Pokiston Saudiyani himoya qilish uchun minglab harbiy yubordi
Avvalroq Pokiston mudofaa vaziri ikki davlat o‘rtasidagi harbiy bitim Saudiya Arabistonini Islomobodning yadroviy «soyaboni» ostiga olishiga shama qilgan edi.

Pokiston Saudiya Arabistoniga 8 ming nafar harbiy xizmatchi, qiruvchi samolyotlar eskadrilyasi va havo hujumidan mudofaa tizimlarini joylashtirdi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro mudofaa pakti doirasida amalga oshirilgan.
Xabarlarga ko‘ra, joylashtirilgan kuchlar Saudiya hududiga ehtimoliy hujum yuz bergan taqdirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan. Rasmiy Islomobod va Ar-Riyod hozircha ushbu ma’lumotlarga izoh bermagan.
Ma’lum qilinishicha, Pokiston aprel oyida Saudiyaga Xitoy bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan taxminan 16 ta «JF-17» qiruvchi samolyotini yuborgan. Shuningdek, ikki eskadrilya dron va Xitoyning «HQ-9» havo mudofaa tizimi ham joylashtirilgan.
Harbiy texnika Pokiston mutaxassislari tomonidan boshqarilayotgani, moliyalashtirish esa Saudiya hisobiga amalga oshirilayotgani aytilmoqda. Manbalarga ko‘ra, zarurat tug‘ilsa, qo‘shimcha kuchlar ham yuborilishi mumkin.
Yashirin mudofaa pakti
O‘tgan yili imzolangan mudofaa kelishuvining to‘liq shartlari maxfiy saqlanmoqda. Biroq ikki davlat ham hujum holatida bir-birini himoya qilish majburiyatini olganini tasdiqlagan.
Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Osif avvalroq ushbu kelishuv Saudiya Arabistonini Pokistonning yadroviy «soyaboni» ostiga olishiga shama qilgan edi. Manbalarga ko‘ra, kelishuv doirasida Saudiya hududiga 80 ming nafargacha pokistonlik harbiy joylashtirish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, kelishuv dengiz kuchlarini ham qamrab oladi. Ayrim xavfsizlik manbalari Pokiston harbiy kemalari ham mintaqadagi missiyaga jalb qilinishi mumkinligini bildirgan.
Eron urushi omili
«Reuters» agentligi avvalroq Eronning zarbalari natijasida Saudiya Arabistoni energetika infratuzilmasiga shikast yetkazilganidan so‘ng, Pokiston samolyotlari qirollikka yuborilgani haqida xabar bergan edi.
Keyinchalik Islomobod Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarda asosiy vositachiga aylandi. Pokiston AQSH va Eron o‘rtasidagi yagona tinchlik muzokarasiga mezbonlik qildi va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishda ishtirok etdi. Islomobod muloqotning keyingi bosqichlarini ham rejalashtirgan bo‘lsa-da, yakunda tomonlar ularni bekor qildi.





