Logo

Rossiya o‘zbekistonlik bolalar uchun maktab ta’limini pulli qilmoqchi

Rossiyaning LDPR partiyasi xorijliklar va fuqaroligi yo‘q shaxslarning farzandlari uchun yuqori sinflardagi bepul ta’limni bekor qilishni taklif etdi. Bu tashabbus Rossiyada ishlab, yashayotgan o‘zbekistonlik oilalarga ham bevosita ta’sir qilishi mumkin.

Rossiya o‘zbekistonlik bolalar uchun maktab ta’limini pulli qilmoqchi © ITAR-TASS / Yelena Palm

Rossiya Davlat dumasidagi Liberal-demokratik partiya (LDPR) deputatlari mamlakat maktablarining 10–11-sinflarida xorij fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning farzandlari uchun ta’limni pulli asosda tashkil etish tashabbusi bilan chiqmoqda. Qonun loyihasi 2026 yil 14-oktabr kuni Rossiya hukumatiga tegishli xulosa olish uchun yuborilgan.

Partiya yetakchisi Leonid Slutskiyning ta’kidlashicha, migrant oilalar farzandlarining yuqori sinflarda tahsil olishi bilan bog‘liq xarajatlarni davlat emas, balki ota-onalarning o‘zlari qoplashi kerak. LDPR shu yo‘l bilan tejalgan budjet mablag‘larini Rossiya fuqarosi bo‘lgan maktab o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirishni taklif qilmoqda.

LDPR qancha mablag‘ni tejab qolishni rejalashtirmoqda?

LDPR vakili Mariya Voropayevaning ma’lum qilishicha, bugungi kunda Rossiya maktablarida xorijiy davlatlar fuqarolarining qariyb 130 ming nafar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning taxminan 3 ming nafar farzandi tahsil olmoqda. Partiyaning hisob-kitobiga ko‘ra, ularning ta’limi uchun davlat budjetidan yiliga qariyb 40 milliard rubl sarflanmoqda.

Leonid Slutskiy esa aynan 10–11-sinflarda 130 mingdan ortiq xorijlik bola bepul o‘qiyotganini, har bir o‘quvchiga yiliga 280 ming rubldan ko‘proq mablag‘ sarflanishini va umumiy xarajat 37 milliard rubldan oshib ketishini iddao qilmoqda.

Biroq bu raqamlar o‘rtasida jiddiy tafovut bor. Rossiya Ta’lim vazirligi statistik ma’lumotlarini tahlil qilgan «Yesli bыt tochnыm» loyihasiga ko‘ra, 130 ming nafar xorijlik o‘quvchi faqat 10–11-sinflarda emas, balki Rossiya maktablarining barcha sinflarida tahsil oladi. 2025–2026 o‘quv yilida fuqaroligi yo‘q shaxslarning yana taxminan 3 ming nafar farzandi ham maktablarda o‘qigan.

Tahlillarga ko‘ra, xorijlik o‘quvchilarning atigi 4 foizigina 10–11-sinflarga to‘g‘ri keladi. Demak, jami 130 ming nafar o‘quvchidan taxminan 5 200 nafarigina yuqori sinflarda tahsil olmoqda.

Bu o‘zbekistonlik bolalarga qanday ta’sir qilishi mumkin?

Rossiyada tahsil olayotgan xorijlik bolalarning asosiy qismi Markaziy Osiyo davlatlaridan borgan migrantlarning farzandlaridir. Ta’lim vazirligi ma’lumotlari asosida qilingan tahlilga ko‘ra, 2025–2026 o‘quv yilida Rossiya maktablarida Tojikistondan 48 ming, O‘zbekistondan 22 ming va Qirg‘izistondan 19 ming nafar bola o‘qigan.

Biroq mazkur uch davlat fuqarolari farzandlarining umumiy soni bor-yo‘g‘i bir yil ichida 122 mingdan 89 ming nafarga tushib ketgan. Bu 27 foizlik keskin kamayishdir.

Tahlilchilar bu pasayishni 2025 yilning aprel oyidan kuchga kirgan yangi, qat’iy qabul qoidalari bilan izohlamoqda. Yangi talablarga ko‘ra, Rossiya maktablariga qabul qilinadigan xorijlik bolalar rus tilini bilish darajasi bo‘yicha maxsus testdan o‘tishi va mamlakatda qonuniy yashab turganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi shart.

