Rossiya urib tushirgan «AZAL» samolyoti uchun Ozarboyjonga tovon puli to‘laydigan bo‘ldi

16.04.2026 | 11:342 дақиқа

Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi urib tushirgan Ozarboyjonning yo‘lovchi samolyoti bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishildi. Moskva mudhish fojia uchun tovon puli to‘lashga rozi bo‘ldi.

Rossiya urib tushirgan «AZAL» samolyoti uchun Ozarboyjonga tovon puli to‘laydigan bo‘ldi © yugsn.ru

Ozarboyjon va Rossiya Tashqi ishlar vazirliklari «AZAL» aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyotining halokati yuzasidan joriy yilning 15-aprel kuni qo‘shma bayonot bilan chiqdi. Hujjat Rossiya tomonidan e’lon qilindi.

Bayonotda qayd etilishicha, ikki davlat rahbarlarining 2025-yil 9-oktabrda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvidagi kelishuvlarga muvofiq, tomonlar fojia oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘zaro murosaga kelgan.

«2024-yilning 25-dekabr kuni Oqtov shahri yaqinida Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimining bexosdan qilgan harakati oqibatida qulab tushgan «Embraer 190» samolyoti uchun tovon puli to‘lash masalasi to‘liq hal qilindi», — deyiladi rasmiy xabarda.

Ta’kidlanishicha, bu qadam mamlakatlar o‘rtasidagi ittifoqchilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, ikki davlat vakillari mudhish aviahalokat qurbonlarining oila a’zolari va yaqinlariga yana bir bor chuqur hamdardlik bildirgan.

Fojianing asosiy tafsilotlari

Mudhish aviahalokat 2024-yilning 25-dekabr kuni sodir bo‘lgan edi. Yo‘lovchi samolyoti Qozog‘istonning Oqtov shahri xalqaro aeroportidan bor-yo‘g‘i uch km uzoqlikda halokatga uchrab, qulab tushgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur havo kemasi Ozarboyjon poytaxti Boku shahridan Rossiyaning Grozniy shahriga tomon muntazam reysni amalga oshirayotgan bo‘lgan. Bortdagi yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining mutlaq ko‘pchiligini Ozarboyjon fuqarolari tashkil qilgan va ularning barchasi halok bo‘lgan. Fojia butun mintaqada katta rezonans keltirib chiqargan edi.

Raketa zarbasining isboti

«Reuters» agentligining manbalarga tayanib xabar berishicha, samolyot Rossiyaning «Pansir-S» zenit-raketa majmuasi tomonidan urib tushirilgan. Ozarboyjon hukumati bu ma’lumotni tasdiqladi, biroq prezident Ilhom Aliyev hujumni qasddan qilinmagan deb hisoblashini aytgan.

Qozog‘iston tergov idoralarining dastlabki hisobotida samolyotning dum qismida va fyuzelyajida ko‘plab to‘g‘ri burchakli teshiklar mavjudligi tasvirlangan. Bu esa havo kemasiga tashqaridan qurol yordamida kuchli zarba berilganini va begona jismlar yorib kirganini yaqqol tasdiqlaydi.

Теглар

Мавзуга оид