Rossiyada soliqlar oshishi ortidan kichik biznes «soya»ga o‘tmoqda
Rossiyada QQS stavkasining 20 foizdan 22 foizga oshirilishi va nazoratning kuchayishi tadbirkorlarni yashirin iqtisodiyotga kirishga majbur qilmoqda. Aholi orasida naqd pul bilan hisob-kitob qilish holatlari keskin ko‘paygan.

Rossiya Fanlar akademiyasi Psixologiya instituti (IP RAN) tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, shahar aholisining 27 foizi oxirgi yarim yil ichida sotuvchilar tomonidan naqd pul yoki kartadan kartaga o‘tkazish so‘rovlari tez-tez takrorlanayotganini ta’kidlagan. Aslida, rossiyaliklarning katta qismi karta orqali to‘lovni afzal ko‘radi, biroq soliq yukining oshishi biznesni rasmiy aylanmadan qochishga undamoqda.
MDU professori Natalya Zubarevichning qayd etishicha, «naqd to‘lay olmaysizmi?» degan iltimos kichik biznesning soliq islohotlariga bildirayotgan tabiiy reaksiyasidir.
Iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi nafaqat kam ta’minlangan qatlamni, balki yuqori daromadli guruhlarni ham «soya»ga o‘tishga majbur qila boshladi. Kam daromadli aholining 27 foizi, eng boy qatlamning esa 24 foizi naqd pul bilan hisob-kitob qilishni afzal ko‘rmoqda.
Tadbirkorlar ijara va xomashyo narxlari oshgan bir sharoitda soliqlarning yanada ko‘tarilishi biznesni kasodga uchratishini, shu sababli yashirin ishlash yagona chora bo‘lib qolayotganini ta’kidlashmoqda.
Naqd pulga bo‘lgan talabning o‘sishi
Yanvar oyida rossiyaliklar o‘z hisoblaridan 1,6 trln rubl naqd pul yechib olganlar. Bu ko‘rsatkich mavsumiy omillarni hisobga olsa ham, me’yordan ancha yuqori. RANXiGS eksperti Aleksandr Abramovning fikricha, soliq tartibga solishning qat’iylashuvi bozorning ayrim segmentlarida naqd pul bilan hisoblashishga bo‘lgan talabni sun’iy ravishda oshirmoqda. Bu esa iqtisodiyotning bir qismi rasmiy statistikadan chiqib ketayotganining bilvosita tasdig‘idir.
Shuningdek, Markaziy bank buyurtmasi bilan o‘tkazilgan so‘rovlar ham aholining jamg‘armalarni naqd shaklda saqlashga bo‘lgan intilishi ortganini ko‘rsatmoqda. Fevral oyida respondentlarning 33 foizi pul saqlashning eng yaxshi yo‘li naqd pul ekanini aytgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 foizga oshgan. Bunday holat odatda harbiy nizolarni boshidan kechirgan va kelajakka ishonchi past bo‘lgan jamiyatlarda kuzatiladi.
Psixologik omillar va xavotirlar
Naqd pul bilan hisoblashishga bo‘lgan qiziqish nafaqat soliqlardan qochish, balki psixologik xavotirlar bilan ham bog‘liq. Inflatsiya kutilmalari, bankdagi mablag‘larga cheklovlar qo‘yilishidan qo‘rqish va hokimiyatga bo‘lgan past ishonch odamlarni «likvidlik»ka, ya’ni qo‘lda turgan naqd pulga intilishga majbur qilmoqda. Ijtimoiy tengsizlikning ortishi ham bu jarayonni tezlashtiruvchi omil sifatida ko‘rilmoqda.
Kichik biznes vakillarining so‘zlariga ko‘ra, sotuv hajmi kamayib, xarajatlar ortayotgan bir paytda QQSning 22 foizga ko‘tarilishi ularni «omon qolish» strategiyasini tanlashga undamoqda. Bu esa yaqin kelajakda budjet tushumlarining kamayishiga va iqtisodiyotning shaffoflik darajasi pasayishiga olib kelishi mumkin.
Ekspertlar bahor oxiriga borib neft daromadlari rublni biroz qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini aytsa-da, kichik biznes uchun soliq bosimi asosiy muammo bo‘lib qolmoqda.





