Logo

Swift xalqaro pul o‘tkazmalarini tezlashtiradigan blokcheyn tizimini ishga tushirmoqda

Global moliya tizimida yangi bosqich boshlanishi mumkin. Swift banklarga xalqaro pul o‘tkazmalarini dam olish kunlari va tunda ham amalga oshirish imkonini beruvchi tizimni sinovdan o‘tkazmoqda.

Swift xalqaro pul o‘tkazmalarini tezlashtiradigan blokcheyn tizimini ishga tushirmoqda © btchaber.com

Swift (Xalqaro banklararo moliyaviy telekommunikatsiya jamiyati) blokcheyn texnologiyasi asosida ishlovchi yangi to‘lov tizimi dastlabki foydalanish bosqichiga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Yangi tizim orqali banklar transchegaraviy pul o‘tkazmalarini kecha-yu kunduz, haftaning istalgan kuni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

Hozirgi xalqaro pul o‘tkazmalari ko‘p hollarda banklarning ish vaqtiga bog‘liq. Shu sababli ayrim operatsiyalar kechasi, dam olish yoki bayram kunlari kechikishi mumkin. Swift yangi texnologiya orqali ushbu cheklovlarni qisqartirishni maqsad qilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 17 ta yirik banki yangi tarmoq orqali real operatsiyalarni sinovdan o‘tkazishga tayyor. Jarayonda «HSBC», «Citigroup», «Bank of New York Mello», «Standard Chartered» va «UBS Group» kabi yirik moliyaviy tashkilotlar ishtirok etadi.

Pul o‘tkazmalari qanday o‘zgaradi?


Yangi tizim tokenlashtirilgan depozitlar asosida ishlaydi. Tokenlashtirilgan depozitlar — bu mijozlarning bank hisobvaraqlaridagi mablag‘larining blokcheyn texnologiyasi orqali o‘tkazish mumkin bo‘lgan raqamli ko‘rinishidir.

Masalan, mijoz bir mamlakatdan boshqa mamlakatga pul yuborganda banklar ushbu mablag‘ harakatini blokcheyn orqali tezroq amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Yakuniy hisob-kitob esa mavjud bank tizimlari orqali tasdiqlanadi.

So‘nggi yillarda banklar blokcheyn asosidagi turli to‘lov yechimlarini sinab kelmoqda. Biroq ularni ommaviy joriy etishda asosiy muammolardan biri har bir tashkilot o‘z tizimini yaratgani va ular bir-biri bilan integratsiyalasha olmasligi (o‘zaro mos kelmasligi) edi.

Swift esa banklar uchun yagona xalqaro infratuzilma yaratib, turli moliyaviy tizimlarni o‘zaro bog‘lashni rejalashtirmoqda.

Bank tizimida yangi davr

Kompaniya kelajakda ushbu tarmoq faqat tokenlashtirilgan depozitlar bilan cheklanib qolmasligini bildirgan. Tizim steyblkoinlar va boshqa raqamli aktivlar bilan operatsiyalarni ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Steyblkoin — dollar yoki boshqa aktivlarga bog‘langan raqamli token bo‘lib, so‘nggi yillarda xalqaro to‘lovlarda undan foydalanishga qiziqish oshib bormoqda.

Jahon moliya bozorida raqamli to‘lovlarga o‘tish jarayoni qiziqish oshib bormoqda. Yaqinda 100 dan ortiq moliyaviy kompaniyalar umumiy steyblkoin loyihasi ustida ish boshlaganini ma’lum qilgan.

AQSHda esa yirik banklar «The Clearing House» boshqaruvida tokenlashtirilgan bank depozitlari va an’anaviy to‘lov tizimlarini bog‘laydigan umumiy tarmoq yaratishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, Swift global moliya tizimining eng muhim infratuzilmalaridan biri hisoblanadi. U dunyoning 200 dan ortiq mamlakat va hududidagi 11 500 dan ziyod bank hamda moliyaviy tashkilotlar o‘rtasida xavfsiz moliyaviy xabar almashuvini ta’minlaydi. Har kuni ushbu tizim orqali millionlab operatsiyalar bo‘yicha trillionlab dollarlik to‘lov ko‘rsatmalari yuboriladi.

Теглар

Мавзуга оид

Swift xalqaro pul o‘tkazmalarini tezlashtiradigan blokcheyn tizimini ishga tushirmoqda | Vaqt.uz