O‘zbekistonda qaysi soha vakillari eng ko‘p oylik oladi?

Бугун 13:203 дақиқа

2025-yilda o‘rtacha ish haqi sezilarli darajada o‘sdi, ayrim sohalarda maoshlar boshqalardan bir necha barobar yuqori bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda qaysi soha vakillari eng ko‘p oylik oladi? © Foto: Stat.uz

2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida ish haqi dinamikasi sezilarli darajada yuqori o‘sishni namoyon etdi. Yil davomida nominal ish haqi 18,9 foizga oshgan bo‘lsa, real ish haqi o‘sishi 9,3 foizni tashkil etdi. O‘rtacha oylik ish haqi qariyb 6,4 mln so‘mga yetdi.

Muhim jihati shundaki, 2023 yildan keyin ko‘plab tarmoqlarda kuzatilgan o‘sish sur’atlarining pasayishi 2025 yilning ikkinchi yarim yilligidan qayta tiklanib, o‘suvchi fazaga o‘tdi. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan «Mehnat bozori» sharhida ko‘rishimiz mumkin.

Eng yuqori va eng past maoshli sohalar

2025 yil natijalariga ko‘ra, eng yuqori o‘rtacha ish haqi moliya va sug‘urta sohasida qayd etildi — 17,6 mln so‘m. Keyingi o‘rinlarni o‘rtacha 15,3 mln so‘m oylik ish haqi bilan axborot va kommunikatsiya xizmatlari sohasi egalladi.

Aksincha, eng past maosh qishloq xo‘jaligi (3,4 mln so‘m) va ijtimoiy xizmatlar (4,1 mln so‘m) sohalarida kuzatildi. Biroq aynan shu past maoshli tarmoqlarda keyingi davrda o‘sish sur’atlari tezlashayotgani diqqatga sazovor.

1

Qaysi tarmoqlarda o‘sish tezroq?

2025 yilning ikkinchi yarim yilligidan ish haqi o‘sishining jadallashuvi asosan davlat sektorida ish haqi indeksatsiyasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Ma’lumot uchun, ish haqi indeksatsiyasi deyilganda — bu ish haqini inflatsiya (narxlar o‘sishi)ga mos ravishda oshirish jarayoni tushuniladi.

2025 yilda amalga oshirilgan indeksatsiya jarayoni ayrim sohalarda ish haqi o‘sish sur’atining boshqalarga nisbatan yuqoriroq shakllanishiga olib keldi.

Jumladan, tashish va saqlash sohasida ish haqi nominal hisobda 18,9 foizga (real 9,3 foiz), ijtimoiy sohalarda esa 17,4 foizga (real 7,9 foiz) oshdi. Eng past o‘sish qurilish sohasida qayd etildi — nominal 9,1 foiz, real esa atigi 0,6 foiz.

Hududlar kesimida o‘rtacha oylik

Hududlar bo‘yicha tahlillar ham ish haqidagi farqlar katta ekanini ko‘rsatadi. Real ish haqi o‘sishi eng yuqori Namangan (13,1 foiz), Sirdaryo (11,5 foiz) va Jizzax (11,1 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Eng past o‘sish esa Andijon viloyati (4,6 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (6,2 foiz) kuzatildi.

2

Eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilik qiladi — 10 753,8 ming so‘m. Keyingi o‘rinlarda Navoiy (7 871,6 ming so‘m) va Toshkent viloyati (5 967,7 ming so‘m) turadi.

Boshqa hududlarda ko‘rsatkichlar quyidagicha shakllangan: Sirdaryo — 5 119,1 ming so‘m, Buxoro — 5 093,1 ming so‘m, Xorazm — 5 052,4 ming so‘m, Qoraqalpog‘iston — 5 003,1 ming so‘m, Andijon — 5 238,6 ming so‘m.

Nisbatan past ko‘rsatkichlar Qashqadaryo (4 476,7 ming so‘m), Surxondaryo (4 481,8 ming so‘m), Farg‘ona (4 730,2 ming so‘m), Samarqand (4 737,6 ming so‘m), Jizzax (4 786,0 ming so‘m) va Namanganda (4 751,3 ming so‘m) qayd etildi.

Daromadlar tafovuti saqlanmoqda

2025 yilda ish haqining yuqori o‘sishi ichki iste’mol va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirdi. Ayniqsa, moliya, axborot texnologiyalari va xizmatlar sohalarida talab ortib bormoqda.

Shu bilan birga, tarmoqlar va hududlar kesimida ish haqi o‘sish sur’atlaridagi farqlar mehnat bozorida daromadlar tafovuti saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Biroq so‘nggi paytlarda yuqori maoshli sohalarda o‘sish sekinlashib, past maoshli sohalarda aksincha tezlashayotgani tabaqalanish asta-sekin kamayib borayotganidan dalolat beradi.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonda qaysi soha vakillari eng ko‘p oylik oladi? | Vaqt.uz