PISA, tabaqalashayotgan maktablar va yodlashga asoslangan ta’lim – mutaxassis va vazirlik bahsi
21-aprel kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari ishtirokida OAV uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda Vaqt.uz muxbiri xabar berdi.

Tadbir davomida O‘zbekistonda ta’lim sifati, PISA dasturi, unda o‘zbekistonlik o‘quvchilar ishtiroki, ta’lim sifati va maktablar o‘rtasidagi tabaqalanish masalalari ham muhokama qilindi. Jumladan, ta’lim eksperti Komil Jalilov O‘zbekistonda xalqaro tadqiqotlar natijalari va ta’lim siyosati o‘rtasidagi ziddiyatlarga e’tibor qaratdi.
«Biz xalqaro tavsiyalarga teskari ishlayapmiz»
Komil Jalilovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston PISA, TIMSS va boshqa xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, ulardan chiqadigan xulosalar amalda ta’lim jarayonini yaxshilash uchun to‘la inobatga olinmayapti.

«PISA tadqiqotlarining keng qamrovli hisobotlari e’lon qilinadi. Jumladan, 2022-yil bo‘yicha hisobot ham chiqdi va unda sifatli ta’limni ta’minlash uchun qator umumiy tavsiyalar berilgan. Albatta, bu tavsiyalar faqat O‘zbekistonga emas, balki barcha mamlakatlar uchun umumiydir.
Biroq kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston ta’lim tizimi mazkur tavsiyalarga ko‘p jihatdan zid yo‘nalishda harakat qilmoqda. Masalan, PISA va OECD ekspertlari ta’limni haddan tashqari tabaqalashtirmaslik kerakligini ta’kidlaydi, chunki bu umumiy sifatni oshirmaydi, aksincha tengsizlikni kuchaytiradi. Ammo bizda ixtisoslashgan va Prezident maktablari soni ortib, o‘quvchilar o‘rtasida ajratish kuchaymoqda», — dedi u.
Jalilov shuningdek, ta’lim tizimida hanuz yodlashga asoslangan baholash ustunligini tanqid qildi.
«Xalqaro tavsiyalarda o‘qituvchilarga ko‘proq avtonomiya berish zarurligi aytilgan. Amalda esa o‘qituvchilar faoliyati tobora markazlashtirilmoqda, ularning hatto dars o‘tish uslubigacha belgilanmoqda.
Yana bir muhim jihat — baholash tizimi. PISA yodlashga asoslangan baholashdan voz kechib, ko‘nikma va amaliy fikrlashni baholashni tavsiya qiladi. Bizda esa attestatsiyadan tortib maktabdagi baholash tizimigacha asosan yodlashga tayanadi», — dedi ekspert.
Uning fikricha, davlat xalqaro tadqiqotlarga katta mablag‘ sarflayotgan bo‘lsa, ulardan kelib chiqadigan xulosalar amalda qo‘llanilishi kerak.
Vazirlik izohi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev mutaxassis savollariga javob berar ekan, PISA natijalari bo‘yicha muammolarni inkor etmadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro tadqiqotlar O‘zbekiston ta’lim tizimidagi asosiy kamchilik sifatida yodlashga asoslangan yondashuvni ko‘rsatgan.

