Pul tinchlikni sevadi: Dunyo moliyaviy markazi bo‘lgan Dubay xavf ostida

Yaqin Sharqdagi urush allaqachon Dubayga ham yetib kelgan. Eronning dron va raketalari shahar infratuzilmasiga tahdid solar ekan, dunyo moliyaviy markazlaridan biri o‘z nufuzi va sarmoyalar oqimini saqlab qola oladimi, degan savol kun tartibiga chiqdi.

Pul tinchlikni sevadi: Dunyo moliyaviy markazi bo‘lgan Dubay xavf ostida

Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar boshlanganidan ikki hafta o‘tib, Eron Dubayda joylashgan Amerikaning «Citibank» bankiga zarba berdi. Birgina 14-mart kunining o‘zida BAA havo hujumidan mudofaa tizimlari 9 ta ballistik raketa va 33 ta jangovar dronni urib tushirganini ma’lum qildi.

Dubay sohillari, savdo markazlari, banklari va mehmonxonalari odatdagidan ancha huvillab qolgani xabar qilinmoqda. Bunda ajablanarli narsa yo‘q: sayyohlar hududni zudlik bilan tark etishga shoshilmoqda, yirik banklar va xalqaro kompaniyalar esa o‘z xodimlarini mamlakatdan evakuatsiya qildi yoki masofaviy ish tartibiga o‘tkazdi.

 Hamma bir savolga javob izlamoqda: bu vaziyat hali uzoq davom etadimi?

Mahalliy hukumat xavfsizlikni ta’minlash uchun bor kuchini safarbar etayotganini, tez orada vaziyat barqarorlashib, hayot o‘z maromiga qaytishini aytib, barchani xotirjamlikka chaqirmoqda. Bu harakatlarni tushunish mumkin, zero mintaqadagi eng barqaror moliyaviy markaz va noyob sayyohlik maskanining nufuzi xavf ostida qolgan.

Ammo hayotning me’yoriy holatga qaytishi haqidagi savol hamon ochiqligicha qolmoqda.

1

«Bloomberg» nashri yana bir global moliyaviy markaz tarixidagi ayanchli sahifalarni yodga oladi. 2020–2022-yillarda Xitoy hukumati olib borgan kovidga qarshi qat’iy siyosati tufayli minglab bankirlar, huquqshunoslar va moliya sohasining boshqa mutaxassislari Gonkongni tark etishga majbur bo‘lgan edi. O‘shanda odamlar o‘z ko‘chmas mulklari, avtomobillari va hatto sevimli uy hayvonlarini ham tashlab ketishgan.

Bu manzara bugungi Dubaydagi voqealarni yodga soladi: u yerda ham ustunlarga bog‘lab ketilgan yoki ko‘chalardagi qutilarda qoldirib ketilgan uy hayvonlari haqida xabarlar tarqalmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Gonkongni 200 mingga yaqin kishi — aholining qariyb 2,5 foizi tark etgan. Ularning bir qismi Singapurdan qo‘nim topmoqchi bo‘lgan, biroq mahalliy hukumat bunday katta oqimga mamlakat infratuzilmasi dosh bera olmasligidan xavotirlanib, tez orada chet elliklar uchun tartibni qattiqlashtirgan.

Dubay esa, aksincha, hammani qabul qilishga harakat qildi va natijada asosiy sarmoyalar oqimi aynan shu yerga yo‘naldi. Gonkongni tark etganlar safiga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush sabab o‘z yurtini tark etgan badavlat shaxslar ham kelib qo‘shildi.

2020-yildan buyon Dubayga 400 mingdan ortiq kishi ko‘chib kelib, shahar aholisi 3,8 million nafarga yetdi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida Amirliklardan 9 800 nafar millioner qo‘nim topdi — bu dunyodagi istalgan boshqa mamlakatdagidan yuqori ko‘rsatkichdir. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Dubay xalqaro moliya markazida 290 dan ortiq bank, 102 ta xej-fond va kapitalni boshqarish bilan shug‘ullanuvchi 500 ta yirik kompaniya faoliyat yuritmoqda.

