Logo

Tojikiston Erondan 2,5 mln tonna neft, benzin va dizel so‘radi

Бугун 17:452 дақиқа

Geosiyosiy vaziyat sababli Tojikistonga yonilg‘i yetkazib berish hajmi kamaygan. Avval respublika yonilg‘ining 80 foizdan ortig‘ini Rossiyadan olgan.

Tojikiston Erondan 2,5 mln tonna neft, benzin va dizel so‘radi © Foto: Asia-Plus

Tojikiston mamlakat ichki bozorini yonilg‘i bilan ta’minlashda yuzaga kelgan muammolar fonida Erondan 2,55 mln tonna xom neft va neft mahsulotlari yetkazib berishni so‘radi. Bu haqda respublika Transport vazirligi ma’lum qildi.

So‘ralgan hajm tarkibiga 2 mln tonna xom neft, 300 ming tonna dizel, 150 ming tonna benzin va 100 ming tonna aviatsiya yonilg‘isi kiradi. Ushbu mahsulotlarni tashish uchun taxminan 51 mingta temiryo‘l sisternasi kerak bo‘ladi.

Bu masala 15-avgust kuni Tehronda Tojikiston transport vaziri Azim Ibrohim va Eron yo‘llar va shaharsozlik vaziri Farzona Sodiq o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilindi. Ibrohimning aytishicha, geosiyosiy vaziyat sababli Tojikistonga yonilg‘i yetkazib berish hajmi kamaygan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avval respublika yonilg‘ining 80 foizdan ortig‘ini Rossiyadan olgan. Endi esa Dushanbe yonilg‘i ta’minotida muqobil manbalardan faolroq foydalanmoqchi.

Tojikiston tomoni Erondan yonilg‘i tashish uchun sisternalardan maxsus poyezdlar shakllantirishni hamda ularni Eron temiryo‘llari orqali ustuvor tartibda o‘tkazish uchun «yashil yo‘lak» tashkil etishni so‘radi. Bundan tashqari, Dushanbe Eronning Chobahor portidagi «Tojikiston» logistika markazi uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratishni, tojikistonlik avtomobil tashuvchilarining muammolarini hal qilishni hamda Eronga parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirayotgan «Somon Air» aviakompaniyasiga samolyotlarga xizmat ko‘rsatish, yonilg‘i quyish va sug‘urta xarajatlari bo‘yicha chegirmalar berishni so‘radi.

Farzona Sodiq ko‘tarilgan masalalarni hal qilishda yordam berishga tayyorligini bildirdi. Buning uchun tomonlar idoralararo ishchi guruhlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston iyul oyida qo‘shni davlatlardan yonilg‘i importini uch barobar oshirgandi.

Теглар

Мавзуга оид