Logo

Rahmonaliyev gol urgan o‘yin «Sabah»ga 20 million yevro mukofotni kafolatladi

Бугун 18:272 дақиқа

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarimhimoyachisi Umarali Rahmonaliyev to‘p suradigan «Sabah» klubi Isroilning «Xapoel» jamoasini 5:2 hisobida mag‘lub etib, UEFA Chempionlar Ligasining asosiy turniriga yo‘llanma oldi.

Rahmonaliyev gol urgan o‘yin «Sabah»ga 20 million yevro mukofotni kafolatladi © Foto: azerisport.com

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Umarali Rahmonaliyev o‘ynaydigan «Sabah» klubi UEFA Chempionlar Ligasining asosiy turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Isroilning «Xapoel» jamoasiga qarshi kechgan hal qiluvchi javob uchrashuvi 5:2 hisobida ozarboyjonliklar foydasiga hal etildi. Ushbu g‘alabaga o‘zbek futbolchisi ham o‘zining muhim goli bilan munosib hissa qo‘shdi.

Rahmonaliyev uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi va mezbonlarning ikkinchi goliga mualliflik qildi. U 80-daqiqada zahiraga olindi.

«Sofascore» uning harakatlarini 8,1 ballga baholadi. «Flashscore» esa o‘zbek futbolchisini uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb topdi.

Bu gol nafaqat jamoaning tarixiy g‘alabasiga, balki «Sabah» uchun katta moliyaviy muvaffaqiyatga ham hissa qo‘shdi. Pley-off bosqichidagi g‘alaba klubga 11 million yevrodan ortiq daromad keltirdi.

20 million yevro

Asosiy bosqichga chiqish natijasida «Sabah» kamida 20 million 175 ming yevro mukofot puli olishi kafolatlandi.

UEFA Chempionlar Ligasining liga bosqichida ishtirok etadigan 36 ta klubning har biriga 18 million 620 ming yevro miqdoridagi bazaviy to‘lov ajratiladi.

Jamoa birorta ham ochko to‘plamasa va musobaqani eng so‘nggi o‘rinda yakunlasa ham, qo‘shimcha 275 ming yevro oladi. Translyatsiya bozori va UEFA koeffitsiyentlariga bog‘liq to‘lovlar hisobiga Boku klubi kamida yana 1 million 280 ming yevro ishlab topadi.

Bonuslar bu bilan cheklanmaydi. Asosiy bosqichdagi har bir g‘alaba klubga 2 million 100 ming yevro, har bir durang esa 700 ming yevro qo‘shimcha daromad keltiradi.

Ozarboyjon uchun tarix

«Sabah» saralashning barcha to‘rt bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, Ozarboyjon futboli tarixida «Qorabog‘»dan keyin Chempionlar Ligasining liga bosqichiga chiqqan ikkinchi klubga aylandi.

Shu bilan birga, «Sabah» mamlakatning yevrokuboklar asosiy bosqichida qatnashgan to‘rtinchi klubi bo‘ldi. Bundan avval «Neftchi» va «Gabala» Yevropa Ligasida ishtirok etgan.

Теглар

Мавзуга оид