Logo

«O‘zbekneftgaz»da pasayish: gaz qazib olish yillik rejadan ortda qolmoqda

Кеча 22:202 дақиқа

O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish so‘nggi yillarda kamaygan. «O‘zbekneftgaz»ning 2026-yil yakuni bo‘yicha prognozi ham kompaniyada ishlab chiqarish o‘tgan yilga nisbatan tushishini ko‘rsatmoqda.

«O‘zbekneftgaz»da pasayish: gaz qazib olish yillik rejadan ortda qolmoqda © Foto: O‘zbekneftgaz

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi va uning tarkibidagi korxonalar qariyb 17 mlrd kub metr gaz qazib oldi. Bu haqda kompaniya boshqaruvi raisining moliya, transformatsiya va xususiylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida aytdi.

Gaz qazib chiqarish qariyb 10 foizga pasayadi

So‘nggi yillarda ko‘rsatigichlar pasayib bormoqda. Kompaniya 2024-yilda 27,06 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olgan. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkich 25,2 mlrd kub metrni tashkil etgan. 2026-yil yakunida esa 22,8 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish rejalashtirilgan. Bu o‘tgan yilgidan 9,5 foizga, 2024-yilga nisbatan esa 15,9 foizga kam.

1



Yil boshida ko‘rsatkichni oshirish vazifasi qo‘yilgandi

Gaz qazib olish hajmining qisqarishiga qaramay, yil boshida «O‘zbekneftgaz»ga ishlab chiqarishni oshirish vazifasi qo‘yilgan edi.

2026-yilning yanvar oyida kompaniyaga kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 mln kub metrdan 70 mln kub metrgacha oshirish hamda yil davomida kamida 25,4 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olish vazifasi belgilangan.

Qazib olishni oshirish uchun nima qilinmoqda?

2026-yilning boshidan buyon beshta yangi gaz koni ochilgani, yanvar–sentabr oylarida 80 ta quduq burg‘ilangani va yilning to‘rtinchi choragida yana 40 ta quduq burg‘ilash rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan.

Mamlakat bo‘yicha ham qazib olish kamaygan

2024-yilning yanvar–avgust oylarida mamlakatda 30,1 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olingandi. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 28,9 mlrd kub metrgacha tushgan, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida esa 24,2 mlrd kub metrni tashkil etgan.

So‘nggi ikki yilda qisqarish tendensiyasi kuchayib, gaz qazib olish hajmi qariyb 5,9 mlrd kub metrga kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Rossiya va Turkmanistondan tabiiy gaz importini 15,2 foizga oshirib, uning umumiy qiymatini 1,21 mlrd dollarga yetkazgani yozgan edik.

Kamron Hasanov

Теглар

Мавзуга оид