Logo

Talabalar «Xavfsiz talaba» ilovasini o‘rnatishga majburlanayotgani aytilmoqda

Бугун 12:553 дақиқа

Haydovchilarning Safe Road bazasidagi ma’lumotlari tarqatilayotgani va Darknet’da 27 mln o‘zbekistonlikning ma’lumotlari sotuvga chiqarilishi haqidagi tahdidlar sovimasdan turib universitetlarda «Xavfsiz talaba» ilovasi majburan o‘rnattirilayotgani, bu talabni bajarmaganlar darslarga kiritilmayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Vazirlik munosabat bildirdi, iqtisodchi ogohlantirdi.

Talabalar «Xavfsiz talaba» ilovasini o‘rnatishga majburlanayotgani aytilmoqda © vaqt.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va boshqa oliy ta’lim tashkilotlarida «Xavfsiz talaba» ilovasini o‘rnatmagan talabalar darslarga kiritilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga Ta’lim va ilm-fan vazirligi matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev munosabat bildirdi.

Uning yozishicha, vazirlik ushbu holatni nazoratga olib, tezkor o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Ayni paytda ishchi guruh o‘rganish ishlarini boshlagan.

Vazirlik talabalarning ta’lim olish huquqi va o‘quv jarayoni uzluksizligi ta’minlanishi shartligini ta’kidladi.

Tarmoqlarda dastlab O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari ilovani o‘rnatmaguncha darslarga kiritilmayotgani aytilgan video tarqaldi. Shundan so‘ng bir qator OTMlarda ham shunga o‘xshash holat kuzatilayotgani aytildi. Xususan:

«Diplomatiya universitetida har bir talaba qanaqadir “apk” ilovasini o‘rnatishga majburlanyapti. 2 haftadan beri shu holat, hech tinchlik yo‘q, yana qaysidir kun kelib “xavfsiz talaba” deganini ham majburan o‘rnatib ketishgandi», — deya yozadi JIDU talabalardan biri.

Bundan tashqari Toshkent davlat yuridik universitetida ham talabalar bilan shunday vaziyat ro‘y berayotgani aytilmoqda.

«Men Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qiyman. “Xavfsiz talaba” degan ilovani bizga ham aytishyapti. Lekin hozircha majburlash yo‘q. Faqat iltimos, o‘rnatinglar deyishmoqda», — deya yozadi universitet talabasi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov holatga munosabat bildirar ekan, ilovani yasash va majburlab o‘rnattirish avvalgi ma’muriyatdan qolgan meros ekanini aytdi.

«Balki talabalarga nisbatan boshlangan bu telba-teskari ishlardan ta’limda qattiq vertikal o‘rnatayotgan supervazirimizning xabarlari yo‘qdir. Balki “Xavfsiz talaba” atamish ilovani yasash va majburlab o‘rnattirish avvalgi ma’muriyatdan qolgan yomon merosdir, balki universitetlar rahbariyatining o‘zlari sherikchilikdadir? Nima bo‘lganda ham, supervazirimizning universitetlarimizda bo‘layotgan bunday noma’qul ishlarga munosabati juda muhim. Umuman olganda esa, turli vazirlik va idoralarning sherik va cho‘ntaklari bilan ilova yasash, ma’muriy resurslaridan foydalanib majburlab yuklattirish kabi jirkanch va qonuniyligi shubha ostidagi ishlarga chek qo‘yish kerak. Shu o‘rinda Antikorrupsiya agentligi taqdimnomalar tarqatishdan bo‘shagan vaqtda yoqimsiz isi butun dunyoga yetayotgan “ilova ishlari” bo‘yicha hech bo‘lmasa, o‘z munosabatini bildirsa bo‘lardi» — deya yozadi u.

U O‘zbekistonda haqlari cheklangan yoki ma’lum ma’noda ma’muriy qaram bo‘lgan talabami, fermermi, o‘qituvchimi yo shifokormi, o‘ziga majburlab tiqishtirilayotgan «himoyalovchi ilovalardan» shaxsiy ma’lumotlari shikastlanishi yoki boshqa noxush oqibatlar ehtimoli yuqori bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

«O‘z shaxsiy ma’lumotlaringizni o‘zingiz asrang!» — deya ogohlantirdi iqtisodchi.

So‘nggi kunlarda o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari tarqalayotgani bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda. Dastlab haydovchilarning Safe Road bazasidagi ma’lumotlari sizib chiqqani aytildi. Bundan tashqari tarmoqlarda inDrive, Lada Auto, KiwiTaxi, Fargo, Maktab.uz, Andalus va boshqa xizmatlarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bazalari tarqatilayotgani haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi.

Keyinchalik esa o‘zini «BUTTERFLY» deb ataydigan xakerlar guruhi Adliya vazirligi huzurida faoliyat yuritgan sobiq Personallashtirish agentligining ma’lumotlar bazasiga kirgani va 27 milliondan ortiq fuqaroning ma’lumotlarini qo‘lga kiritganini da’vo qildi. Xakerlar o‘z da’volariga dalil sifatida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning shaxsiy ma’lumotlarini e’lon qilgan.

Теглар

Мавзуга оид