Buning oqibatida, masalan, Tojikiston ta’lim vaziri Rahim Saidzodaning 2026 yil yanvardagi bayonotiga ko‘ra, 2025 yil davomida taxminan 9 ming nafar tojikistonlik bola ta’lim olishdagi mana shunday qiyinchiliklar tufayli Rossiyadan vataniga qaytishga majbur bo‘lgan.

LDPR taklifi qonun sifatida qabul qilinsa, u Rossiya maktablarining yuqori sinflarida o‘qiyotgan O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlaridan borgan migrantlarning farzandlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi. Ammo loyihaning yakuniy matni, ta’lim uchun to‘lov miqdori va kiritilishi mumkin bo‘lgan imtiyozlar hali tasdiqlangani yo‘q.

Hozirgi qoidalar qanday?

Rossiyaning «Ta’lim to‘g‘risida»gi federal qonunining 78-moddasi xorij fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ta’lim olish huquqini kafolatlaydi. Amaldagi qonunga ko‘ra, ular maktabgacha, boshlang‘ich, asosiy va o‘rta umumiy ta’limni Rossiya fuqarolari bilan teng huquqlar asosida, mutlaqo bepul olish imkoniga ega.

Ammo 2025 yil 1-apreldan boshlab xorijlik bolalarni maktabga qabul qilish tartibi ancha qiyinlashdi. Yangi qoidalarga asosan, ular mamlakatda qonuniy yurganini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi va eng asosiysi, rus tilidan imtihon topshirishi kerak. Testdan o‘tolmagan bola maktabga qabul qilinmaydi, unga faqat rus tilini qo‘shimcha o‘rganish taklif qilinishi mumkin xolos.

LDPRning mazkur yangi taklifi esa aynan shu qonunning 78-moddasiga jiddiy o‘zgartish kiritishni nazarda tutadi. Loyihaga ko‘ra, xorijliklar va fuqaroligi yo‘q shaxslar 10–11-sinflarda bepul ta’lim olish huquqidan faqat Rossiyaning xalqaro shartnomalari yoki federal qonunlarida alohida belgilangan hollardagina foydalana oladi.

Qirg‘izistonlik bolalar uchun alohida huquqiy jihat bor

Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII)ning to‘laqonli a’zosidir. Ittifoq shartnomasining 98-moddasida YOIIga a’zo davlatlarning mehnat migrantlari farzandlari o‘zlari yashayotgan mamlakatda maktabgacha ta’lim muassasalariga borish va umumiy ta’lim olish huquqiga ega ekani kafolatlangan.

Biroq shartnomada bu huquq doim va barcha holatlarda ham bepul bo‘lishi kerak, degan qat’iy va aniq norma yo‘q. «The Times of Central Asia» nashrining ta’kidlashicha, agar Rossiyada LDPR taklif qilayotgan qonun qabul qilinsa, YOII fuqarolari farzandlarining pulli ta’limdan ozod qilinishi yoki qilinmasligi bevosita xalqaro shartnomalar va Rossiya qonunchiligining yakuniy matniga bog‘liq bo‘ladi.

O‘zbekiston va Tojikiston esa YOIIga a’zo emas. Shu sababli mazkur shartnomaning mehnat migratsiyasiga oid yengilliklari ushbu ikki davlat fuqarolarining farzandlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq etilmaydi.

Rossiyaning migratsiya siyosati yanada qat’iylashadimi?

So‘nggi yillarda Rossiya maktablariga xorijlik bolalarni qabul qilish shartlari sezilarli darajada qat’iylashdi. Majburiy til imtihoni va hujjatlarni qat’iy tekshirish talabi 2025 yil aprelidan boshlab to‘laqonli kuchga kirdi.

Tahlillarga ko‘ra, xorijiy fuqarolikka ega bo‘lgan birinchi sinf o‘quvchilari soni 2024–2025 o‘quv yilidagi 19 ming nafardan 2025–2026 o‘quv yilida bor-yo‘g‘i 7 ming nafarga tushib qolgan. Bu qariyb uch baravarlik keskin pasayishdir.

Tadqiqotchilar bu vaziyatni aynan yangi va murakkab qabul qoidalari bilan bog‘lamoqda. Shuningdek, migrant bolalarning ta’lim olishiga to‘siq bo‘layotgan omillar qatorida rus tilini yaxshi bilmaslik, hujjatlarni rasmiylashtirishdagi qiyinchiliklar va oilalarning tez-tez yashash joyini o‘zgartirishi ham bor.

LDPRning yuqori sinflarni pulli qilish haqidagi tashabbusi esa ana shu qat’iylashib borayotgan siyosatning mantiqiy davomi bo‘lishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид