PISA’da 83 ballik o‘sish: O‘zbekistonda ta’lim sifati haqiqatan yaxshilandimi?
O‘zbekistonning tabiiy fanlar bo‘yicha natijasi uch yilda 83 ballga oshib, 48-o‘ringa ko‘tarildi. Biroq matematika va o‘qish savodxonligi natijalari e’lon qilinmagan. Ta’lim eksperti Komil Jalilov bu o‘sish, PISA formatiga tayyorgarlik, Prezident maktablari va ta’limdagi tafovutlar haqida fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy maqsad reytingdagi o‘rinni yaxshilash emas, tizimdagi real va barqaror o‘zgarishlarga erishish bo‘lishi kerak.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) PISA–2025 tadqiqoti natijalarini e’lon qildi. O‘zbekiston tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egalladi. 2022-yilda mamlakat 355 ball bilan 80-o‘rinda bo‘lgan.
Biroq PISA–2025 natijalarining O‘zbekiston uchun eng muhim ikki yo‘nalishi — matematika va o‘qish savodxonligi bo‘yicha ko‘rsatkichlar e’lon qilinmadi. OECD bu yo‘nalishlarda ayrim maktablar va hududlardagi javoblarda natijalarni ishonchli baholashga xalaqit beradigan nomuvofiqliklar aniqlanganini bildirgan.
Ta’lim eksperti Komil Jalilovning fikricha, aynan shu holat O‘zbekistonning PISA–2025 natijalarini baholashda ehtiyotkorlikni talab qiladi.
PISA aslida nimani o‘rganadi?
PISA 15 yoshli o‘quvchilarning uch asosiy yo‘nalishdagi savodxonligini baholaydi: o‘qish, tabiiy fanlar va matematika. Bunda faqat nazariy bilim emas, olingan bilimni real hayotdagi vaziyatlarda qo‘llay olish qobiliyati ham tekshiriladi.
Jalilovning ta’kidlashicha, tabiiy fanlar bo‘yicha o‘quvchidan hodisalarni tushunish va ularga oid bilimlardan hayotiy muammolarni hal qilishda foydalanish qobiliyati talab qilinadi. Matematik savodxonlik esa hayotdagi muammolarni matematik fikrlash orqali hal qila olishni anglatadi.
PISA tadqiqoti OECD tomonidan 2000-yildan beri o‘tkazib kelinadi. O‘zbekiston unda ikkinchi marta qatnashmoqda.
Matematika va o‘qish natijalari nega e’lon qilinmadi?
O‘zbekistonlik o‘quvchilar uchala asosiy yo‘nalish bo‘yicha ham test topshirgan. Ammo matematika va o‘qish savodxonligi bo‘yicha natijalar OECD tomonidan e’lon qilinmadi.
Jalilovning aytishicha, hukumat vakillari bu natijalarni keyinchalik e’lon qilish imkoniyati yuzasidan OECD bilan muzokaralar olib borilayotganini bildirgan. Biroq ekspert taqdimotda «albatta e’lon qilinadi» degan aniq bayonot berilmaganini ta’kidladi.
OECD hisobotida ayrim maktablar va hududlardagi natijalarda xulosa chiqarishga imkon bermaydigan nomuvofiqliklar aniqlangani qayd etilgan.
Jalilov bunday holatning sababini tushuntirar ekan, testologiya va baholash nazariyasiga oid shaxsiy taxminini bildirdi. Uningcha, ayrim past qobiliyat darajasidagi o‘quvchilarning murakkabligi yuqori bo‘lgan savollarga kutilganidan ancha yuqori darajada javob berishi statistik jihatdan shubhali ko‘rinishi mumkin.
«Balkim o‘sha qobiliyat darajasi past bo‘lgan o‘quvchilar, masalan, qiyinlik darajasi yuqori bo‘lgan savollarga javob bergan bo‘lsa, bu juda ham shubhali bo‘ladi-da», — deya tushuntiradi u.
Boshqa tarafdan, PISA turli maktablarda o‘tkaziladi va OECD vakili barcha maktablarda jarayonni jismonan kuzatib borishi imkoni bo‘lmasligi mumkin. Jalilovning fikricha, test o‘tkazilmagan maktablarda yuzaga kelgan ayrim holatlar ham natijalarning bekor qilinishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Uch yilda to‘rt yillik sakrash
Tabiiy fanlar bo‘yicha O‘zbekiston natijasining 355 balldan 438 ballga chiqishi PISA–2025’ning eng katta yangiliklaridan biri bo‘ldi.
Jalilov bu o‘sish miqyosiga alohida e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, PISA’ning o‘z tahlillarida 20 ball atrofidagi farq bir yillik o‘qishga tenglashtiriladi.
«Siz aytgan 83 ballik o‘sish bu to‘rt yillik o‘sish degani, aslida. Ya’ni uch yil davomida biz to‘rt yillik o‘sishni amalga oshirdik degani», — dedi ekspert.
Jalilovning ta’kidlashicha, PISA tarixida qisqa vaqt ichida bunday katta sakrash holati kuzatilmagan. Shu sababli u 83 ballik o‘sishni izohlashda ehtiyotkor bo‘lish kerak, deb hisoblaydi.
«Bunaqa 83 ballik o‘sishni qisqa vaqt ichida tizimli bir o‘zgarishlarsiz amalga oshirib bo‘lmaydi-da», — dedi u.
Ekspert shu bilan birga, so‘nggi uch yilda ta’lim tizimida umuman o‘zgarish bo‘lmagan, degan fikrda emas. Uningcha, kompetensiyaviy yondashuvga o‘tish va yangi o‘quv dasturlarining joriy qilinishi natijaga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
PISA formatiga tayyorgarlik natijaga ta’sir qilganmi?
Jalilov 2022-yilda O‘zbekiston PISA’da ilk bor qatnashgani va o‘sha paytda o‘quvchilarning test formati bilan tanish emasligi natijalarga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.
PISA komputerda o‘tkazilishi, savollarning formati va topshiriqlar tuzilishi bilan tanish bo‘lmaslik ham dastlabki natijalarning past bo‘lishiga sabab bo‘lgan omillardan biri bo‘lishi mumkin.
Keyinchalik esa o‘quvchilarni PISA formatidagi topshiriqlarga tayyorlash uchun maxsus platformalar va boshqa vositalar joriy etilgani rasmiylar tomonidan ham aytilgan.
Jalilov ijtimoiy tarmoqlarda ayrim o‘qituvchilar tomonidan 9-sinf o‘quvchilari boshqa fanlardan ozod qilinib, PISA testiga tayyorlangani yoki test vaqtida o‘qituvchilar o‘quvchilarga yordam bergani haqida da’volar tarqalayotganini ham qayd etdi. Biroq u bu ma’lumotlarni tasdiqlangan fakt sifatida emas, ijtimoiy tarmoqlardagi da’volar sifatida tilga oldi va bu borada vazirlikning rasmiy izohi kerakligini aytdi.
Ekspertning fikricha, agar bunday amaliyot haqiqatan qo‘llangan bo‘lsa, bu jiddiy muammo.
«PISA aslida bitta narsani tushunishimiz kerak, bu olimpiada emas. Bu sport musobaqasi emas, ya’ni kim birinchi bo‘ladi, kim ikkinchi bo‘ladi degan bir musobaqa emas bu», — urg‘ulaydi Jalilov.
Uning ta’kidlashicha, PISA’ning asosiy vazifasi davlatlar o‘rtasida reyting tuzish emas, balki ta’lim tizimidagi holatni tahlil qilish va siyosat uchun ma’lumot hamda tavsiyalar berishdir.
«Natijalarni ko‘z-ko‘z qilish uchun emas»
Jalilovning fikricha, o‘quvchilarni aynan PISA testiga maxsus tayyorlash orqali erishilgan natija ta’lim tizimining real holatini aks ettirmasligi mumkin.
«O‘quvchilarni maxsus tayyorlantirib erishilgan natijalar bizga real holatni bermasligi mumkin va biz juda ham aldab qolishimiz mumkin», — dedi u.
Bunday natijaning yana bir muammosi shundaki, PISA sikli uch yilda bir marta o‘tkaziladi va keyingi tadqiqotda boshqa 15 yoshli o‘quvchilar qatnashadi. Shuning uchun bir guruh o‘quvchini testga tayyorlash orqali olingan yuqori natijani butun tizimga ko‘chirish qiyin.
Ekspertning fikricha, PISA natijasini yaxshilashning o‘zi maqsadga aylanib qolmasligi kerak.
«Asl maqsad o‘sha holatimizni tahlil qilib, ta’lim, ta’limning umumiy sifatini oshirish uchun bir qadamlar qo‘yish bo‘lishi kerak-da», — dedi u.
83 ballik o‘sishning boshqa omillari ham bor
Jalilov PISA natijasidagi o‘sishni faqat maxsus tayyorgarlik bilan izohlash to‘g‘ri emasligini ham ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kompetensiyaviy o‘quv dasturlariga o‘tish boshlandi. 2021-yilda Milliy o‘quv dasturi loyihasi yaratilgan va uni joriy etish boshlangan. 2023-yilga kelib dastur ayrim sinflarga joriy qilinib, shu asosda yangi darsliklar ishlab chiqilgan.
