Logo

Savdo-sanoat palatasi tadbirkorga nima beradi? Toshkent shahar SSP rahbari Diyor Mirzaahmedov bilan intervyu

Бугун 17:208 дақиқа

Toshkent shahar Savdo-sanoat palatasi boshqarmasi rahbari Diyor Mirzaahmedov Vaqt.uz bilan suhbatda tadbirkorlar nega aynan Palataga murojaat qilishi, «Dizayn-kod» bo‘yicha olib borilgan ishlar, biznes muhitidagi muammolar haqida batafsil so‘zlab berdi.

Savdo-sanoat palatasi tadbirkorga nima beradi? Toshkent shahar SSP rahbari Diyor Mirzaahmedov bilan intervyu

Savol: Diyor aka, Toshkentdagi tadbirkorning Davlat soliq xizmati, hokimlik yoki boshqa organ bilan o‘z muammosini hal qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa kanallari (portallar, qabulxonalar) yetarli. Shunday sharoitda tadbirkor nega aynan Savdo-sanoat palatasi orqali harakat qilishi kerak? Palata aynan qaysi yuridik yoki amaliy vakolati bilan jarayonga ta’sir ko‘rsata oladi?

Diyor Mirzaahmedov: Rostini aytsam, Palataga ishlashga kelayotganimda bu savol menga ham tadbirkor sifatida juda qiziq edi. Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, xususiy mulk va tadbirkorlikning rivojlanishiga, tadbirkorlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik normalarini takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqish, tadbirkorlik subyektlarining ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlik subyektlariga biznesni tashkil etish, yuritish hamda rivojlantirishda yordam ko‘rsatish, milliy brendlarni xorijda ilgari surish, investitsiyalarni, shu jumladan chet el investitsiyalarini, shuningdek zamonaviy texnologiyalarni jalb etishdan iborat.

Shu bilan birga, Palata a’zolari bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarini qonuniy manfaatlarini himoya etish maqsadida sudlarga davlat bojisiz da’vo arizalar kiritadi va o‘rnatilgan tartibda mazkur jarayonlarda ishtirok etadi.

Savol: Biznesdan tizimga kelganingizga 100 kun bo‘ldi. Shuncha vaqt ichida shaxsan siz duch kelgan eng katta byurokratik to‘siq nima bo‘ldi va uni yo‘qota oldingizmi?

image_2026-08-10_11-47-37

Diyor Mirzaahmedov: Bugun, faoliyatimni boshlashganimga 100 kun bo‘ldi va shu davr ichida eng avvalo tadbirkorlarga sidqidildan xizmat qiladigan, huquqiy, iqtisodiy, investitsiya, tashqi iqtisodiy faoliyat, eksport, biznesni rivojlantirish hamda murojaatlar bilan ishlash yo‘nalishlarida ixtisoslashgan professional va ahil jamoa shakllantirildi.

Byurokratiyaga kelsak, men uni to‘siq emas, balki tizimli boshqaruvning zarur mexanizmi sifatida qabul qilaman. Biznes bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, bu masshtablashtirish va ish sifati barqarorligini ta’minlash uchun yo‘lga qo‘yilgan biznes jarayoniga o‘xshaydi. Har qanday rivojlanish jarayoni kabi, davlat tizimi ham muayyan tartib-taomillarni talab qiladi. Shu qisqa davr ichida biz ushbu mexanizmlarning eng yaxshi jihatlarini saqlab qolishga va ularning eng samarali elementlarini jamoamiz faoliyatiga joriy etishga harakat qildik.

Savol: «Dizayn-kodi» bo‘yicha 3000 nafar tadbirkor bilan ishlangani aytildi. Fasade va peshlavhani o‘zgartirish esa tadbirkor uchun bevosita xarajat degani. Bu jarayonda Palata tadbirkor va hokimlik o‘rtasida qanday rolni bajardi — hokimlik talablarini yetkazuvchi vositachimi yoki tadbirkorning manfaatini himoya qiluvchi tomonmi?

Diyor Mirzaahmedov: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.08.2023 yildagi «Tashqi reklama va ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 428-sonli Qarori hamda Xalq deputatlari Toshkent shahri Kengashining 17.02.2026 yildagi «Toshkent shahrining «Dizayn kodi» qoidalarini amaliyotga joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi VII-19-17-14-0-K/26-sonli qaroriga asosan Toshkent shahrida namunaviy tarzda belgilangan jami 56 ta ko‘chalar tashqi fasadini tartibga solish bo‘yicha joriy yilning 11-may kunidan 26-iyul kuniga qadar 3228 ta tadbirkorlik subyektlari bilan ishlar tashkillashtirildi.

