Samarqand viloyati hokimi o‘qituvchi va talabalarni ko‘cha nazoratiga chiqarmoqchi. Tashabbus jamoatchilik orasida majburiy mehnat borasidagi qo‘rquvni kuchaytirmoqda
Adiz Boboyevning o‘qituvchi va talabalarni ko‘cha nazoratiga jalb etish tashabbusi majburiy mehnat haqidagi bahslarni yana kun tartibiga olib chiqdi. Hokimlik buni «tavsiya» deya izohlayotgan bir paytda, Mehnat inspeksiyasi Vaqt.uz so‘roviga javoban bu noqonuniy topshiriq ekani va hokimga ogohlantirish yuborilishini ma’lum qildi.

Viloyat hokimi oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan uchrashuvda har bir OTMga hududning kattaligi, joylashuvi va faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib bir yoki bir nechta ko‘chani biriktirish taklifini ilgari surdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari o‘zlariga biriktirilgan ko‘chalardagi muammolarni muntazam kuzatib borishi, ularni tahlil qilishi va tegishli tashkilotlarga takliflar berishi kerak.
«Sizlar o‘sha ko‘chaning egasi bo‘lasizlar. Har kuni ertalab bitta o‘qituvchi, bitta o‘quvchi o‘sha yerdan piyoda yuradi. Qayerda trotuar sinib ketgan, qaysi ko‘chat quriyapti, qayerda sug‘orish tizimi ishlamaydi, nogironlar uchun imkoniyat yo‘q — hammasini ko‘rib, shu ko‘chaga yo‘l xaritasi qilib olasizlar», — dedi hokim.
Shuningdek, u kasallangan daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish, kuz mavsumida yangi ko‘chatlar ekish, tartibsiz ekilgan daraxtlarni qayta tartibga keltirish hamda butalarni landshaft dizayni asosida barpo etish rejalashtirilayotganini ham aytdi.

