Qirg‘izistonlik deputatlar Qozog‘iston bilan chegara tartibini o‘zgartirishni talab qilmoqda

23.02.2026 | 22:412 дақиқа

Qirg‘izistonlik deputatlar Qozog‘iston bilan chegaradagi cheklovlarni inson huquqlari va oilaviy aloqalar nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

Qirg‘izistonlik deputatlar Qozog‘iston bilan chegara tartibini o‘zgartirishni talab qilmoqda

Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati Gulya Kojokulova Qozog‘iston bilan chegaradagi o‘tkazish rejimini o‘zgartirish zarurligini ma’lum qildi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.

Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati Gulya Kojokulova Qozog‘iston bilan chegaradagi o‘tkazish rejimi bo‘yicha masalani hal qilishga chaqirdi. U bu haqda «Qirg‘iziston Respublikasi hukumati va Qozog‘iston Respublikasi hukumati o‘rtasidagi davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi 2003 yil 25-dekabrdagi kelishuvga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi, 2025 yil 22-avgustda Bishkek shahrida imzolangan protokolni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida so‘z ochdi.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlatning chegara oldi hududlarida yashaydigan va ishlaydigan ko‘plab Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolari 90 ga 180 rejimi bilan bog‘liq chegaradagi o‘tkazish punktlaridan o‘tish muammolaridan shikoyat qilmoqda (Qirg‘iziston fuqarolari Qozog‘istonda (va aksincha) 180 kunlik davr ichida 90 kundan ortiq bo‘la olmaydi - Tahr.).

«O‘zingizga ma’lumki, chegaradan o‘tishda ruxsat berilgan o‘sha 90 kun fuqarolarning chiqish va kirishlarini qo‘shish yo‘li bilan hisoblanadi. Qozog‘iston – birodar mamlakat, ikki davlat prezidentlari o‘rtasida yaxshi munosabatlar shakllangan, nahotki xalq qiynalmasligi uchun ushbu 90 ga 180 rejimini olib tashlash mumkin bo‘lmasa?

Axir bizni ko‘p narsa bog‘lab turadi, odamlar ikki davlat bozorlarida ishlashadi, aralash nikohlar ko‘p. Bu masalani tezkorlik bilan hal qilish kerak, agar kerak bo‘lsa xalq diplomatiyasini ishga solib, Qozog‘iston bilan muzokaralarda katta qat’iyat ko‘rsatish lozim», – deb ta’kidladi Gulya Kojokulova.

Vaziyatning sabab va oqibatlari

Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev 90 ga 180 rejimini qo‘llamaslik masalasi Qozog‘iston bilan anchadan beri muhokama qilinayotganini qayd etdi.

«Har yili biz buni qo‘shni davlat oldida ko‘taramiz. Biroq 2025 yilda so‘rovimizga javob olmadik va Qozog‘iston fuqarolariga nisbatan ham shunday rejimni qo‘llashga majbur bo‘ldik. Agar ertaga Qozog‘iston ushbu rejimni bekor qilsa, biz ham darhol undan voz kechamiz. Shu bilan birga ta’kidlamoqchimanki, Qozog‘iston fuqarolari ro‘yxatdan o‘tishda byurokratik to‘siqlarga duch kelishmayapti. Biz chegaradagi vaziyatni doimiy monitoring qilib boryapmiz va aytishimiz mumkinki, Qirg‘izistonga kira olmayotgan Qozog‘iston fuqarolarining katta soni kuzatilmayapti. Shuningdek, hozirda qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish orqali Qirg‘iziston hududiga kira olmayotgan Qozog‘iston fuqarolarining muayyan toifalari uchun yengilliklar joriy etish niyatidamiz», – deya qo‘shimcha qildi u.

Теглар

Мавзуга оид