Shakira Bishkekka keladi. Bu Qirg‘izistonga qanchaga tushishi mumkin?
Oldinroq amerikalik reper Eminem hamda xonanda Shakiraning 2026-yilda Markaziy Osiyo turnesi doirasida Qozog‘istonda konsert berishi mumkinligi aytilgandi. O‘shanda kolumbiyalik xonanda kichik summa so‘ramagandi. O‘tgan yil yozda esa Toshkentga Jennifer Lopes kelgandi.
© APDunyoga mashhur kolumbiyalik qo‘shiqchi Shakira bilan Bishkekda chiqish qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Konsert 2026-yilning noyabr oyida «Bishkek Arena»da bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda «24.kg» xabar berdi.
Prezident mulkini boshqarish departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar hozirda shartlar bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Konsertning aniq sanasi va boshqa tafsilotlar hali ma’lum emas.
Shakiraning Qirg‘izistondagi konserti davlat miqyosida tashkil etilayotgani sababli, uning aniq gonorari rasman ochiqlanmagan. Biroq, xalqaro shou-biznes bozoridagi ma’lumotlarga tayanilsa, Shakira darajasidagi jahon yulduzini olib kelish kamida 5 milliondan 7,5 million dollargacha mablag‘ni talab qiladi. Oldinroq amerikalik reper Eminem hamda xonanda Shakiraning 2026-yilda Markaziy Osiyo turnesi doirasida Qozog‘istonda konsert berishi mumkinligi aytilgandi. Shakira Qozog‘istonga kelish uchun o‘shanda 7,5 million dollar so‘rayotgani ham aytildi. Shundan kelib chiqilsa, uning Bishkekka tashrifi ham ana shu summadan arzon bo‘lmasligi aniq.
Qolaversa, jahon yulduzlari uchun tonnalab audio va vizual jihozlar, maxsus sahna dekoratsiyalari, o‘nlab kishidan iborat jamoa (raqqoslar, musiqachilar, texniklar) uchun charter reyslar va 5 yulduzli mehmonxona xarajatlari qoplanadi. Stadion miqyosidagi xavfsizlik choralarini ta’minlash ham alohida xarajat hisoblanadi.
Shuningdek, Qozog‘istonda konsert o‘tkaziladigan maydon kamida 50 ming tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lishi kerak. «Bishkek Arena» Shakiraning talabiga mos kelishi aniq, u yer 51 ming tomoshabinga mo‘ljallangan va FIFA standartlariga muvofiq qurilgan yangi stadion hisoblanadi. Arenaning birinchi yirik tadbiri 31-avgust kuni o‘tkazildi. U yerda VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan yilning avgust oyida xonanda Jennifer Lopes Toshkentga kelgandi. «O‘zbekiston 24» telekanalining xabar berishicha, «Milliy» (Bunyodkor) stadionida bo‘lib o‘tgan konsertda chiptalar narxi 1 million so‘mdan 4,2 million so‘mgacha farq qilgan. Shu tariqa konsertdan potensial daromad 25 mlrd (1,97 mln dollar) dan 105 mlrd so‘m (8,28 mln dollar) oralig‘ida baholandi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining ta’kidlashicha, konsertni tashkil etish uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilmagan. CA Entertainment chiptalarni sotish uchun javobgar bo‘lgan. Konsertdan Toshkent shahriga 42,5 mlrd so‘mdan (3,3 mln dollar) ortiq soliq tushumi tushgan. Konsert xorijiy va mahalliy sayyohlarni jalb qilish, shuningdek, mehmonxona va restoran biznesi uchun kuchli turtki bo‘lgani aytilgandi. Biroq soliq tushumlari va konsertdan tushgan daromadlar (aviakompaniyalar, mehmonxonalar, kafe va restoranlar) taqsimoti oshkor etilmadi.
Tartibni saqlash uchun 88 ta yo‘l-patrul xizmati va maxsus texnika, 8 ta tez tibbiy yordam mashinasi, 3800 nafar huquq-tartibot idoralari xodimi, 300 nafar ko‘ngilli va 500 nafar obodonlashtirish xodimi ish olib borgandi.





