Logo

O‘zbekiston va uch qo‘shni davlat elektr energiyasini onlayn sotish va sotib olish uchun yagona platforma yaratmoqchi

Бугун 14:253 дақиқа

Bu tizimni ishlab chiquvchi va ikki yil davomida boshqaruvchi xalqaro kompaniyani aniqlash uchun tender e’lon qilindi.

O‘zbekiston va uch qo‘shni davlat elektr energiyasini onlayn sotish va sotib olish uchun yagona platforma yaratmoqchi © Ijtimoiy tarmoqlar

Markaziy Osiyoda pilot qisqa muddatli elektr energiyasi bozorini ishlab chiqish, joriy etish va 24 oy davomida yuritish bo‘yicha konsalting kompaniyasi tanlash uchun tender e’lon qilindi. Bu haqda «Energiya» Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi (MDM) rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.

Markaziy Osiyoda pilot qisqa muddatli elektr energiyasi bozorini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha tanlov doirasida ushbu bozorni yaratish va yuritish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatadigan kompaniya tanlanadi.

Loyiha O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonni qamrab oladi hamda Jahon banki moliyalashtirayotgan REMIT — Markaziy Osiyo mintaqaviy elektr energiyasi bozori integratsiyasi va savdosi loyihasi doirasida (D0247-sonli grant) amalga oshiriladi.

Loyihaning asosiy maqsadi to‘rt davlat o‘rtasida pilot elektr energiyasi bozorining ishlashini tartibga soluvchi zarur huquqiy kelishuvlar va hujjatlarni tayyorlash, savdo platformasini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, elektr energiyasi savdosi bo‘yicha hisob-kitob tizimini yaratishdan iborat.

Tanlangan konsalting kompaniyasi bozorni ishga tushirish uchun zarur tizimlarni ishlab chiqish va joriy etish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, platforma ishga tushirilgach, pilot bozor faoliyatini 24 oy davomida xizmat sifatida yuritishi ko‘zda tutilgan. Buyurtmachi talab qilgan taqdirda, bu muddatni keyingi yillarga uzaytirish imkoniyati ham mavjud.

Tender hujjatiga ko‘ra, loyihani amalga oshirish 2027 yil may oyida boshlanishi kutilmoqda. Shartnoma ikki bosqichda amalga oshiriladi:

— 1-bosqich (joriy etish): tizimni ishlab chiqish va joriy etish uchun shartnoma imzolangan sanadan boshlab 18 oy ajratiladi (qat’iy belgilangan summa asosidagi shartnoma);
— 2-bosqich (bozorni real rejimda boshqarish): pilot bozorning amaliy faoliyatini yuritish bo‘yicha 24 oylik xizmat ko‘rsatish bosqichi (vaqtga asoslangan shartnoma).

Bozorni kelgusida yangi savdo mahsulotlari, boshqa ishtirokchilar va davlatlar hisobiga kengaytirish imkoniyati ham loyiha doirasida nazarda tutilgan.

Konsaling kompaniyalaridan elektr energiyasi bozori dizayni, savdo birjalari, savdo va hisob-kitob platformalarini yaratish hamda bozor faoliyatini yuritish bo‘yicha kamida 5 yillik tajriba talab etiladi.

Shuningdek, nomzodlar «bir kun oldin» (day-ahead) yoki qisqa muddatli bozorlarni loyihalashtirish (bozor qoidalari, narx shakllanishi va kliring algoritmi, chegaralararo quvvatlarni taqsimlash), savdo va hisob-kitob platformalarini ishga tushirish hamda bozorni xizmat sifatida boshqarish bo‘yicha o‘xshash loyihalar tajribasi va tegishli texnik-boshqaruv salohiyatiga ega bo‘lishi lozim.

Tanlov Jahon bankining xarid qoidalarida belgilangan sifat va narxga asoslangan tanlov (QCBS) usuli orqali o‘tkaziladi. Nomzodlar o‘z qiziqish bildirish xatlarini ingliz tilida tayyorlashlari lozim.

Tenderda qatnashish uchun takliflar (Expressions of Interest) 2026 yil 30-noyabr, Toshkent vaqti bilan soat 15:00 ga qadar «Energiya» MDM Mintaqaviy loyiha ofisiga (Toshkent shahri, Istiqbol ko‘chasi, 21-uy, RLO direktori Hamidulla Shamsiyev) shaxsan, kurer orqali yoki PDF formatida shamsiev@udc.uz elektron pochta manziliga topshirilishi lozim.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekiston va uch qo‘shni davlat elektr energiyasini onlayn sotish va sotib olish uchun yagona platforma yaratmoqchi | Vaqt.uz