Logo

Putinning oilasini qiziqtirayotgan mavzu: Inson abadiy yashashi mumkinmi?

Бугун 20:446 дақиқа

Rossiyada umr davomiyligini uzaytirishning tibbiy, iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini o‘rganadigan yangi laboratoriya ish boshladi. Uning ochilishiga bag‘ishlangan forumda Vladimir Putinning qizi Mariya Voronsova qarish jarayonini o‘zgartirish istiqbollari haqida gapirdi hamda kelgusi 10–20 yil ichida bu yo‘nalishda ilmiy siljishlar bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Putinning oilasini qiziqtirayotgan mavzu: Inson abadiy yashashi mumkinmi?

2026 yilning 19-oktabr kuni «Skolkovo» Moskva boshqaruv maktabida umr davomiyligini uzaytirish va uning jamiyatga ta’sirini o‘rganishga mo‘ljallangan «Uzoq umr ko‘rish» laboratoriyasi ish boshladi. Loyiha taqdimotiga bag‘ishlangan forumda Moskva davlat universitetining Tibbiy ilmiy-ta’lim instituti direktori Mariya Voronsova ishtirok etdi. U jamoatchilikka Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qizi sifatida ham yaxshi tanish.

Voronsova uzoq umr ko‘rishni ikki muhim bosqichga ajratishni taklif qildi. Birinchi bosqich insonning sog‘lom hayot kechirib, umr imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishini nazarda tutadi. Ikkinchi bosqich esa inson umrining tabiiy chegaralaridan tashqariga chiqish, ya’ni qarish jarayonini biologik jihatdan o‘zgartirish yo‘llarini izlash bilan bevosita bog‘liq.

Mazkur laboratoriya «Skolkovo» boshqaruv maktabining Sog‘liqni saqlashni rivojlantirish markazi qoshida tashkil etilgan. Uning rasmiy sahifasida muassasa mudiri sifatida tibbiyot fanlari nomzodi Polina Glazkova ko‘rsatilgan. Voronsova esa laboratoriya ochilishiga bag‘ishlangan forumda ma’ruza qilgan.

Laboratoriyaning vazifasi faqat qarishni to‘xtatadigan dori yaratish bilan cheklanib qolmaydi. Rasmiy tavsifga ko‘ra, bu yerda uzoq umr ko‘rishning tibbiyot, demografiya, iqtisodiyot va strategik boshqaruvga oid jihatlari keng qamrovda o‘rganiladi.

Tadqiqotchilar inson umrining uzayishi sog‘liqni saqlash tizimiga, mehnat bozoriga, kasbiy faoliyat muddatiga, yangi xizmatlar va mahsulotlarga, shuningdek, davlat siyosatiga qanday ta’sir ko‘rsatishini tahlil qilishi kutilmoqda. To‘plangan ma’lumotlar asosida keksalarning hayot sifati va faolligini oshirishga qaratilgan boshqaruv yechimlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Voronsova: insonning umr imkoniyati — 85–90 yil

Forumda so‘zga chiqqan Voronsova inson umrini sun’iy ravishda uzaytirishga urinishdan oldin, mavjud umr imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligini ta’kidladi.

U birinchi bosqichni insonning 85–90 yillik salohiyatni yashab o‘tishi bilan izohladi. Buning uchun, uning fikricha, har bir shaxs bolaligidanoq o‘z sog‘lig‘iga e’tibor berishni o‘rganishi, to‘g‘ri ovqatlanishi, muntazam tibbiy ko‘riklardan o‘tishi va kasalliklarni erta aniqlashga harakat qilishi lozim.

Shuningdek, Voronsova sog‘liqni saqlash uchun mas’uliyatni faqatgina shifokorlar zimmasiga yuklab qo‘yish noto‘g‘ri ekanini aytdi. Uning fikricha, oila va ta’lim tizimi insonni bolaligidanoq sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishda eng muhim o‘rinni egallashi kerak. Shifokorga vaqtida murojaat qilish, profilaktik ko‘riklardan o‘tish va o‘z salomatligiga befarq bo‘lmaslik har bir insonning kundalik odatiga aylanishi lozimligi uqtirildi.

Voronsova ta’riflagan ikkinchi bosqich insonning tabiiy umr chegarasidan tashqariga chiqishga urinishi bilan bog‘liq.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi zamon ilm-fani bu borada biror-bir sezilarli yutuqqa erishgani yo‘q. Qarish jarayonini to‘xtatib qolish yoki organizmning biologik qarishini ortga qaytarishga qaratilgan usullarni ishlab chiqishda qator ilmiy va huquqiy to‘siqlar mavjud.

Voronsova qayd etgan asosiy to‘siqlardan biri — qarish jarayonining o‘zi haligacha kasallik sifatida tan olinmaganidir. Tibbiyotda biror dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uning aynan nimaga qarshi qo‘llanishi, qanday samara berishi va xavfsizligi klinik sinovlar orqali isbotlanishi shart. Qarish esa alohida bir tashxis yoki kasallik emas, balki vaqt o‘tishi bilan organizmda kechadigan murakkab biologik jarayonlar majmui sifatida baholanadi.

Shu sababli yosh o‘tishi bilan bog‘liq kasalliklarni davolash va umuman insonning biologik qarishini sekinlashtirish mutlaqo ikki xil vazifadir. Masalan, yurak-qon tomir xastaliklari, qandli diabet yoki neyrodegenerativ kasalliklarga qarshi dori ishlab chiqish bilan butun boshli organizmning qarishini to‘xtatuvchi universal vosita yaratishni aslo tenglashtirib bo‘lmaydi.