«PISA natijalari bo‘yicha ham vazirlikda ishchi guruh tuzilgan va ishlar boshlangan. Ushbu tadqiqotlarda asosiy tanqid — ta’limda yodlashga urg‘u berilayotgani. Shuni inobatga olgan holda, yangi baholash tizimi joriy etildi. Unda faqat nazariy bilim emas, balki o‘quvchining bilimni amalda qo‘llay olishi ham baholanmoqda. Xususan, maktablarda loyiha ishlari joriy qilindi. Bu o‘zgarishlarning samarasi navbatdagi PISA natijalarida namoyon bo‘lishi kutilmoqda», — dedi mulozim.
Shu bilan birga, vazir o‘rinbosari bu borada o‘zgarishlar boshlanganini ta’kidladi.
«Faqat yodlash emas, bilimni amaliyotda qo‘llashga qaratilgan loyiha ishlari maktablarga joriy qilindi», — dedi Turdiyev.
Uning aytishicha, bu o‘zgarishlar samarasi kelgusida, jumladan, yangi PISA natijalarida ko‘rinishi mumkin.
Maktablar o‘rtasidagi tabaqalanish
Anjuman davomida maktablar o‘rtasidagi tabaqalanish masalasi haqidagi savol yuzasidan ham izoh berildi.
«Maktablarning tabaqalashuvi masalasiga kelsak, xalqaro tajribada turli yondashuvlar mavjud. Masalan, Finlyandiya ta’lim tizimi dunyoda yetakchi hisoblanadi va u yerda qishloq va shahar maktablari, chekka hududlar bilan markazdagi ta’lim muassasalari o‘rtasida deyarli teng sharoit yaratilgan. Shuningdek, u yerda o‘qituvchilar uchun minimal talab — kamida magistratura darajasi.
Biroq O‘zbekiston sharoiti bundan farq qiladi. Masalan, hozirning o‘zidayoq til bilish darajasi bo‘yicha B2 sertifikatiga ega bo‘lmagan pedagoglar bilan shartnomani bekor qilish masalasi ko‘tarilsa, minglab o‘qituvchilar tomonidan e’tirozlar kuzatilishi mumkin. Hali magistratura talabini joriy etish haqida gap ham bormayapti.
Shuning uchun har bir davlat o‘z imkoniyatlari va sharoitiga mos ta’lim yo‘lini tanlaydi. Boshqa davlat modelini to‘liq va ko‘r-ko‘rona ko‘chirish maqsadga muvofiq emas», — dedi Azizbek Turdiyev.
Vazirlik mulozimining qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda ayni vaqtda 11 mingga yaqin maktab mavjud bo‘lib, ularni bir xil darajaga keltirish vaqt va resurs talab qiladi.
«Albatta, barcha maktablarni yuqori darajadagi ixtisoslashgan ta’lim muassasalari darajasiga olib chiqish — asosiy maqsadlardan biri. Vazirlik bundan faqat manfaatdor.
Biroq bu jarayon bir kunda amalga oshmaydi. Islohotlar bosqichma-bosqich, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Shu bois, bu borada hech qanday xulosa chiqarilmagan, degan keskin fikrni to‘g‘ri deb hisoblamaymiz», — dedi u.
PISA natijalari ochiqligi masalasi
Matbuot anjumanida PISA natijalari bo‘yicha axborotlarning ochiqligi ham muhokama qilindi. Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori Abduvali Ismoilov vazirlik tomonidan natijalar e’lon qilinganini ta’kidladi.

«PISA 2022 natijalari e’lon qilinmagani va bu borada matbuot anjumani o‘tkazilmagani haqidagi fikrga qo‘shilmayman. Chunki PISA 2022 xalqaro tadqiqoti natijalari 2023-yil 5-dekabr kuni rasman e’lon qilingan va aynan shu kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan Toshkent shahrida katta matbuot anjumani tashkil etilgan. Unda vazir, uning o‘rinbosarlari, vazirlik mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan. Shuningdek, OECD vakili — Andreas Shlyayxerning o‘rinbosari Tuye Xalgrin ham shaxsan qatnashib, hisobotni taqdim etgan. Taqdimot davomida ikki soatdan ortiq vaqt mobaynida natijalar atroflicha tushuntirilib, savol-javoblar o‘tkazilgan», — deya izoh berdi Ismoilov.
Vazirlik vakili o‘z chiqishida milliy hisobot masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Milliy hisobotga kelsak, u ham tayyorlangan. Vazirlik vakillari OECD bilan hamkorlikda, “Lead Analyst” dasturi doirasida ushbu hisobotni ishlab chiqqan. Milliy hisobot alohida mustaqil hujjat emas, balki PISA xalqaro hisobotining qisqartirilgan va milliy auditoriya uchun moslashtirilgan shaklidir.
Hisobot nashr qilingan, ammo hozircha ochiq elektron manbalarga joylashtirilmagan. Bunga sabab — matn avval ingliz tilida tayyorlanib, keyin o‘zbek tiliga tarjima qilingani va tarjima sifatini yanada takomillashtirish zaruratidir. Shu bois, hozircha uni keng jamoatchilikka e’lon qilish kechiktirilgan. Biroq hisobot mavjud va tegishli muassasalarda saqlanmoqda», — dedi Abduvali Ismoilov.
Shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha yangi tizimlar joriy etilayotgani qayd etildi.
Ismoilov shuningdek, PISA natijalari o‘qituvchilar salohiyatini oshirish muhimligini ham ko‘rsatgani va shu asosda tegishli qaror qabul qilinib, o‘qituvchilar malakasini oshirishning yangi tizimi joriy etilganini qo‘shimcha qildi. Uning ta’kidlashicha, bu islohotlarda xalqaro tadqiqotlardan kelib chiqqan xulosalar inobatga olingan.
Теглар






