Logo

Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga jo‘nab ketmoqda

O‘zbekiston prezidenti 29–30-oktabr kunlari Turkiyaning Anqara shahrida o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etadi.

Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga jo‘nab ketmoqda © Foto: president.uz

Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga boradi. Davlat rahbari Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etadi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, «Turk asri: tilda, fikrda va ishda birlik» mavzusida o‘tadigan sammitda tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqiladi. Xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalar, shuningdek, turizm, ekologiya va ta’lim yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Sammitda qanday masalalar muhokama qilinadi?

Xabarga ko‘ra, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan ham o‘zaro fikr almashadi. Sammit yakunlari bo‘yicha Anqara deklaratsiyasi hamda tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator qo‘shma qaror va hujjatlarni qabul qilish rejalashtirilgan.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tashkilotning 13-sammiti doirasida 29-oktabr kuni tashqi ishlar vazirlari kengashining uchrashuvi ham Anqarada o‘tkaziladi. Unda Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan mezbonlik qiladi.

Turkiy davlatlar tashkiloti qaysi mamlakatlarni birlashtiradi?

Turkiy davlatlar tashkilotining asosiy maqsadi turkiy davlatlar o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Tashkilotning beshta a’zo davlati bor: O‘zbekiston, Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston. Vengriya, Turkmaniston, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kuzatuvchi maqomiga ega.

Tashkilot doirasida davlat rahbarlarining sammitlari hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish va keyingi davr uchun aniq vazifalarni belgilash maydoni hisoblanadi. 2026 yil 15-may kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida tashkilotning norasmiy sammiti bo‘lib o‘tgan edi.

Unda asosiy e’tibor sun’iy intellekt va raqamli rivojlanishga qaratilgan. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini yaratish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish va transport-logistika aloqalarini yaxshilash bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi.

O‘zbekistonning tashkilot mamlakatlari bilan o‘zaro savdosi

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalasi O‘zbekiston uchun ham o‘ta ahamiyatlidir. Shavkat Mirziyoyev 2026 yil may oyidagi norasmiy sammitda bildirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda tashkilotga a’zo mamlakatlarning umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshgan. Uning ta’kidlashicha, bu mamlakatlardagi iqtisodiy o‘sish sur’ati o‘rtacha 6,8 foizni tashkil etgan.

Prezidentning o‘sha nutqida O‘zbekistonning tashkilotga a’zo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi 2025 yilda 14 foizga o‘sib, 11 milliard dollarga yetgani ham alohida qayd etilgan.

Теглар

Мавзуга оид