Palata va Toshkent shahar hokimligi rahbarligida o‘tkazilgan mazkur jarayonlar davomida “dizayn kod” masalasi bilan paralel tarzda tadbirkorlarni qiziqtirgan masalallar yuzasidan suxbatlar olib borildi va ulardan tushgan takliflar tizimlashtirilib, vakolatli organlarlar taqdim etildi.

Bu o‘z-o‘zidan Palatani funksional tarzda tadbirkorlar bilan davlat organlari o‘rtasida mustaxkam muloqot o‘rnatish uchun ko‘prik sifatida shakllanishiga olib keldi.

Savol: Toshkent shahar Palatasi shahar hokimligiga ham bo‘ysunadi. Agar hokimlik qarori tadbirkor manfaatiga zid bo‘lsa, Palata hokimlikka qarshi sudda tadbirkorni oxirigacha himoya qila oladimi?

Diyor Mirzaahmedov: Yo‘q, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o‘z qonuniy siyosatiga va maqsadiga ega mustaqil tizim hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining 14.04.1999 yildagi «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi 763-I-son Qonuniga asosan O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, bosh tashkiloti O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari, respublika nodavlat notijorat tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkaziladi va nodavlat notijorat tashkilotini ro‘yxatga olgan organ uning faoliyati ustavda belgilangan maqsadlarga hamda O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiqligini nazorat qiladi.

Shu bilan birga, Palata tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy shart-sharoitlarni ta’minlash, biznes hamjamiyati hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa organlar va tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini barcha choralar bilan qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan nodavlat tashkilotdir.

 Savol: Yaqinda 7800 nafar tadbirkor o‘rtasida katta so‘rovnoma o‘tkazildi. Ushbu so‘rovnomadagi e’tirozlar sababli shaharda aynan qaysi tizimli muammo yoki tartib bekor qilindi? Aniq misol keltira olasizmi?

Diyor Mirzaahmedov: Palata tashabbusiga ko‘ra mamlakatimizda yanada qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va Statistika qo‘mitasi mutasaddilari bilan hamkorlikda Toshkent shahri bo‘yicha 7800 nafar tadbirkorlik subyektlari bilan 75 ta masaladan iborat savolnoma asosida o‘rganish o‘tkazildi.

Bu jarayonda har bir tadbirkor bilan individual tarzda onlayn suxbat o‘tkazilib, ular bildirgan fikr va mulohazalarni tizimlashtirish imkonini yaratdi va Davlat Rahbariyati hamda Hukumat darajasida tegishli qarorlarni qabul qilish uchun qulay zamin yaratdi. Bu ayniqsa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan o‘tkaziladigan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik jarayonida alohida ahamiyat kasb etadi.

Biz uchun eng muhim natija - tadbirkorlarning Palataga bo‘lgan ishonchi va murojaatlari sonining ortishi, murojaatlarning samarali hal etilishi hamda Palata haqidagi ijobiy jamoatchilik fikrining shakllanayotganidir.

Bugungi kunda Palata davlat va biznes o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik sifatida davlat siyosati, islohotlar va yangi qonunchilik tashabbuslarini tadbirkorlar orasida to‘g‘ri qabul qilinishini ta’minlashda markaziy o‘rin tutmoqda.

Savol: 100 kun ichida ijro intizomi tubdan o‘zgardi dedingiz. Sizgacha tizim qay darajaga yetgandi va buni o‘zgartirish uchun qancha xodimni almashtirishga majbur bo‘ldingiz?

Diyor Mirzaahmedov 3

Diyor Mirzaahmedov: Albatta, Boshqarmada ichki boshqaruv tizimi tubdan takomillashtirildi, barcha topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning aniq mexanizmi joriy etildi, ijro intizomi mustahkamlanib, har bir murojaatni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Eng muhimi, Palata tadbirkorlarning haqiqiy hamkoriga aylanishi uchun davlat organlari va biznes vakillari o‘rtasida ochiq muloqot maydoni shakllantirildi va bugun tadbirkorlar o‘z muammolari bilan murojaat qilganda, ularni eshitadigan, huquqiy jihatdan himoya qiladigan va amaliy yechim topishga harakat qiladigan jamoa faoliyat yuritmoqda.

