Logo

O‘zbekistonga kapsula o‘rindiqli 8 ta yangi tezyurar poyezd olib kelinadi

Бугун 10:002 дақиқа

Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan sakkizta yangi tezyurar poyezd xarid qilinadi. Yangi poyezdlarning so‘nggi ikki vagonida biznes-klass o‘rindiqlari bekor qilinib, o‘rniga stolli va kapsulali VIP o‘rindiqlar o‘rnatiladi.

O‘zbekistonga kapsula o‘rindiqli 8 ta yangi tezyurar poyezd olib kelinadi © Foto: transport vazirligi

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Berlinda o‘tgan InnoTrans-2026 ko‘rgazmasida sakkizta yangi tezyurar elektropoyezd, lokomotivlar hamda temir yo‘l relslari sotib olish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi direktori Li Yon Be bilan 8 ta yangi tezyurar elektropoyezd sotib olish bo‘yicha shartnoma konsepsiyasi muhokama qilingan. Unga ko‘ra, poyezdlarning so‘nggi ikki vagonini o‘zgartirish va biznes-klass o‘rniga zamonaviy kapsula o‘rindiqlari bilan jihozlangan stolli VIP-vagonlarni (har bir poyezdda bittadan) o‘rnatish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishilgan.

Ta’kidlanishicha, ko‘rgazma doirasida Xitoyning CRRC korporatsiyasi bilan uchrashuvda qator iqtisodiy loyihalarga qo‘l urilgan. Xususan, O‘zbekistondagi sanoat korxonalari bazasida lokomotivlarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy servis markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, xitoylik hamkorlar bilan birgalikda g‘ildirak izi kengligini o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘lgan zamonaviy yuk vagonlarini ishlab chiqarish loyihasi boshlanishi ko‘rib chiqilgan.

Taqdimotda aytilishicha, Yevropa komissiyasining xalqaro hamkorlik bo‘yicha vakillari O‘zbekiston temir yo‘l tarmog‘ini rivojlantirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan. Bundan tashqari:

• Germaniyaning “Deutsche Bahn” kompaniyasi bilan o‘zbekistonlik mutaxassislarni malaka oshirishga yuborish va ilmiy ishlanmalar qilish bo‘yicha kelishilgan;
• Serbiya temir yo‘llari ma’muriyati bilan Serbiya magistrallarini modernizatsiya qilish loyihalarida o‘zbekistonliklar ishtirok etishi masalasi ko‘tarilgan;
• Xitoyning “Huawei” kompaniyasi va boshqa texnologik korporatsiyalar bilan temir yo‘l sohasini raqamlashtirish bo‘yicha qator uchrashuvlar o‘tkazilgan.

Теглар

Мавзуга оид