Ekspert bu jarayon PISA’da baholanadigan ko‘nikmalar bilan bog‘liqligini qayd etdi.
«Boyagi yodlashga asoslangan yoki qaytarishga asoslangan bir o‘quv dasturlaridan voz kechib, sekin-sekin o‘sha kompetensiyaviy ta’limga o‘tishni boshladik», — dedi u.
Uning fikricha, bunday dasturlarda o‘quvchining ma’lum bir sinfni tugatgach egallashi kerak bo‘lgan ko‘nikmalari aniq belgilanadi. Bu esa o‘qituvchi va o‘quvchini konkret natijaga yo‘naltiradi.
Shu sababli ekspert 83 ballik o‘sishning barcha qismini PISA’ga maxsus tayyorgarlik bilan bog‘lamaydi. Uningcha, tizimdagi o‘zgarishlar ham natijaga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
Prezident maktablari natijaga qanday ta’sir qilgan?
PISA–2025 doirasida O‘zbekistondagi Prezident maktablarining barchasi tadqiqotda qatnashgan. Ularning tanlanmaga kiritilishi avval jamoatchilikda bahsga sabab bo‘lgan.
Jalilovning fikricha, 14 ta Prezident maktabining barchasi tasodifiy tanlanmaga kirgani haqidagi izohning o‘zi statistik nuqtai nazardan savollar tug‘diradi. Keyinchalik PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shleyxer bilan OAV orqali bog‘lanilgach, Prezident maktablari O‘zbekiston tomonining taklifi bilan alohida guruh sifatida kiritilgani haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lgan.
Ekspert Prezident maktablarini O‘zbekistonning o‘rtacha maktabi bilan tenglashtirish mumkin emasligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, bu maktablarda o‘quvchilar Kembrij dasturlari va darsliklari asosida, ingliz tilida ta’lim oladi. Ta’lim jarayonida xorijiy va mahalliy mutaxassislar ishtirok etadi, o‘quvchilar bir smenada o‘qiydi va maktabga kirish uchun katta tanlovdan o‘tadi.
«Prezident maktablaridagi ta’lim bu O‘zbekistondagi ta’lim emas», — dedi Jalilov.
Bu fikr bilan u Prezident maktablarining ta’lim sifati pastligini emas, balki ularning sharoiti va o‘quvchilar tarkibi O‘zbekiston maktablarining o‘rtacha holatini aks ettirmasligini nazarda tutadi.
Reprezentativlik masalasi
Ekspertning asosiy e’tirozi Prezident maktablarining PISA natijasiga qo‘shilishidan ko‘ra, ularning tanlanmada qanday aks ettirilganiga borib taqaladi.
Jalilov reprezentativ tanlanma orqali butun mamlakat haqida xulosa chiqarish mumkinligini, ammo buning uchun tanlanma mamlakatdagi real tarkibni aks ettirishi kerakligini tushuntirdi.
U buni sho‘rvaning ta’mini bilish uchun uning hammasini ichish shart emasligi, ozgina qismini tatib ko‘rish kifoyaligi bilan qiyosladi. Biroq olingan qism butun sho‘rvani aks ettirishi kerak.
Shu nuqtai nazardan, unin fikricha, barcha Prezident maktablarining tanlanmaga kiritilishi reprezentativlik bo‘yicha savol tug‘diradi.
«Reprezentativlik nima degani? Ya’ni o‘sha tanlanma butun O‘zbekistonni aks ettirishi kerak», — dedi ekspert.
Prezident maktablari 83 ballik o‘sishni ta’minladimi?
Shu bilan birga, Jalilov Prezident maktablari O‘zbekistonning 83 ballik o‘sishiga asosiy sabab bo‘lgan, degan xulosani qo‘llab-quvvatlamaydi.
Uning fikricha, agar o‘sish asosan Prezident maktablari hisobiga yuzaga kelganida, tabiiy fanlar bo‘yicha eng yuqori darajalarga erishgan o‘quvchilar ulushi ham ancha yuqori bo‘lishi kutilardi.
Ekspert PISA hisobotidagi maktablar natijalari aks etgan grafikda bir-biriga yaqin joylashgan va boshqa maktablarga nisbatan ancha yuqori natija ko‘rsatgan 14 ta nuqtaga e’tibor qaratdi. Uning taxminiga ko‘ra, 580–600 ball atrofidagi ushbu natijalar Prezident maktablariga tegishli bo‘lishi mumkin.
