Logo

O‘zbekistonda isitish tariflari har yili 10 foizgacha oshirilishi mumkin

14.10.2026 | 13:152 дақиқа

2028-yildan isitish tariflarini har yili inflatsiyaga qarab indeksatsiya qilish taklif etilmoqda.

O‘zbekistonda isitish tariflari har yili 10 foizgacha oshirilishi mumkin © smartpress.by

O‘zbekistonda 2028-yildan markazlashgan issiqlik ta’minoti tariflarini inflatsiya darajasini hisobga olgan holda har yili oshirish taklif etilmoqda. Bu Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan hukumat qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, tariflar har yili 1-maydan boshlab indeksatsiya qilinadi. Bunda yillik o‘sish miqdori 10 foizdan oshmasligi kerak. Tariflarni qayta ko‘rib chiqish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining takliflari asos bo‘ladi.

Shu bilan birga, loyihada 2026-yil 1-noyabrdan isitish va issiq suv tariflarini alohida oshirish ham taklif qilingan. Jumladan, Toshkent shahrida ushbu xizmatlar narxini qariyb 30 foizga ko‘tarish ko‘zda tutilgan.

Tariflar pasayishi mumkinmi?

Loyihada issiqlik energiyasi iste’moli me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish ham nazarda tutilgan. «Issiqlikta’minoti» AJ va tegishli tashkilotlar amaldagi me’yorlarni ikki oy ichida shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq yangilashi kerak bo‘ladi.

Agar qayta ko‘rib chiqish natijasida issiqlik iste’moli me’yorlari kamaytirilsa, tegishli hududdagi barcha maishiy iste’molchilar uchun amaldagi tariflar bir vaqtning o‘zida pasaytirilishi taklif qilinmoqda. Me’yorlar oshirilgan taqdirda esa tariflar yangi ko‘rsatkichlar qayta tasdiqlanguniga qadar o‘zgarishsiz qoladi.

Bundan tashqari, hukumat issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish tannarxini 15 foizgacha kamaytirish choralarini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

Loyihaga muvofiq, 2027 yil oxirigacha mamlakatdagi issiqlik ta’minoti tizimlari to‘liq texnik auditdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Uning natijalari asosida tarmoqlarni modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilish dasturi ishlab chiqiladi.

«Issiqlikta’minoti» AJ korporativ boshqaruvini takomillashtirish ham nazarda tutilgan. Xususan, kompaniya kuzatuv kengashida mustaqil a’zolar ulushini 75 foizga yetkazish, zamonaviy billing tizimini joriy etish va xalqaro standartlar asosida moliyaviy hisobot tayyorlash taklif qilingan.

Shuningdek, 2027-yil yakuniga qadar issiqlik tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni 25 foizga kamaytirish maqsad qilingan. 1-maygacha esa sohani 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘zgargandi. Hukumatning 2025-yilgi qarorida har yili 1-maydan elektr va tabiiy gaz narxlari 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilangan edi.

Теглар

Мавзуга оид