Ko‘chmas mulk bozorida talab shiddat bilan ortib bormoqda. Masalan, Dubayning yetakchi developeri — «Emaar Properties» kompaniyasi urush boshlanishidan avval 40 milliard dollardan ortiqqa baholangan edi. Biroq bugungi kunda mazkur ulkan boyliklar Eron dronlari va raketalari uchun nishonga aylanmoqda. Urushning dastlabki kunlaridayoq mahalliy birjalar faoliyatining ikki kunga to‘xtab qolgani moliya olami uchun mutlaqo favqulodda va kutilmagan hodisa bo‘ldi.

2

Dunyo mamlakatlarining uchdan bir qismiga to‘rt soatlik, uchdan ikki qismiga esa sakkiz soatlik parvoz masofasida joylashgan mashhur Dubay aeroporti ham zarbalar nishoniga aylanmoqda. 272 ta yo‘nalish, 107 ta davlat, o‘tgan yilning o‘zida yarim millionga yaqin uchish-qo‘nish amaliyoti va 95 milliondan ziyod yo‘lovchi — bu raqamlar aeroportning strategik ahamiyatini yaqqol ifodalaydi.

Agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi neft va gaz oqimlari uchun hayotiy muhim yo‘l bo‘lsa, Dubay — moliyaviy oqimlar va xalqaro aviaqatnovlar tutashgan bosh tugundir. Uning faoliyatini izdan chiqarish — Eronda mavjud bo‘lmagan atom bombasini portlatish bilan barobar. Bunday zarbaning oqibatlari yadroviy portlashdan-da vayronkorroq bo‘lishi mumkin, chunki uning ta’siri mahalliy emas, balki to‘laqonli global xususiyatga ega. Aynan shu sababli Tehron BAAni va xususan Dubayni Isroildan ham ko‘proq o‘qqa tutmoqda. Bu bilan ular go‘yoki: «Agar bizni bombalashni to‘xtatmasangiz, biz butun dunyoga maksimal darajada zarar yetkazamiz», demoqchi bo‘lishyapti.

Ichki keskinlik kuchayishi fonida, yaqingacha Dubay aholisining 90 foizini tashkil etuvchi chet elliklar uchun ancha yumshoq bo‘lgan mahalliy tartib-qoidalar ham qattiqlashmoqda. Kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishda ayblanib, allaqachon 21 kishi hibsga olindi. Ushbu holatlarning aksariyati Eron dronlari va raketalari keltirgan vayronagarchiliklarni mobil telefonlarga tasvirga olish bilan bog‘liq.

Biroq Amirliklar qonunchiligida qoidabuzarlik tushunchasi keng talqin qilinadi: ijtimoiy tarmoqlarda bunday foto va videolarni qayta ulashish yoki ular ostida izoh qoldirish ham javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Bunday xatti-harakatlar 5,5 ming dollardan 55 ming dollargacha jarima, ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki mamlakatdan deportatsiya qilinish bilan jazolanadi. Bunday sharoitda Dubay yevropacha turmush tarzi va turizm uchun avvalgidek jozibador bo‘lmay qolmoqda, bu esa o‘z navbatida shaharning «xavfsiz makon» sifatidagi obro‘si va istiqbollariga jiddiy putur yetkazmoqda.

«Bloomberg» nashrining eslatishicha, XX-asrning 70-yillarigacha O‘rta Yer dengizining durdonasi bo‘lmish Livan poytaxti Bayrut ham nihoyatda jozibador moliyaviy markaz bo‘lgan. Biroq harbiy-siyosiy beqarorlik ushbu shaharni qisqa fursatda yashash uchun xavfli va biznes uchun yaroqsiz hududga aylantirgani barchaga ma’lum.

Zero, pul tinchlikni sevadi. Agar yaqin kelajakda Dubayga barqarorlik va xavfsizlik qaytmasa, ulkan mablag‘lar oqimi bu yerni tark etishi mumkin.

 

Теглар

Мавзуга оид