaviy rag‘batga ega bo‘ladi.

«Klubni boshqaruvga olgan tadbirkorlarning o‘z mahsulot yoki xizmatlarini sportni ommalashtirishga yo‘naltirilgan efirlar translyatsiyasi davomida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi markaziy va hududiy telekanallarda reklama qilishda 50 foizlik chegirmalar beriladi», – deyiladi xabarda.

Теглар