Men Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Abdujalolovich Vahabovga meni o‘zining professional jamoasiga ishonch bildirib qabul qilgani uchun alohida samimiy minnatdorchilikni bildirmokchiman.

U 2022 yilda Savdo-sanoat palatasi raisi lavozimiga saylanganidan buyon Palataning tadbirkorlar manfaatlarini haqiqiy himoya qiluvchi institut va biznes hamda davlat o‘rtasidagi muhim ko‘prik sifatidagi o‘rnini sezilarli darajada mustahkamlashga erishdi.

Uning rahbarligida Palata Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlariga tayyorgarlik ko‘rishda faol ishtirok etmoqda, biznesning tizimli muammolarini umumlashtirib, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritmoqda, eksport va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda, shuningdek, tadbirkorlar bilan davlat organlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.

Savol: Soliq va ijara narxlari oshishi sabab kichik biznes shahar markazidan siqib chiqarilmoqda. Toshkent shahar Palatasi rahbari sifatida bu muammoni hokimlik yoki Hukumat oldiga olib chiqib, tadbirkorlar uchun aniq qanday takliflar berdingiz?

Diyor Mirzaahmedov: Bu masalada bizda doimiy monitoring va olingan ma’lumotlar tahlili o‘tkazib boriladi.

Masalan, yaqindagina Palata tashabbusi bilan bir qator kichik-o‘rta va yirik toifadagi tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi va bu tadbir davomida tadbirkorlik subyektlaridan ahamiyatga ega tizimli muammolar olinib, yuqori turuvchi vakolatli organlarga ishlab chiqilgan tizimli takliflar taqdim etildi.

Jumladan, savdo majmualari boshqaruv kompaniyalaridan foyda solig‘i stavkasini pasaytirish, sohadagi korxonalar uchun foyda solig‘ini amaldagi 20 foizdan 15 foizgacha tushirish, mulk va yer solig‘i bo‘yicha berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirish, maydoni 5000 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo majmualari uchun mol-mulk va yer solig‘ining 1/10 qismini to‘lash imtiyoz muddatini uzaytirish, soliq solishda ijaraning minimal stavkalarini qayta ko‘rib chiqish va boshqalar.

Savol: Eksport va investitsiyalar bo‘yicha shaharda vazirlik boshqarmalari va agentliklar bor. Palata ularning funksiyasini takrorlashdan tashqari yana qanday real imkoniyatga ega?

Diyor Mirzaahmedov 2

Diyor Mirzaahmedov: Bu savolingizga javob tariqasida avvalambor Palata faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, Palata a’zolarining teng huquqliligi, mustaqillik, ochiqlik, oshkoralik hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligidan iboratligini ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim.

Ya’ni, Palataning asosiy funksiyalari tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish sohasida vakolatli organlar bilan hamkorlik olib borish va tadbirkorlik subyektlarini ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishdan iboratdir.

Aniqroq qilib aytsak, Palata tadbirkorlik subyektlarining davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri va qayta aloqa prinsipi bo‘yicha tashkil etishga ko‘maklashadi va bu faoliyat Palataning boshqa tashkilotlarning funksiyasini takrorlamayotganini aniq ko‘rsata oladi.

Savol: Biznesda har bir xarajat foyda keltirishi kerak. Palataga a’zo bo‘lgan yoki murojaat qilgan tadbirkor oladigan 3 ta konkret, amaliy kafolat qanday?

Diyor Mirzaahmedov: Bu savolingizga men umumiy qilib, Palata a’zolarining manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan da’volar taqdim etish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish huquqiga egaligini va eng asosiysi, ishbilarmonlik hamda investitsiya muhitini yaxshilash masalalari yuzasidan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan yoki uning rivojlanishini cheklayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida tizimli takliflar ishlab chiqib, Davlat Rahbariyatiga va Xukumatga uzluksiz tarzda taqdim etib borayotganini ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim.

Ayniqsa, shu kunlarda barchamiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tadbirkorlar kuni munosabati bilan tadbirkorlar bilan o‘tkaziladigan VI Ochiq muloqoti arafasida turibmiz. Ushbu muloqot mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, biznes muhitini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun navbatdagi muhim imkoniyat bo‘lishiga ishonaman.

 

Теглар

Мафтуна Яхшиликова

Мафтуна ЯхшиликоваМақолалар сони: 96

Барчаси

Мавзуга оид

Savdo-sanoat palatasi tadbirkorga nima beradi? Toshkent shahar SSP rahbari Diyor Mirzaahmedov bilan intervyu | Vaqt.uz