O‘zbekistonliklar uchun Yevropada ish, Rustam Ahmedovdan intervyu va Xitoyning O‘zbekistonga hiylasi — 25 iyun dayjesti

25.06.2025 | 22:459 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistonliklar uchun Yevropada ish, Rustam Ahmedovdan intervyu va Xitoyning O‘zbekistonga hiylasi — 25 iyun dayjesti
O‘zbekistonliklar Shvetsiyaga ishga yuboriladi O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida qonuniy va xavfsiz mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan muhim kelishuv imzolandi. Muzokaralarda ikki davlat rahbarlari noqonuniy migratsiyani oldini olish, inson huquqlarini himoya qilish hamda raqamli platforma orqali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha kelishib oldi. Bu kelishuv mehnat migratsiyasini tartibga solishga va ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Shvetsiyada transport, tibbiyot, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida malakali kadrlarga ehtiyoj ortib borayotgani aytildi. O‘zbekiston tomoni ushbu sohalar uchun mutaxassislar tayyorlash imkoniyatiga ega ekanini ma’lum qildi. Tomonlar pilot loyihalarni amalga oshirish, axborot almashish va konsullik yordamini yaxshilash bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya imzoladi.   Eron fuqarolarining O‘zbekistonga vizasiz kirishi muhokama qilinmoqda Eron fuqarolarining O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniyatini joriy etish masalasi ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida muhokama qilinmoqda. Eron elchixonasi vakiliga ko‘ra, mazkur qaror qabul qilinsa, turizm, tibbiy xizmatlar va tadbirkorlik sohalaridagi hamkorlik yanada kengayadi. Ayni paytda, Eronga vizasiz borish huquqi berilgan o‘zbekistonliklar soni ortib borayotgani qayd etildi. Tehron–Toshkent aviaqatnovlariga talab yuqori ekani va chiptalar tez tugayotgani bordi-keldi faollashganini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Eron klinikalarida o‘zbekistonlik bemorlar uchun qulayliklar yaratish masalasi muhokama qilinmoqda. Hozirda Tashqi ishlar vazirligi va boshqa idoralar vizasiz rejimni joriy etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.   Sobiq mudofaa vaziri Rustam Ahmedov: «Karimov bankirlarni qo‘rqitish uchun kuch tuzilmalarini chaqirgan edi» O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedov bergan uzun intervyusida Islom Karimovning siyosiy shaxsiyati, uning atrofidagi amaldorlar, SSSR parchalanishi ortidagi voqealar va O‘zbekistonda milliy armiya shakllanishi haqida o‘ta muhim va avval eshitilmagan ma’lumotlarni bayon qildi. U Abdulaziz Komilovni tashqi ishlar vaziri etib tayinlashda shaxsan ishtirok etganini, Karimov bilan munosabatlari ehtiromli, biroq murosasiz bo‘lganini va hatto u bilan yuzma-yuz bahslashganini ochiq bildirdi. Ahmedov intervyuda o‘zini mustaqil va tamomila mafkuraga sodiq shaxs sifatida ko‘rsatdi. U Karimovning so‘nggi yillarda o‘zgarganini, qo‘rqinchli siyosiy muhitda qarorlar qabul qilganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, sobiq mudofaa vaziri o‘z ishdan olinishi ortidagi sabablarni, armiyani himoya qilishdagi prinsipial pozitsiyasini va O‘zbekiston harbiylari uchun adolat talab qilgan holatlarini misollar bilan bayon qildi. Uning bu suhbati yaqin tarixga nisbatan yangi qarashni taqdim etmoqda.   Xitoy O‘zbekistonga «eski» deb rasmiylashtirilgan yangi mashinalar yetkazib bermoqda Xitoy zavoddan chiqqan yangi mashinalarni hujjatlarda «ishlatilgan» sifatida rasmiylashtirib, O‘zbekiston, Rossiya va boshqa davlatlarga eksport qilmoqda. Bu «nol masofalik» sxema orqali amalga oshirilmoqda — ya’ni hech qachon minilmagan avtomobillar ichki bozorda sotilgan deb ko‘rsatiladi va chet elga «eski» mashina sifatida yuboriladi. Bu amaliyot ichki bozordagi ortiqcha mashinalardan qutulish va eksportni sun’iy ko‘paytirish vositasi sifatida qo‘llanilmoqda. Ushbu sxema Xitoyda ba’zi rasmiylar va kompaniyalar tomonidan tanqidga uchrayotgan bo‘lsa-da, mahalliy hukumatlar savdo ko‘rsatkichlarini yaxshilash uchun uni qo‘llab-quvvatlamoqda. 2024 yilda Xitoy 6,41 million avtomobil eksport qilgan bo‘lib, shundan 6 foizi aynan «nol masofalik» mashinalarni tashkil qilgan. Eksportda asosan benzinli avtomobillar ustun bo‘lsa-da, davlat subsidiyasi bilan ishlab chiqilgan elektr mashinalar ham bor.   O‘zbekiston pensiya tizimi islohotsiz barqarorlikka erisha olmaydi — Xalqaro valyuta jamg‘armasi Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ekspertlari O‘zbekistondagi amaldagi pensiya tizimini barqaror va samarali faoliyat yuritishi uchun tubdan isloh qilish zarurligini ta’kidladi. Ular pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish, imtiyozli badal stavkalarini bekor qilish va barcha uchun standart to‘lov stavkasini ko‘tarishni taklif qilmoqda. Shuningdek, pensiya miqdorini mehnat faoliyati davomidagi o‘rtacha daromad asosida hisoblash va inflyatsiya darajasiga qarab avtomatik indeksatsiya qilish kerakligi qayd etilgan.   Xulosalar 2024 yil dekabr oyidagi seminar yakunlariga asosan tayyorlangan. Ayni paytda pensiya islohoti konsepsiyasi ustida ish olib borilmoqda va uni 2025 yil sentyabrigacha prezidentga taqdim etish rejalashtirilgan. 2025 yil iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 4,19 million nafar pensiya oluvchi bor, o‘rtacha pensiya miqdori 1 mln 432 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Теглар

Мавзуга оид