«Mening taxminim bo‘yicha mana shular o‘sha Prezident maktablarining natijalari bo‘lishi kerak», — dedi u.
Jalilov bu raqamlar ayrim yuqori natijali mamlakat va hududlarning o‘rtacha ko‘rsatkichlariga yaqinligini ham qayd etdi. Ammo unincha, bu yerda muhim farq bor: O‘zbekistondagi bunday natija yuqori tanlovdan o‘tgan va alohida sharoitlarda ta’lim olayotgan o‘quvchilar guruhiga tegishli bo‘lishi mumkin.
Shu sababli u bunday natijani butun O‘zbekiston ta’lim tizimi bilan taqqoslashda ehtiyotkorlik zarurligini ta’kidladi.
Ta’limdagi tafovut qanchalik katta?
Jalilovning fikricha, Prezident maktablari masalasi faqat PISA natijasiga borib taqalmaydi. Bu yerda ta’limdagi ijtimoiy-iqtisodiy tafovut masalasi ham mavjud.
U PISA ma’lumotlarida o‘quvchilar ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga ko‘ra to‘rt guruhga ajratilishini eslatdi. Ekspertning taxminicha, yuqori natija ko‘rsatgan va Prezident maktablari bo‘lishi mumkin deb hisoblayotgan 14 ta nuqta o‘rtadan yuqori ijtimoiy-iqtisodiy qatlamga yaqin joylashgan.
Jalilovning fikricha, Prezident maktabiga kirish uchun faqat imtihondan o‘tishning o‘zi yetarli emas. Bola qo‘shimcha tayyorgarlik ko‘rishi uchun oila vaqt, mablag‘ va boshqa resurslarga ega bo‘lishi kerak.
«Xohlaysizmi-yo‘qmi, o‘sha Prezident maktablari o‘sha o‘rtadan yuqori bo‘lgan qatlamning bolalarini terib olyapti-da», — deydi ekspert suhbatda.
Masala korrupsiya yoki tanlovning adolatliligi bilangina cheklanmaydi. Oilaning farzandini qo‘shimcha tayyorlash imkoniyati ham ta’limdagi tenglikka ta’sir qiladi.
«Oddiy maktabdagi bola sakkiz yil orqada qolishi» xavfi
Jalilov PISA grafiklaridagi ehtimoliy Prezident maktablari natijalari bilan O‘zbekistonning o‘rtacha natijasi o‘rtasidagi farqni ham alohida xavf sifatida ko‘rsatdi.
U 580 ball atrofidagi natija bilan O‘zbekistonning o‘rtacha 430 ball atrofidagi natijasi o‘rtasidagi qariyb 150 ballik farqni PISA’dagi bir yillik o‘qishga tenglashtiriladigan 20 ballik mezon bilan qiyosladi.
«150 ball degani boyagi, masalan, bir yillik o‘qish 20 ballga teng deb oladigan bo‘lsak, PISAning o‘zidagi bu hisob-kitoblar, bu degani yetti, yetti yarim, sakkiz yillik farq degani», — dedi u.
Ekspert bunday tafovutni o‘rta ta’lim uchun xavfli deb hisoblaydi.
«O‘rta ta’limning maqsadi hammaga sifatli ta’lim olish uchun teng imkoniyatlar yaratish kerak», — dedi Jalilov.
Uningcha, o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishlari turlicha bo‘lishi tabiiy. Ammo davlat maktablari o‘rtasidagi akademik tafovutning haddan tashqari kattalashib ketishi ta’lim tizimining asosiy vazifasiga zid.
Muammo faqat o‘quvchilarda emas — yaxshi kadrlar ham ajralib chiqmoqda
Ekspert ta’limdagi tafovutni faqat o‘quvchilar tarkibi bilan izohlash yetarli emasligini aytdi. Uningcha, Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda xususiy maktablar yaxshi pedagoglarni o‘ziga jalb qilishi mumkin.
Buning sababi — yuqoriroq maosh, yaxshiroq sharoit va kasbiy o‘sish imkoniyatlari.
«Yaxshi mutaxassis o‘sha yoqqa harakat qiladi», — dedi Jalilov.
Natijada, unin fikricha, oddiy maktablar nafaqat kuchli o‘quvchilarni, balki kuchli pedagoglarni ham yo‘qotishi mumkin. Bu esa maktablar o‘rtasidagi tafovutni yanada kuchaytirish ehtimolini yuzaga keltiradi.
Avval barcha maktablar uchun bazaviy standartlar
Jalilov Prezident maktablarini tugatish yoki ularning sharoitlarini oddiy maktablar darajasiga tushirish tarafdori emasligini alohida ta’kidladi. Uning taklifi — avvalo barcha davlat maktablari uchun ta’lim sifati va sharoitlarning umumiy standartlarini ta’minlash.
