Qaysi sug‘urta kompaniyasi eng ko‘p foyda oldi?

O‘zbekistondagi sug‘urta tashkilotlari 2026 yilning birinchi choragida 276 mlrd so‘m sof foyda qayd etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 barobarga ko‘p.

Qaysi sug‘urta kompaniyasi eng ko‘p foyda oldi? © istock

O‘zbekiston sug‘urta bozori ishtirokchilari birinchi chorak yakunlari bo‘yicha moliyaviy natijalarini e’lon qildi. «Insurer” kanali muallifi tomonidan o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, hisobot topshirgan 35 ta sug‘urta tashkilotining umumiy sof foydasi 276 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Tahlil natijalari sug‘urta sektorining moliyaviy barqarorligi mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, kompaniyalarning jami sof foydasi ikki barobardan ko‘proqqa oshgan.

Birinchi chorakni foyda bilan yakunlagan kompaniyalar soni mutlaq ko‘pchilikni tashkil etdi. Faqat «Euroasia Life Insurance», «Ishonch» va «Alskom» sug‘urta tashkilotlari ushbu davrni zarar bilan yakunlagan.

Eng ko‘p foyda olganlar

2026 yilning I choragida «Apex Insurance» eng yuqori moliyaviy natijani qayd etdi. Kompaniya 87,8 mlrd so‘m sof foyda bilan bozor yetakchisiga aylandi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 53,3 mlrd so‘mga ko‘pdir.

Shu bilan birga, foyda o‘sishi bo‘yicha eng yuqori natija «Euroasia Insurance» hissasiga to‘g‘ri keldi. Kompaniya sof foydasini qariyb to‘qqiz barobarga oshirib, 64 mlrd so‘mga yetkazgan. Keyingi o‘rinlarda esa «O‘zbekinvest» (20,3 mlrd so‘m), «Kafolat» (12,9 mlrd so‘m), «Xalq Sug‘urta» (11,1 mlrd so‘m) kompaniyalari joy olgan.

O‘sish sur’ati jihatidan «MY-INSURANCE» hamda «TEMIRYO‘L-SUG‘URTA» kompaniyalari yetakchi bo‘ldi. Ularning ko‘rsatkichlari bir yil oldingi davrga nisbatan mos ravishda 68 va 55 barobarga oshgan.

Ayrim kompaniyalarda pasayish kuzatildi

Shu bilan birga, barcha ishtirokchilarda ham ijobiy dinamika qayd etilmagan. Hisobot davrida 12 ta sug‘urta tashkilotining sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan.

Eng katta pasayish «Alskom» sug‘urta tashkilotida qayd etilgan bo‘lib, kompaniya o‘tgan yilga nisbatan 16 mrld so‘mga yaqin zarar ko‘rgan.

photo_2026-06-01_12-47-01

Теглар

Мавзуга оид