Voronsovaning fikricha, insoniyat qalbidagi «o‘limdan qo‘rquv» hissi sog‘liqni saqlash tizimini kelgusi 10–20 yil ichida qarish muammosiga yanada jiddiyroq yondashishga undashi mumkin.

Ilm-fan qarishni sekinlashtirishga qanchalik yaqin keldi?

Qarish biologiyasi bugungi kunda tibbiyotning eng faol tadqiqot yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Olimlar hujayralar faoliyatidagi o‘zgarishlar, to‘qimalarning qayta tiklanish qobiliyati, yallig‘lanish jarayonlari hamda yoshga bog‘liq xastaliklar o‘rtasidagi uzviy aloqalarni izchil o‘rganmoqda.

2024 yilda «Cell Metabolism» jurnalida e’lon qilingan ilmiy sharhda qarish jarayoniga qarshi ta’siri o‘rganilayotgan sakkiz turdagi dori vositasi va tabiiy birikmalar tahlil qilingan. Ular qatorida metformin, NAD+ prekursorlari, ayrim metabolik jarayonlarga ta’sir qiluvchi vositalar, senolitiklar hamda yallig‘lanishga qarshi preparatlar bor.

Maqola mualliflarining qayd etishicha, bu vositalarning ayrimlari yoshga doir kasalliklar, masalan, diabet, yurak-qon tomir xastaliklari, saraton va neyrodegenerativ kasalliklarga qarshi klinik sinovlardan o‘tkazilmoqda.

2025 yilda «Biogerontology» jurnalida chop etilgan yana bir ilmiy sharhda ham umrni uzaytirishga qaratilgan birorta tibbiy aralashuvning samarasi keng qo‘llash uchun yetarlicha isbotlanmagani va u to‘liq tayyor usul sifatida hanuz tan olinmagani ta’kidlangan.

«Uzoq umr ko‘rish» laboratoriyasining ochilishi ortida faqatgina biologiyaga oid savollar emas, balki globa demografik o‘zgarishlar ham yotibdi. Insonlarning umri uzayib borgani sari davlatlar sog‘liqni saqlash, pensiya tizimi, mehnat bozori hamda keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha butunlay yangi vazifalar va chaqiriqlarga duch kelmoqda.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti» («JSST») ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 60 yosh va undan katta aholi soni 2023 yilda taxminan 1,1 milliard kishini tashkil etgan. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkichning 1,4 milliardga yetishi kutilmoqda. 2050 yilga kelib esa 60 yoshdan oshganlar soni 2,1 milliardga qadar ko‘payishi taxmin qilinmoqda.

«JSST» statistik ma’lumotlarida qayd etilishicha, 2024 yilda tug‘ilgan chaqaloqlar uchun jahon miqyosida kutilayotgan o‘rtacha umr davomiyligi 73,3 yoshga yetgan. Bu 1995 yildagi ko‘rsatkichlarga qaraganda 8,4 yilga ko‘p.

Putin organizmni yoshartirish mavzusiga qiziqadi

Avvalroq Rossiyada qarishga qarshi vaksina — hujayralardagi yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlarga javobgar genni bloklaydigan preparat ishlab chiqilayotgani haqida Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Denis Sekirinskiy ma’lum qilgan edi. Ushbu vositani yaratish ustida Qarish biologiyasi va tibbiyoti instituti olimlari izlanmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova ham 2028–2030 yillarga borib bunday dorilarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishiga va’da bergan. Mazkur tadqiqotlar Vladimir Putinning topshirig‘iga binoan 2025 yilda ishga tushirilgan «Sog‘liqni saqlashning yangi texnologiyalari» milliy loyihasi doirasida olib borilmoqda. Kremlga yaqin manbaning «Meduza» nashriga ma’lum qilishicha, bu tashabbusga prezidentning yaqin do‘sti, «mangu hayot ishtiyoqida yonib yashayotgan» hamda genetika sohasidagi mahalliy ishlanmalar bo‘yicha federal dasturga bosh-qosh bo‘lgan «Kurchatov instituti» rahbari Mixail Kovalchukning ilgari surgan g‘oyasi sabab bo‘lgan. Ushbu dasturda Mariya Voronsova ham ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, 2025 yilda Putinning topshirig‘i bilan «Uzoq va faol hayot» milliy loyihasi ham start oldi. Ushbu dastur hamda «Sog‘liqni saqlashning yangi texnologiyalari» loyihasiga umumiy hisobda 2 trillion rubldan ortiq mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. Putin Rossiyada o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 2030 yilgacha 78 yoshga, 2036 yilgacha esa 81 yoshga yetkazish vazifasini qo‘ygan. Hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 74,2 yoshni tashkil qilmoqda.

Putinning o‘zi ayni paytda 74 yoshda. Mamlakatdagi aksariyat oliy mansabdor shaxslar ham taxminan shu yosh atrofida. Rossiyada erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 68 yoshga teng.

OAV ma’lumotlariga qaraganda, Putin anchadan buyon organizmni yoshartirish mavzusiga jiddiy qiziqib keladi. Xususan, 2025 yilning sentabr oyida Pekinga qilgan tashrifi chog‘ida u Xitoy rahbari Si Jinping bilan zamonaviy texnologiyalar va organlarni ko‘chirib o‘tkazish orqali mangu hayotga erishish imkoniyatlarini muhokama qilgan. O‘shanda Si Putinni «shu asrning o‘zidayoq 150 yil yashash imkoniyati borligiga» ishontirgani aytiladi.

Теглар

Мавзуга оид