Uning fikricha, maktablarning bir yoki uch smenada ishlashi, sanitariya sharoitlari, kutubxona va boshqa bazaviy imkoniyatlar bo‘yicha talablar aniq bo‘lishi kerak.
«Oldin hech bo‘lmaganda oddiy maktablarni bazaviy standartlar darajasiga chiqarib olaylik», — dedi ekspert.
Shundan keyingina mavjud resurslarni alohida ixtisoslashtirilgan maktablarga qo‘shimcha yo‘naltirish masalasini ko‘rib chiqish mumkin, deb hisoblaydi u.
Ta’limdagi tafovut ijtimoiy tafovutga aylanishi mumkin
Jalilov ta’limdagi keskin farqlar uzoq muddatda faqat maktab masalasi bo‘lib qolmasligini ta’kidladi.
Uning fikricha, turli qatlamlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar o‘rtasidagi keskin tafovut jamiyatdagi ijtimoiy ajralishni ham kuchaytirishi mumkin.
«Ijtimoiy tafovutlar, ijtimoiy muammolarga olib keladi. O‘sha turli tabaqalar, turli o‘sha nimalar o‘rtasidagi keskin tafovutlar va keskin dushmanlikka ham olib keladi-da bu narsa», — dedi u.
Ekspert Prezident maktablari o‘quvchilarining o‘zini jamiyatdagi alohida guruh sifatida his qilishi ehtimoliga ham e’tibor qaratdi. Uningcha, davlat maktablari o‘rtasidagi bunday farqlar «kim nimaga loyiq» degan qarashlarni kuchaytirishi mumkin.
2030-yilgacha nima o‘zgarishi kerak?
Jalilov O‘zbekiston ta’lim tizimida o‘zgarishlar borligini inkor qilmaydi. U kompetensiyaviy yondashuv va yangi o‘quv dasturlarini shunday o‘zgarishlar qatoriga kiritadi.
Ammo ekspertning fikricha, bu islohotlar samara berishi uchun ta’limni boshqarishdagi yondashuv ham o‘zgarishi kerak.
U ta’lim tizimining haddan tashqari markazlashgan boshqaruvidan voz kechish, o‘qituvchilar va maktablarga ko‘proq ishonch hamda vakolat berish zarurligini aytdi.
«Ko‘proq ishonch bildirishimiz kerak o‘qituvchilarga, maktablarning o‘ziga. Vakolatni ko‘proq o‘zlariga berishimiz kerak-da», — dedi Jalilov.
Uningcha, ta’limdagi real o‘zgarishlar reyting yoki xalqaro tadqiqotdagi o‘rin bilan o‘lchanmasligi kerak.
«PISA’dagi o‘rinni yaxshilash bo‘lmasligi kerak»
Ekspert suhbat yakunida PISA va boshqa xalqaro tadqiqotlarga munosabat masalasini asosiy muammo sifatida ko‘rsatdi.
Uning fikricha, xalqaro reytinglarda yuqorilashga erishishning o‘zi maqsad qilib olinadigan bo‘lsa, tizim tadqiqotning asl vazifasidan uzoqlashadi.
«PISAmi yoki boshqa har qanday xalqaro bir reytinglarda, xalqaro tadqiqotlarda qatnashayotganimizda, natijalarni o‘sha birovga yoki o‘zimizga ko‘rsatish uchun yaxshilashdan voz kechishimiz kerak», — dedi Jalilov.
Uningcha, PISA ta’lim tizimining haqiqiy holatini ko‘rsatib berishi va shu asosda fundamental muammolarni aniqlashga xizmat qilishi kerak.
«Biz haqiqiy ahvolimiz yaxshi, maqsad haqiqiy ahvolni yaxshilash bo‘lishi kerak. Ya’ni, o‘sha fundamental muammolarni, fundamental sabablarni hal qilish bo‘lishi kerak. Ya’ni, PISA’dagi o‘rinni yaxshilash bo‘lishi kerak emas», — dedi ekspert.
Jalilovning fikricha, agar keyingi PISA siklida natijalar yana keskin o‘zgarib ketsa, bu avvalgi natijalarning tizimli va barqaror bo‘lmaganini ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli u kichikroq bo‘lsa ham, real va barqaror o‘sishni afzal ko‘radi.
«Ko‘zlangan natijaga balkim sekinroq erisharmiz, lekin erishgan natijamiz barqaror bo‘ladi», — dedi Komil Jalilov suhbat yakunida.
Теглар






