Rossiya oligarxlarining boyligi ko‘paydi

Бугун 11:553 дақиқа

Rossiyalik milliarderlarning boyligi mamlakat aholisining banklardagi omonatlari hajmidan oshib ketdi.

Rossiya oligarxlarining boyligi ko‘paydi

2026-yilda Rossiyalik milliarderlarning jami boyligi yangi tarixiy maksimumga – 696,5 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda «Forbes» xabar berdi.

Jurnalning global reytingida hozir Rossiyadan 155 nafar vakil bor, bu ham rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Milliarderlarning boyligi aholining muddatli rubl omonatlaridagi jamg‘armalar hajmidan (joriy hisoblar hisobga olinmagan) oshib ketdi. Rossiya Banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-fevral holatiga ko‘ra ularning hajmi 46,23 trln rublni tashkil etgan. Hozirgi kurs – bir dollar uchun 78,74 rubl hisobida bu 587 mlrd dollarga teng.

2022-yilda sanksiyalar va fond bozorining pasayishi sabab Rossiyalik milliarderlarning jami boyligi 352,8 mlrd dollargacha qisqargan, ularning soni esa 88 nafarga tushgan edi. Biroq keyingi yillarda ularning kapitali tiklandi va ketma-ket to‘rtinchi yil o‘sishni davom ettirmoqda.

Rossiya boylari kimlar?

Eng boy rossiyalik «Severstal» egasi Aleksey Mordashov bo‘lib, uning boyligi 37 mlrd dollarga baholanadi. Jahon reytingida u 57-o‘rinni egallaydi. Ikkinchi o‘rinda «Norilskiy nikel» va «T-Bank» egasi Vladimir Potanin (jahon ro‘yxatida 79-o‘rin) turadi. Bir yil ichida uning boyligi 5,5 mlrd dollarga o‘sib, 29,7 mlrd dollarga yetgan. Uchinchi o‘rinni «Lukoyl» asoschisi Vagit Alekperov egallagan. Uning boyligi 29,5 mlrd dollar deb baholanmoqda (81-o‘rin).

2026-yilda ro‘yxatga Rossiyadan yana 14 nafar yangi vakil ilk bor kiritildi. Ular orasida Vengriya kompaniyalarida ulushlarga ega bo‘lgan «Kafijat» va «MGTR Alliance» investitsiya xoldinglari egalari – aka-uka Ruslan va Timur Rahimqulov ham bor. Ularning boyligi mos ravishda 1,9 mlrd va 1,8 mlrd dollar deb baholanmoqda. Shuningdek, Krasnodar o‘lkasining sobiq gubernatori va «Agrokompleks» kompaniyasi egasi Aleksandr Tkachyov ham reytingga ilk bor kirdi, uning boyligi 1,8 mlrd dollarga teng. Yana bir yangi ishtirokchi «Yandeks»ning sobiq dasturchisi va «Nebius Group» hammulkdorlaridan biri Vladimir Ivanov bo‘lib, uning kapitali 1 mlrd dollarga baholanmoqda.

Umumiy holat

Amerikaning «Forbes» jurnali 2026-yil uchun tuzgan jahon milliarderlari reytingida dunyodagi eng boy insonlar soni va ularning umumiy kapitali tarixiy rekordni yangiladi. Sun’iy intellekt sohasidagi portlash, moliya bozorlaridagi o‘sish va qulay iqtisodiy siyosat natijasida ro‘yxatdan 3428 nafar milliarder o‘rin oldi. Ularning umumiy boyligi 20,1 trillion dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 4 trillion dollarga ko‘paygan.

Reytingning eng yuqori pog‘onasini yana «Tesla», «SpaceX» va «xAI» kompaniyalari rahbari Ilon Mask band qildi. Uning sof boyligi 839 milliard dollarga baholanib, qolgan raqobatchilaridan sezilarli darajada o‘zib ketgan.

Dunyoning eng boy besh kishisi qatorini faqatgina texnologiya sohasi vakillari tashkil qilgan:

• Larri Peyj («Google») — 257 milliard dollar;

• Sergey Brin («Google») — 237 milliard dollar;

• Jeff Bezos («Amazon») — 224 milliard dollar;

• Mark Sukerberg («Facebook») — 222 milliard dollar.

Kuchli o‘nlikdan, shuningdek, «Oracle» asoschisi Larri Ellison (190 milliard dollar), «LVMH» moda imperiyasi egasi Bernar Arno (171 milliard dollar), «Nvidia» rahbari Jensen Xuang (154 milliard dollar), sarmoyador Uorren Baffet (149 milliard dollar) hamda «Zara» brendi asoschisi Amansio Ortega (148 milliard dollar) kabi taniqli milliarderlar ham o‘rin olgan.

Davlatlar kesimida qaraydigan bo‘lsak, Amerika Qo‘shma Shtatlari hamon yaqqol yetakchi. AQSHda 989 nafar milliarder yashaydi va dunyoning eng boy 20 kishisidan 15 nafari aynan shu davlat fuqarolaridir. Keyingi o‘rinlarni 610 nafar milliarder bilan Xitoy (Gonkongni qo‘shib hisoblaganda) va 229 nafar milliarder bilan Hindiston egallagan.

Bu yilgi ro‘yxatga 390 nafar yangi milliarder qo‘shilgan. Bu holat asosan sun’iy intellekt tarmog‘ining kengayishi va texnologik kompaniyalar aksiyalarining keskin ko‘tarilishi bilan izohlanmoqda.

Теглар

Мавзуга оид