Manba: Hokimlik videosidan kadr

Manba: Hokimlik videosidan kadr
«Qayerda ko‘chat yo‘q bo‘lsa, ro‘yxatini qilasizlar, qanday ko‘chat kerakligini aniqlaysizlar. Kuzda ularni ekamiz. Tartibsiz ekilgan joylarni almashtiramiz. Qayerda butazor kerak bo‘lsa, shaklini ham sizlar ko‘rsatib berasizlar», — dedi Adiz Boboyev.
Mazkur videolavha ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Ko‘plab foydalanuvchilar esa hokimning topshirig‘i talabalar va professor-o‘qituvchilarni ko‘chalarni obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb etish – majburiy mehnatni qaytarish ekanini ta’kidlamoqda.
«Domlalar ko‘cha poylaydimi yoki talabaga dars beradimi?»
Xususan, samarqandlik bloger va jamoatchilik faoli Xayrulla Mamasoliyev bu tashabbus amalda oliy ta’lim muassasalari xodimlari va talabalar zimmasiga qo‘shimcha majburiyat yuklashi mumkinligidan xavotir bildirdi.
«Hukumat o‘qituvchilarni qullikdan ozod qiluvdi, endigi navbat domlalargami? Bular endi ko‘cha poylab yuradimi yoki studentlarga dars beradimi?! Sxemasini taxminan bilaman nima bo‘lishini. Shaharga bunaqa “armiya”ning umuman keragi yo‘q. Bunaqa ishlarni yana buyruqbozlik, majlisbozliksiz ham qilsa bo‘lardi», — deb yozdi u.
Mamasoliyev, shuningdek, bunday tashabbuslar vaqt o‘tishi bilan OTMlarda qo‘shimcha majlislar va hisobotlarni ko‘paytirishi, ko‘chalarni kuzatish jarayonida yuz berishi mumkin bo‘lgan noxush holatlar uchun kim javobgar bo‘lishi masalasi ham ochiq qolayotganini ta’kidladi.
«Bunday amaliyot xavfli tendensiyaga aylanmasligi kerak»
Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov esa Vaqt.uz bilan suhbatda ko‘chalarni nazorat qilish, avvalo, buning uchun mas’ul bo‘lgan davlat idoralarining vazifasi ekanini ta’kidladi.
«Ko‘chalar masalasi bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan, davlat budjetidan maosh oladigan mas’ul idoralar bor. Agar bu vazifalar talabalar yoki boshqa jamoat vakillariga yuklanayotgan bo‘lsa, bu o‘sha idoralar o‘z ishini to‘liq bajarmayotganini ham ko‘rsatadi», — dedi u.
Huquq faolining qo‘shimcha qilishicha, bunday tashabbuslarni majburiy tus oldirib bo‘lmaydi.
«Bunday amaliyotni qanday oqlashmasin, u baribir xavfli. Biz yaqin o‘tmishda ham yarim ixtiyoriy, yarim majburiy hasharlar qanday qilib oxir-oqibat majburiy mehnatga aylanganini ko‘rganmiz. Shuning uchun bunday tendensiyadan ehtiyot bo‘lish kerak», — dedi Abdurahmon Tashanov.
Hokimlik: Gap majburiy mehnat haqida emas
Vaqt.uz muxbiri holatga aniqlik kiritish maqsadida viloyat hokimligi matbuot kotibi Mirzo Ixtiyorov bilan bog‘landi.
Matbuot kotibining aytishicha, hokim nutqi talabalarni ko‘cha tozalash yoki obodonlashtirish ishlariga jalb etishni emas, balki oliy ta’lim muassasalaridagi mutaxassislarning ilmiy salohiyatidan foydalanishni nazarda tutgan.
«Talabalarga bo‘lib berish deyilmagan u yerda. Olimlarning salohiyatidan foydalanish nazarda tutilgan. Masalan, ko‘chatlar kasallangan yoki qurib qolayotgan bo‘lsa, domlalarimiz, olimlarimiz yoki tadqiqotchilarimiz ko‘rib, qanday davolash, qanday daraxt ekish kerakligi bo‘yicha tavsiya beradi. Ular ilmiy salohiyati bilan jamoatchilik nazoratini olib boradi», — dedi Mirzo Ixtiyorov.
Uning ta’kidlashicha, bu tashabbus barcha talabalar yoki professor-o‘qituvchilarga emas, tegishli yo‘nalishdagi mutaxassislarga qaratilgan.
«Masalan, Samarqand davlat universitetida biologiya fakulteti bor. Veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti bor. Agrar innovatsiyalar va tadqiqotlar instituti bor. Gap aynan shu yo‘nalishdagi mutaxassislar haqida ketmoqda», — dedi u.
Vaqt.uz’ning bu tashabbus mutaxassislar va talabalar uchun majburiymi, degan savoliga matbuot kotibi:
«Majburiy emas. Bu taklif, tavsiya xolos», — deya javob berdi.
Shuningdek, u hozircha ko‘chalarni oliy ta’lim muassasalariga biriktirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanmaganini ham ma’lum qildi.
«Bu taklif, tavsiya xolos. Hozircha hech kim boshlagani yo‘q», — dedi Mirzo Ixtiyorov.
Mehnat inspeksiyasi: Pedagoglarni obodonlashtirish ishlariga jalb etish taqiqlangan
Vaqt.uz holat yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Nilufar Amanniyazovaning munosabatini ham oldi.
Masu’lning ta’kidlashicha, amaldagi qonunchilik pedagog xodimlarni o‘z kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etishni taqiqlaydi. Xususan, ularni obodonlashtirish, qishloq xo‘jaligi ishlari va boshqa kasbiy vazifasiga daxldor bo‘lmagan ishlarga jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nilufar Amanniyazovaning qo‘shimcha qilishicha, Samarqand viloyati hokimiga u bildirgan noqonuniy tashabbus yuzasidan huquqiy ogohlantirish yuborilishi ham ta’minlanadi.
Yurist: «Bunday topshiriq majburiy tus olsa, qonun buzilishiga aylanadi»
Myehnat huquqi masalalari bo‘yicha yurist Muhammadamin Karimjonovning Vaqt.uzga ta’kidlashicha, agar bunday tashabbuslar amalda talabalar yoki pedagoglar uchun majburiy tus olsa, bu bir qator qonun hujjatlariga zid bo‘lishi mumkin.
Uning aytishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Mehnat kodeksida majburiy mehnat taqiqlangan. Shuningdek, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun ta’lim oluvchilarni ta’lim jarayoniga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etishni taqiqlaydi. «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonun esa pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga, jumladan, obodonlashtirish va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilishga yo‘l qo‘ymaydi.
«Qonunchilikka ko‘ra, shaxsning ixtiyoriy roziligisiz, jazo qo‘llash tahdidi ostida biror ishni bajarishga majburlash majburiy mehnat hisoblanadi. Agar bu tashabbus amalda talabalar yoki pedagoglar uchun majburiy tus olsa, uning qonuniyligi haqida jiddiy savollar tug‘iladi», — dedi Muhammadamin Karimjonov.
Yurist, shuningdek, 2018 yilda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 349-son qarori bilan hokimlarga fuqarolarni, jumladan, budjet tashkilotlari xodimlari, talabalar va o‘quvchilarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va boshqa jamoat ishlariga majburiy jalb qilishning oldini olish vazifasi yuklanganini eslatdi.
«Ushbu qarorda hokimlar va boshqa mansabdor shaxslarga bunday holatlarning oldini olish, ularga chek qo‘yish hamda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan mansabdorlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish belgilangan. Shuning uchun har qanday tashabbus ixtiyoriylik doirasidan chiqmasligi kerak», — dedi u.
Yaqin tarixdan ma’lumki, o‘qituvchi va talabalarni turli jamoat ishlariga jalb qilish ko‘pincha «tavsiya», «tashabbus» yoki «biriktirish» degan nomlar bilan boshlangan. Birinchi prezident Islom Karimov davrida ham aynan shunday amaliyotlar keyinchalik majburiy mehnatga aylangani va keng tanqid qilingani hech kimga sir emas. Oradan yillar o‘tib, bu tizimdan voz kechildi va majburiy mehnatga barham berish uchun tizimli ishlar amalga oshirildi.
Shu bois bugun ham shunga o‘xshash tashabbuslar jamiyatda xavotir uyg‘otayotgani bejiz emas. Agar tashabbus haqiqatan ham faqat tavsiya bo‘lsa, u amalda ham shunday qolishi shart. Ammo u amalda talabalar va o‘qituvchilar zimmasiga navbatdagi majburiyat sifatida yuklansa, bu eski xatolarning yana takrorlanishidan boshqa narsa bo‘lmaydi.
Ayniqsa, Mehnat inspeksiyasi pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish qonun bilan taqiqlanganini eslatgan bir paytda, har qanday bunday tashabbus qonun doirasida baholanishi va uning majburiy tus olishiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
Теглар






